Bir kuni ustoz shogirdlaridan soʻradi:

– Nega odamlar janjallashib qolganida bir-biriga baqiradi?

– Hoynahoy, jahli chiqib, oʻzini yoʻqotib qoʻygani uchun baqirsa kerak, – dedi shogirdlaridan biri.

– Axir, hamsuhbati yonginasida-ku, ovozini koʻtarmasa ham eshitadi-ku.

Shogirdlar nima deb javob berishni bilmay yelka qisishdi. Shunda ustoz tushuntirdi:

– Odamlar oʻzaro janjallashib, bir-birridan norozi boʻlganida, yuraklari, ruhlari uzoqlashadi. Shuning uchun ular ovozim hamsuhbatimning ruhiga, yuragiga yetib borsin deb ovozini koʻtaradi. Bir-birlaridan qanchalik koʻproq jahli chiqsa, shuncha baland ovozda baqirishadi. Hech sevishganlarning oʻzaro suhbatiga eʼtibor berganmisiz? Ular past ovozda, hatto pichirlab gaplashishadi. Baʼzan soʻzga ham hojat qolmaydi. Yuraklaridagini koʻzlari soʻzlaydi. Chunki yuraklari yaqin, shundoq yonma-yon boʻladi-da. Yodingizda boʻlsinki, oʻzaro janjallar sizlarni bir-biringizdan uzoqlashtirib boraveradi. Oxir-oqibat shunchalik uzoqlashasizlarki, ortga qaytish yoʻlini topa olmaysizlar.

Shogirdlar ustozning soʻzlaridan keyin uzoq oʻylanib qolishdi. Biz ham shu oʻrinda oʻyga tolsak, foydadan xoli boʻlmasdi...

Azamat PIRNIYAZOV tarjimasi.