Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Ona zamin uzra koʻklam nafasi taralib, qalb­larda oʻzgacha orziqish, koʻtarinki kayfiyat, shod-u xurramlik va ezgu niyatlar butun borliqqa koʻchib, yangilanish, yasharish ayyomi – Navroʻzi olam bilan hamohanglik kasb etadi. Ming yillar davomida maʼnaviy hayotimizning koʻrk-u ziy­nati boʻlib kelayotgan bu fayziyob bayram kun bilan tunning tenglashuvi, kunlarning uzayib, bogʻ-u rogʻ, dalalarga rizq-roʻz qadash, mehnatning boshlanishidir.

 

Tarixiy manbalarda «Yangi kun» maʼnosini beruvchi ushbu qadim va boqiy bayram hamda uning nishonlanishi haqida turli maʼlumotlar bor. Xususan, Abu Rayhon Beruniyning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», Mahmud Qoshgʻariyning «Devonu lugʻotit turk», Firdavsiyning «Shohnoma», Umar Xayyomning «Navroʻznoma» kabi asarlarida Navroʻzni bayram sifatida nishonlash miloddan avvalgi VI–V asrlarda boshlanganiga oid koʻplab maʼlumotlar yozib qoldirilgan.

 Navroʻzning qahraton qishning qirovli kunlaridan keyin odamlar bahorning muattar havosidan toʻyib nafas olayotgan pallada nishonlanishi zamirida ham katta maʼno mujassam. Ayniqsa, musaffo osmon uzra saxiy quyosh­ning charaqlab nur sochishi, qir-u adirlar yam-yashil oʻt-oʻlanlar, boychechak-chuchmoma, lolaqizgʻaldoqlarga burkanib, yangi kun, bahorni olqishlayotgan qushlarning yoqimli ovozi har qanday inson ruhiyatiga koʻtarinkilik bagʻishlab, mehnat qilishga, yaratuvchanlik ishqi bilan yashashga chorlaydi.

Yosh-u qari birdek orziqib kutadigan va katta tantana bilan nishonlanadigan Navroʻz bayrami umuminsoniy fazilatlar, milliylikka yoʻgʻrilgan urf-odatlar-u qadriyatlarimiz ifodasi yangligʻ qalblarga olam-olam surur baxsh etadi. Sohibkor bogʻbon-u dehqonlar, keksalar koʻklamning har daqiqasi qadrlanib, gʻayrat-shijoat bobida yoshlarga ibrat boʻlishadi. Ular bosh boʻlib qadagan har urugʻ, har bir nihol ertangi kunga baraka, dasturxonlarga rizq-roʻz, el-u yurtga nasiba, farovon turmush omili boʻlib unadi, koʻkka boʻy choʻzadi. 

Tabiatning yangilanishi bilan boshlanuvchi Navroʻz qadimdan to bugunga qadar turli marosimlarga boyligi bilan ham ajralib turadi. Xalq sayillari oʻyin-kulgi, kurash, koʻpkari musobaqalari, teatr tomoshalari tashkil etiladi. Ayniqsa, begʻubor osmon bagʻrida bahoriy nasimlarga qonib, yengil parvoz qilgan varraklar, bolalarning qiy-chuv­lari-yu shodon kulgulari tabiatning uygʻonishiga rang kiritadi, goʻyo. Chillak, qoʻgʻirchoq, arqon tortish, tosh koʻtarish va boshqa oʻyinlar­ning zavqi esa oʻzgacha. Atlas va adrasdan tikilgan milliy liboslaridagi bir-biridan chiroyli qizlar, beqasam toʻnlar kiygan koʻrkam yigitlarning qiyofasida yangi kunning nashidasi ufurib turadi.

Aynan Navroʻz kunlarida amalga oshiriladigan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari, mehr-saxovat tadbirlari, insoniy fazilatlar boshqa vaqtdagi ezgu amallarga qaraganda yorqinroq namoyon boʻladi. Ota-bobolarimizdan milliy qadriyat boʻlib kelayotgan ushbu bayramni asrab-avaylash va oʻzimizning xayrli amallarimiz bilan yanada mazmunli davom ettirish bizning burchimizdir.

Navroʻz haqida soʻz ketganda, beixtiyor ushbu boqiy ayyomning shoh taomi – sumalak va uning tayyorlanishi bilan bogʻliq rivo­yatlar tilimizda tez-tez aylanadi. Bu rivoyatlar bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilish, jipslashuv, yaxshi-yomon kunlarda birga, sabr va irodali boʻlishdek ezgu gʻoyalar bilan sugʻorilgani bilan ahamiyatlidir. Shu oʻrinda hozirda aynan sumalak, halim va koʻk somsa, koʻk chuchvara singari koʻklam taomlari ilik uzildi paytida kishilarga quvvat boʻlishi, darmondorilarga boyligi bilan zamonaviy tibbiyotda ham tan olinayotganini aytib oʻtish joiz.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, Navroʻz oddiy bayram emas, balki xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha-tasavvurlari, qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan, millat bilan ulgʻayib, millat bilan birga taraqqiy etgan va har jihatdan uning ong-u shuuriga singib ketgan ayyom. Zotan, Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, «xalqimiz milliy yuksalish va milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻygan hozirgi vaqtda barcha ezgu qadriyat va anʼanalarimiz qatori Navroʻz bayramining ham hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda».

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, har yili xalqimizga xos azaliy urf-odatlar, qadriyatlarni tarannum etuvchi Navroʻzi olam kishilarga ezgu amallar va yuraklarga shodlik-xurramlik ulashib kelaveradi. Jannatmonand diyorimizda osuda osmon ostida tinch-totuv umr kechiradigan har bir yurtdoshimiz ona tabiatning betakror, fusun­kor ekanini ulugʻ ayyom kunlarida yana bir bor yurakdan his etadi. Tabiat uygʻonishi bilan insonlar qalbi, bahri dili ham ochilib, yangicha kuch-quvvat, gʻayrat-shijoat joʻsh uradi. Keksa-yu yosh oʻzini borliqning ajralmas bir boʻlagi ekanini his etib, oʻtayotgan har bir kunning qadriga yetishni anglaydi. Va barcha dillarda, tillarda ulugʻ mutafakkir shoir Alisher Navoiyning goʻzal bayti takrorlanadi:

Zulf-u ruxsor ila kominga

meni yetkursang,

Har tuning qadr oʻlubon,

har kuning oʻlsin Navroʻz.

 

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

«Postda» muxbiri.