Ochigʻi, qoyil qoldim. Mana oʻz ona tili uchun fidoyilik. Oddiy nemis oʻqituv­chisining til sofligi uchun jon kuydirishini qarang. Bizda-chi? Afsuski, biz tilimizni himoya qilish boʻyicha baʼzi jurnalist va soha mutaxassislarining kuyunchaklik bilan yozayotgan maqolalaridan boshqa nimani misol qilib koʻrsata olishimiz mumkin?

Poytaxtmi yoki viloyat mar­kazlari koʻchalarida yurgan kishi xorijiy mamlakatga kelib qoldimmi, deb oʻylashi shubhasiz. Oʻntadan bitta reklama oʻzbekcha boʻlmasa, qolganlari boshqa tillarda yozilgan. Oʻzaro muloqotlari­miz esa koʻp hollarda shevada. Buyam mayli. Ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalar­ning gʻij-gʻij xatoligidan bularni savodi bormi oʻzi, degan oʻyga borasan. Eng yomoni esa oʻz tilimizni farzandlarimizga oʻzimiz tarjima qilib beradigan darajaga yetib keldik.

Ustiga-ustak, markaziy televideniyening rasmiy kanallaridayam xatolar tez-tez koʻzga tashlanayotgani bor gap. Ayrim suxandonlar sof adabiy tilda soʻzlay olmaydi. Vaholanki, gazeta, jurnal, radio va televideniye oʻzbek adabiy tilining bosh targʻibotchisi hisoblanadi. Hali-hanuz yoshlar ulardan ulgi, ibrat oladi. Yozgan soʻzlarini bosma nashrlarda yozilganiga solishtirib toʻgʻrilashadi. Bundan 30–35-yillar oldin butun boshli gazetada 2 yoki 3 ta orfografik xato oʻtsa, navbatchi va masʼullar jazoga tortilganini biz yaxshi eslaymiz. 

Afsuski, bugun unday emas. Ayniqsa, teleboshlovchi va radiosuxandonlarning koʻpchiligi urgʻudan deyarli foydalanishmay qoʻyishdi. Natijada gapdagi jumla mazmuni tushunarsiz boʻlib qolayotgani sir emas. Baʼzi teatr aktyorlari boshlovchilik qilayotgan koʻrsatuvlarda «koʻcha soʻzlari» ishlatilayotgani achinarli holdir.

Ayniqsa, axborotni teletomoshabin yoki radiotinglov­chiga yetkazishda matnning til qoidalariga toʻlaqonli rioya qilinmagan holda tuzilishi, gap maʼnosini keskin oʻzgartirib yuboryapti, toʻgʻrini oʻgʻriga aylantirib qoʻy­moqda. 

Masalan, yaqinda «Axborot-24»da bir xabar quyi­dagi tarzda mazmunan notoʻgʻri uzatildi: «Fargʻona viloyatida huquq-tartibot idoralari hamkorligida xalqaro miqyosda juda katta pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi».

Eshitgan shunchaki «Ha, bir jinoiy guruh fosh etilibdi-da», deb qoʻyishi mumkin. Ammo til qoidalarini biluvchilar va mutaxassislar «Tavba, nahotki huquq-tartibot idoralari jinoyatchilarga qoʻshilib ular bilan birga jinoyat sodir etishgan boʻlsa-ya?!», degan fikrga borishi va bundan taajjublanishi tayin. Bu toʻgʻrini oʻgʻriga aylantirish emasmi?!

Chunki, aslida gap quyi­dagicha tuzilishi kerak edi: «Fargʻonada xalqaro miqyosda juda katta miqdorda pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati viloyat huquq-tartibot idoralari hamkorligida fosh etildi». 

Shuning uchun biz tilga eʼtiborni nemislar singari maktabdan boshlashimiz kerak. Qolaversa, gazeta, jurnal va kitoblarda jumlalar notoʻgʻri tuzilsa, savodxonlik borasida aksil targʻibot boʻlib qolishi hech gap emas.

Xususiy kanallarda-ku, har kim xohlagan shevasida gapirishi odamlar gʻashiga tegayotgani sir emas. Ayniqsa, seriallar shunchalik shevalashib ketdi-ki, ulardan ayrim soʻzlarni tushu­nib boʻlmay qoldi. Maxsus koʻrsatuvlarda ayrim boshlovchilar ruscha aralash soʻzlayapti. Ularning fikrlarida mantiq, bir-biriga bogʻliqlik yoʻq.

Bir vaqtlar taniqli jurnalist (rahmatli) Mahmud Saʼdiy yoqilgʻi moylash materiallari bilan yonilgʻi moylash materiallari oʻrtasida katta farq bor, deb kuyungan edi. Bugun bular haqida gapirilmay ham qoʻydi. Eʼtiborsizligimiz tufayli «bejiz» «bejizga», «tili» «tilisi», «litseyi» «litseysi», «oʻqilgan» «oʻqilingan» hamda «tugʻilgan» «toʻgʻilgan» tarzida talaffuz qilinyapti.

 Bir poliklinikada koʻrdim: «Korrupsiya burchagi» deb yozib qoʻyibdi. Toʻgʻrini oʻgʻriga aylantirish mana shu yozuvda ham oʻz aksini topgan, shekilli. Bu yozuvdan «Shu joyda korrupsiya bilan shugʻullanish kerak», degan maʼno chiqmaydimi?..


Shuhrat ROʻZIYEV,

jurnalist.