Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Oila deganda, koʻz oldimizga har bir soʻzi ibrat sabogʻi boʻlgan boboyu buvilar, mehrli nigohida hayotchanlik balqib turgan ota-onalar, ahil-inoq aka-uka, opa-singillar, bir-biridan shirin bolajonlarning shod-xurramligi fayz kiritgan oshyon keladi. Aslida oila ana shunday hayot davomiyligini taʼminlovchi muqaddas dargoh. Unda hurmat-izzat, mehr-oqibat, kindik qoni tomgan ona Vatanga sadoqat, jonga jondosh millat taqdiriga daxldorlik hissi bilan el ishiga yelka tutishdek chin insoniy fazilatlar shakllanadi. Avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan milliy qadriyatlar, anʼanalar ham shu dargohda qalbga yanada chuqurroq oʻrnashadi.
Tarixga yuzlansak, ota-bobolarimiz ham oila qoʻrgʻoni, uning mustahkamligini saqlashga katta eʼtibor bilan qaraganiga amin boʻlamiz. Xususan, buyuk allomalarimiz Mahmud Qoshgʻariy, Ahmad Yugnakiy, Kaykovusdan tortib Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulugʻbek oʻz asarlarida oilaviy masalalar, xususan, oila aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar, bola tarbiyasida ota-ona, bobo-buvining oʻrni, komil va vatanparvar shaxsni yetishtirishda oilaning ahamiyatiga alohida yondashgan. Ular oʻzlarining ibratli hikoyat, rivoyat, farzandlarga maktub, hikmatli soʻz, pand-nasihatdan iborat sheʼrlarida bu qoʻrgʻonni asrash, muqaddas deb bilish haqidagi hayotiy xulosalarini yozib qoldirgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2014–2016 yillarda 3 ming 604 ta, 2017–2019 yillarda 2 ming 668 ta, jami 6 ming 272 ta xonadondan iborat «Yoshlar uylari» yosh oilalarga ajratilgan. 2020 yilda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2149 ta uy-joy ajratilishi belgilangan.
Hatto sohibqiron Amir Temur bobomizning «Oʻgʻillarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirish tashvishida kelin izlamoqqa eʼtibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng koʻrdim. Kelin boʻlmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sogʻliq-salomatligini, jismonan kamolotini aniqladim. Kelin boʻlmish nasl-nasabi, odob-axloqi, sogʻlom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan xoli boʻlsagina, el-yurtga toʻy-tomosha berib, kelin tushirdim», deya bildirgan taʼkididagi «Bu ishni davlat yumushlari bilan teng koʻrdim» jumlalarida uning ertasi mustahkam boʻlishi uchun qaygʻurish borligini anglash qiyin emas. Zero, axil-inoq, tinch-totuv oshyonda odob-axloqi goʻzal, jismonan va maʼnan yetuk farzandlar kamolga yetadi.Har jihatdan barkamol avlod esa yurtning ertasi, ishonchi, yorugʻ kelajagidir.
Shu oʻrinda soʻnggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatimizdagi har bir oilaning baxtli yashashini taʼminlashdek ezgu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanligini taʼkidlash oʻrinlidir. Namunali oila mezonlarini hayotga joriy etish, oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi «Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori ayni kunlardagi amaliy ishlarda dasturulamal boʻlmoqda, desak, toʻgʻri boʻladi.
Ayniqsa, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularga eʼtibor hamisha yurtimizdagi islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biridir. Shu oʻrinda Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligining eng yirik loyihalaridan biri mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashga qaratilgan «Yoshlar uylari» loyihasi ekanligini taʼkidlash joiz.
Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash boshqarmasi tomonidan yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, erta tugʻuruqlarning oldini olish, tarbiyasi ogʻir voyaga yetmaganlar, notinch oilalar farzandlari va ularning ota-onalari bilan tizimli ishlash boʻyicha har bir viloyatning oʻziga xos xususiyatiga qarab, «Yoʻl xaritasi» ishlab chiqilgani ushbu yoʻnalishdagi turli muammolarning oldini olishda qoʻl kelmoqda. Ayniqsa, «Har bir oila – tadbirkor», «Yoshlar – kelajagimiz» dasturlari aholi bandligini taʼminlash, xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda ayni muddao boʻlmoqda. «Ibratli oila», «Kitobxon oila», «Yosh kitobxon oila» singari tanlovlar esa har bir oilaning kattayu kichik aʼzosi qalbiga jo boʻlgan kitob, adabiyot singari qimmatli maʼnaviy xazinani yanada boyitish, oʻzbekona tarbiyaning oʻziga xos jihatlarini mushohada etish imkonini yaratmoqda.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, oʻtgan yili «Ibratli oila» tanlovining mahallalararo, tuman (shahar) hamda viloyat bosqichlarida jami 23 941 ta oila ishtirok etgan va 42 ta oila gʻoliblikni qoʻlga kiritgan boʻlsa, hozirda yurtimizdagi 3500 ta oila «Kitobxon oila» tanlovining faol ishtirokchisiga aylangan.
Shuningdek, yurtimizda aholini ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlash maqsadida «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» shakllantirilishi ham mavjud muammolarni atroflicha oʻrganib chiqish va ularni bartaraf etishda oʻzining samarasini berayotganini alohida taʼkidlash joiz. Qolaversa, sektorlarda ishning «mahallabay», «oilabay» «fuqarobay» tizimida tashkil etilayotgani ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, oilalarning ahvolini yaxshilash va yechimini kutayotgan masalalarni ijobiy hal etishda qoʻl kelmoqda.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan ichki ishlar organlarida joriy etilgan yangi tuzilma – xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlar muammoli oilalarga manzilli koʻmaklashish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirishda oʻziga xos tuzilma sifatida xalqimiz hayotiga singib ulgurdi. Ushbu vazifada ishlayotgan xodimalar kundalik hayotida ijtimoiy-huquqiy masalalarda muammolarga duch kelib, uning yechimlarini izlayotgan xotin-qizlarning maʼlum maʼnoda sirdoshi, maslahatgoʻyiga aylandi. Ayniqsa, tazyiq va zoʻravonlikka uchrasa-da, oilaviy muammoni ostona hatlab koʻchaga olib chiqmay, sabr bilan hayot kechirayotgan xotin-qizlarga himoya orderi berilayotgani sodir etilishi mumkin boʻlgan noxush holatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Yoshi ulugʻlar yangi oila qurayotgan yoshlarni har gal duo qilar ekan, «Qoʻshgani bilan qoʻsha qarisin», deya ezgu tilak bildirishadi. Bu tilakda ikki yoshning baxt-saodati, kamoloti, jamiyatning mustahkam oilalaridan biri boʻlishidek qator xayrli istaklar mujassam. Aslida ham shunday, har bir inson oila qurar ekan, u oilasi tinch, hayoti farovon boʻlishini istaydi. Oilasidan koʻngli xotirjam kishigina jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlib, unga naf keltiradi. Bundan yagona va toʻgʻri xulosaga kelish mumkin: mustahkam oila – jamiyat koʻrkidir.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» muxbiri.
