Maʼrifat va maʼnaviyat darsi

Mehr-oqibat va muruvvat kabi qadriyatlarni oʻzida ifoda etadigan Navroʻz eng qadimiy bayramlardan hisoblanadi. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, ushbu bayram 3 ming yildan ortiq tarixga ega. 

Xususan, Navroʻz haqida «Avesto»da koʻklam giyohlari unib, daraxtlar kurtak ota boshlagach, oʻsha atrofdagi qora kuchlar mahf boʻlishi aytiladi.

Alisher Navoiy kun bilan tun tenglashgan (Quyosh taqvimi bilan 21-mart) pallani shunday izohlaydi: Yuz ochib bildirdi qad birla sochi teng erkanin, Zohir oʻlgʻondek tun-u kun tengligi Navroʻzdin.

Umar Xayyom «Navroʻznoma» asarida: «Qachonki, Hamal qoshidan oʻz aylanish davri boʻylab yoʻlga chiqqan oftobni osmon yana uyiga qaytarib keltirsa, uning boshqatdan falak sayriga chiqishdan boshlab olamni oʻzgartirib yuboradigan yangi tarix boshlanadi», deb yozadi. Al-Hakim at-Termiziy esa oʻzining «Navroʻznoma» asarida Navroʻz va Navroʻz bayrami tafsilotlari barobarida uning kelishi haftaning qaysi kunlariga toʻgʻri kelsa, yilning qanday kechishini, dehqonchilik, savdo-sotiq hamda boshqa sohalarda tabiat va zamonning avzoyini osmon yoritkichlari harakatlari orqali asoslab beradi.

Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Mahmud Qoshgʻariyning «Devonu lugʻotit-turk», Firdavsiyning «Shohnoma», Abu Bakr Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarlarida ham Navroʻz haqida maʼlumotlar koʻp. 

Islom tarixiga oid manbalarda ham ushbu kunga oid tushunchalar keng qoʻllanilganiga guvoh boʻlamiz. Xususan, ulugʻ ulamolarimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning anʼanaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navroʻzni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, «Fatvoi zahiriya»da shunday deyiladi: «Navroʻz uch xildir: Navroʻzi Jamshidiy, Navroʻzi Majusiy va Navroʻzi Sultoniy. Navroʻzi Sultoniyni oʻtkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yoʻqdur».

Navroʻzi Jamshidiy afsonaviy shoh Jamshid nomiga borib taqalsa, Navroʻzi Sultoniy mashhur Saljuqiy hukmdor Jaloliddin Malikshoh nomi bilan bogʻliq. Shu bilan birga, Sosoniylar hukmdori Piruz davrida ham transformatsiya yuzaga kelib, bayram Navroʻzi Piruzi sifatida nom olgan. Ammo nom oʻzgarishiga qaramasdan, asl mohiyat oʻzgarmagan va bu kun yangi yilning boshlanish sanasi sifatida nishonlab kelingan.

Navroʻz bayrami Afgʻoniston, Albaniya, Bahrayn, Eron, Hindiston, Iroq, Livan, Ozarbayjon, Pokiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Suriya, Tojikiston, Turkiya, Turkmanistonda va Rossiya Federatsiyasining ayrim mintaqalarida keng nishonlanadi.

Mamlakatimizda Navroʻz bayrami rasman 1990-yildan boshlab keng nishonlanib kelinadi. Shuningdek, ushbu yildan eʼtiboran 21-mart kuni Navroʻz umumxalq bayrami va dam olish kuni sifatida belgilandi.

Mazkur bayram 2009-yil 30-sentabrda insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi sifatida YUNESKO tomonidan umumjahon nomoddiy madaniy meroslar roʻyxatiga kiritildi. Shuningdek, 2010-yilning 19-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida 21-mart «Xalqaro Navroʻz kuni» deb eʼlon qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlab oʻtganidek, soʻnggi yillarda «Navroʻz oʻzining oʻlmas ruhi, umum­insoniy gʻoyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur oʻrin egallamoqda». Albatta bu bejiz emas. Chunki Navroʻz bayrami turli xalqlar oʻrtasidagi madaniy aloqalar va oʻzaro hamjihatlikni ragʻbatlantirish, qoʻni-qoʻshnichilik munosabatlari, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Bu yilgi bayram shodiyonalari «Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!» degan gʻoya asosida umumxalq sayllari shaklida yuqori saviyada keng nishonlanadi.

«Navroʻz» bayramining ijtimoiy-siyosiy ahamiyatini quyidagilarda koʻrish mumkin:

Birinchidan, mazkur bayram davlatchilik haqidagi qarashlarning ilk kurtaklarini oʻzida aks ettiradi. Navroʻz bu tarixan ajdodlarimiz udumlarini ulugʻlab, qomusiy bir tizimga solgan, xalqimizning jipslashishi va davlatchilik tushunchalarining shakllanish jarayoni bilan chambarchas bogʻliqdir.

Ikkinchidan, Navroʻz yer yuzining katta hududlari, xususan Xitoydan to Bolqon davlatlariga qadar choʻzilgan mintaqada istiqomat qilib kelayotgan xalqlar tomonidan birdek nishonlanuvchi bayramdir. Ushbu bayramning doimiy va keng miqyosda nishonlanishi dunyoning bir nechta davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarga ijobiy taʼsir qiladi.

Uchinchidan, Navroʻz asrlar davomida shakllangan anʼana va qadriyatlarni saqlash va kelajak avlodga yetkazishga katta hissa qoʻshadi. Bu orqali esa, turli avlodlar oʻrtasida oʻziga xos muloqoti shakllanadi.

Toʻrtinchidan, Navroʻz umumxalq bayrami sifatida ahillik, oʻzaro birdamlik, mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlarni kuchaytirish va insonlarni vatanparvarlik, mehnatsevarlik, tinchliksevarlik, millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Shunday ekan, bu bayram umrboqiy qadriyatlarimiz sirasiga kiradi. Barchamizga yangilanish, yasharish ayyomi – Navroʻzi olam muborak boʻlsin.

Shuhrat ROʻZIYEV,

oʻz muxbirimiz.