«Yeng ichida»gi evrilishlar
Afsuski, mana shunday ulkan saltanatlarga asos solgan sarkardalar, jahon ilm-fani va madaniyatiga bebaho hissa qoʻshgan allomalarga beshik boʻlgan yurtda dastlab Chor imperiyasi, keyinchalik sovetlar davrida olib borilgan siyosat natijasida xalqimiz oʻzining asl tarixini qariyb unutayozdi.
Istilochilar turkiylardagi jangovar ruhni susaytirish, isyon va qoʻzgʻolonlarning oldini olish uchun, eng avvalo, ularni maʼnaviyati, milliy hislaridan mosuvo qilishga zoʻr berib harakat qilishdi. General-gubernator
M. Skobelevning «Millatni yoʻq qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatini, sanʼatini, tilini yoʻq qilsang bas, tez orada oʻzi adoyi tamom boʻladi...» degan soʻzlari Turkistondagi mustamlakachilik siyosatining mohiyatini ochib beradi. Ayniqsa, sovetlar hukmronligida oʻtgan yetmish yildan ortiq davr mobaynida rejali tarzda xalqimiz maʼnaviyatiga qarshi olib borilgan siyosat natijasida ular bu niyatiga maʼlum darajada erishdi ham.
Garchi sobiq Ittifoq barcha millatlarning tengligi haqida gapirilsa-da, aslida «yeng ichida» bu xalqlarga qarshi, ularni kamsitish, ittifoq tarkibida majburan va doimiy nazoratda ushlab turish siyosati olib borildi. Bu siyosat sovet davrining eng soʻnggi kunlariga qadar amalda boʻldi.
Oʻzlikni anglash sari yoʻl
Istiqlol yillarida Oʻzbekistonda milliy tariximizni xolisona oʻrganish, turli tazyiqlarga qaramay, asrlar osha yashab kelgan milliy qadriyatlarimizni, boy maʼnaviy merosimizni qayta tiklash, bir soʻz bilan aytganda, uzoq yillik mustamlaka zulmidan ezilgan xalqqa oʻzligini anglatish va tarixiy adolatni tiklash borasida koʻplab ezgu ishlar amalga oshirildi. Milliy madaniyatimizga, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga buyuk hissa qoʻshgan bobolarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband, Xoʻja Ahmad Yassaviy, Al-Xorazmiy, Al-Fargʻoniy, Ibn Sino, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur va boshqa koʻplab ajdodlarimizning ilmiy va maʼnaviy merosi xalqimizga qaytarildi, tavallud topgan kunlari butun mamlakat, hatto xalqaro miqyosda keng nishonlandi, asarlari qayta-qayta nashr etildi.
Vatanimiz ozodligi yoʻlida shahid ketgan maʼrifatparvarlar – Abdulla Avloniy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat, Usmon Nosir, Fayzulla Xoʻjayev va boshqa xalq jigarbandlarining pok nomlari tiklanib, asarlari chop etildi.
2000-yil 12-may kuni Toshkentda mustamlakachilik davri qurbonlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui, 2002-yil 31-avgustda esa ushbu majmua hududida «Qatagʻon qurbonlari xotirasi» muzeyi tantanali ravishda ochildi va 31-avgust mamlakatimizda «Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni» deb eʼlon qilindi.
Navroʻz bayrami, Ramazon va Qurbon hayitlarining keng nishonlanishi, uzoq yillar eʼtiborsiz qolgan tarixiy obidalar, masjid-u madrasalarning tiklanishi, ziyoratgohlarning qayta taʼmirlanib, obod qilinishidan ham aslida milliy maʼnaviyatimizni yuksaltirish, oʻzligimizni anglash maqsadi koʻzlangan, desak, xato boʻlmaydi.
Xalqning qaddini
gʻurur tiklaydi
Bu kabi ezgu ishlar bugungi kunda ham davom ettirilmoqda. Zero, hozirgi murakkab va tahlikali davrda mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, tariximizning nomaʼlum sahifalarini tiklash va ilmiy nuqtai nazardan chuqur oʻrganish, maʼrifatparvar bobolarimizning Vatan ozodligi va yurt taraqqiyoti haqidagi gʻoyalarini taʼbir joiz boʻlsa «qayta tiriltirish», ularning jasorati va matonati misolida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuygʻusini, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish nihoyatda muhim ahamiyatga ega.
Prezidentimizning qator farmon va qarorlariga asosan maʼrifatparvar bobolarimizning muqaddas orzularini roʻyobga chiqarish, mamlakatimizda yangi – uchinchi Renessans poydevorini yaratish strategik vazifa qilib belgilandi. Xususan, 2020-yil 8-oktabrdagi «Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoyish hamda 2024-yil 19-iyuldagi «Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida»gi qarorlar bu boradagi ezgu ishlarni sifat va koʻlami jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga zamin yaratdi.
Behbudiy, Choʻlpon, Munavvar qori, Ibrat, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Gʻulom Zafariy kabi jadid bobolarimiz, Islomxoʻja, Bahodir Yalangtoʻsh kabi davlat arboblarining hayoti va faoliyati haqida hujjatli va badiiy filmlar tayyorlanishi, jadidlar faoliyatiga oid koʻplab yangi tadqiqotlar va kitoblarning nashr qilinishi, spektakllarning namoyish etilishini bunga misol qilib keltirish mumkin.
Bu boradagi ishlar huquqiy jabhada ham davom ettirilib, 2021–2024-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 1 ming
200 dan ziyod siyosiy qatagʻon qurbonlarining oqlanganini mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hamda madaniy hayotida katta voqea, tom maʼnoda, tarixiy adolatning tiklanishi, deyish mumkin. Eng asosiysi, istiqlol yillarida tarixiy adolatning tiklanishi natijasida xalqimizga qaytarilgan buyuk ajdodlarning maʼnaviy merosi, ibratli hayoti, oʻz jonini ayamasdan Vatan ozodligi yoʻlida koʻrsatgan jasorati yangi Oʻzbekistonni qurishda xalqimizga juda katta maʼnaviy kuch-qudrat bagʻishlamoqda.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, ana shu buyuk tariximizdan saboq olgan, ajdodlarimizning pok nomlarini tanigan yoshlarning ularga munosib avlod boʻlishga intilishi, milliy gʻururi baland, chinakam vatanparvar shaxs sifatida kamol topishi shubhasiz.
Elbek NORMOʻMINOV,
mayor.
