Mustaqillik eʼlon qilingandan buyon oʻzbek xalqi oʻz taqdirini oʻzi mustaqil ravishda belgilashdan iborat boʻlgan huquqni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Mustaqillik asrlar mobaynida uning uchun kurashib kelgan xalqqa keng tarixiy imkoniyatlar ochib berdi. Istiqlolning dastlabki yillari Oʻzbekistonda faol milliy davlat qurilishi, xalqning milliy oʻzligini anglashning ortishi, koʻp asrlik maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarining qayta tiklanish davri boʻldi.
Mustaqillik Oʻzbekiston xalqiga qaddini baland tutish, oʻz yerining haqiqiy xoʻjayini deb his qilish, oʻzbek xalqiga chinakam qadr-qimmat tuygʻusini, til va maʼnaviyatini qaytarish imkonini berdi. Istiqlol Oʻzbekiston avval boshdanoq u milliy davlat qurilishining asosiy ustuvor yoʻnalishi sifatida demokratiya qadriyatlarini, shaxsning huquq va erkinliklarini taʼminlash, erkin bozor iqtisodiyotini yaratish yoʻlini tanladi.
Hozirgi dunyo globallashuvi jarayonida har bir davlat oʻzligini saqlab qolishi, oʻz mustaqil siyosatini yuritishi katta va murakkab masala. Ammo Oʻzbekiston buni uddalamoqda. Bu haqiqatni Prezidentimizning nufuzli xalqaro anjumanlarda bildirayotgan dolzarb masalalardagi amaliy takliflari xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotgani ham isbotlab turibdi.
Bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan «Yangi Oʻzbekiston» gʻoyasi zamirida ulugʻ ajdodlarimiz, alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari mujassam.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda muhim Uygʻonish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun «Yangi Oʻzbekiston» va «Uchinchi Renessans» soʻzlari hayotimizda oʻzaro uygʻun va hamohang boʻlib yangramoqda, xalqimizni ulugʻ maqsadlar sari ruhlantirmoqda. Yurtimiz qiyofasi shiddat bilan oʻzgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini har qachongidan ham koʻproq his etmoqdamiz. Ayniqsa, «inson huquq va erkinliklari», «qonun ustuvorligi», «ochiqlik va oshkoralik», «soʻz erkinligi», «din va eʼtiqod erkinligi», «jamoatchilik nazorati», «gender tenglik», «xususiy mulk daxlsizligi», «iqtisodiy faoliyat erkinligi» singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy koʻnikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani eʼtiborlidir.
Xalqimiz hayotida majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambagʻallik, korrupsiya, aholini uy-joy bilan taʼminlash, taʼlim va tibbiyot bilan bogʻliq muammolar mavjudligini ochiq tan olib, ular keng jamoatchilik bilan birgalikda bartaraf etilmoqda. Bugun odamlarda adolatga, haqiqatga ishonch paydo boʻlmoqda. Ular turli darajadagi rahbar va mansabdorlarning ish faoliyatiga xolisona baho bermoqda, kamchiliklarni oshkora tanqid qilmoqda.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida soʻz ketganda «Yangi Oʻzbekiston» iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qoʻyganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning eʼtirofidir.
Oʻtgan tarixan qisqa davrda mamlakatimizning Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy oʻrni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda Yangi Oʻzbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi. Yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlari, erkinlik va manfaatlarini amalda taʼminlash, bozor iqtisodiyoti prinsiplarini rivojlantirish orqali xalq farovonligini oshirish, tashqi siyosat sohasida Markaziy Osiyo mintaqasida doʻstlik va hamkorlik ruhini kuchaytirish, dunyodagi rivojlangan davlatlar qatoriga kirish Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.
Birinchi navbatda, qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarimizda yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar hal etildi. Qoʻshni – qoʻshnisi bilan, aka – ukasi, ota – bolasi, qarindosh – qarindoshi bilan uzilib qolgan aloqalarni tiklab, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga emin-erkin borib kela boshladi. Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarimiz jadal rivojlanib bormoqda.
Yana bir muhim tomoni shundaki, Oʻzbekiston bugun oʻzining uzoqni koʻzlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligimiz yangi bosqichga koʻtarildi.
Maʼlumki, ushbu davr – «Yangi Oʻzbekiston», «Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi» degan nomlar bilan Vatanimiz tarixida, jahon hamjamiyati bilan munosabatlarimiz silsilasida gʻoyat muhim oʻrin egallab kelmoqda. Bu davr – Oʻzbekistonni, jamiyatimiz hayotidagi siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarni butunlay oʻzgartirgan, mamlakatimizni yangi, demokratik qiyofada jumlai jahonga tanitgan davrdir.
Odatda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz borganda, davlatimiz rahbari kamtarlik bilan: «Biz hali izlanishdamiz, oʻrganishdamiz», deb bu yoʻlda oldimizda bir-biridan muhim va dolzarb vazifalar turganini taʼkidlaydi. Chindan ham, hozirgi vaqtda yurtimizda mamlakat yetakchisidan tortib barcha boʻgʻindagi rahbarlar yangicha sharoit, yangicha muhitda ishlashga, izlanib, oʻrganib, xalq bilan muntazam muloqot asosida faoliyat yuritishga intilmoqda.
Yangi Oʻzbekiston – «inson qadri uchun» degan ezgu gʻoya amalga oshayotgan ijtimoiy makondir. Ijtimoiy davlat barpo etishdan maqsad, birinchi navbatda, har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishishdir.
Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda: «Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi – maʼnaviyatdir. Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishda ana shu ikkita mustahkam ustunga, yaʼni, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyotga hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyatga tayanamiz».
Gʻayratulla Shukurov,
oʻz muxbirimiz.
