Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

(27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni)

Biz ommaviy axborot vositalari xodimlari timsolida oʻzining chuqur bilim va tajribasi, noyob isteʼdod va mahoratini xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, odamlarning ong-u tafakkurini yuksaltirish, jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik muhitini mustahkamlash, global axborot makonida milliy manfaatlarimizni himoya qilishdek olijanob ishlarga bagʻishlagan jonkuyar va zahmatkash insonlarni koʻramiz.

Shavkat MIRZIYOYEV

 

Axborot mamlakat taraqqiyotining koʻzgusi, kishilarning ongi, dunyoqarashi, siyosiy saviyasi shakllanishining asosiy vositalaridan biridir. Shuning uchun ham axborotga boʻlgan hayotiy ehtiyoj, uni qondirishga xizmat qiluvchi omillarni shakllantirish kishilik taraqqiyotining har bir bosqichida yetakchi oʻrinlardan birini egallab kelgan.

Ommaviy axborotning asosiy maʼnosini anglatuvchi maʼlumot yigʻish, qayta ishlash va tarqatish hamda tezkor xabarlar yozib jamiyatni ogoh etuvchi shaxslar Amir Temur davrida ham boʻlganligi maʼlum. Bu haqda Sohibqironning «Qissayi Temur»ida bayon etilgan «Amr etdimkim, har sarhad va viloyat, lashkar va mamlakatgʻa bir axbornavis (xabarlar yozuvchi, yaʼni muxbir) tayin etgaylarkim, sipoh va hokim va raʼiyat va begona lashkar va mol va manolning mudoxil va maxorij va begona odamlar va karvonning kirmak va chiqmogʻi va hamsoya podshohlar mamlakatining axbori va alarning aʼmoli va afʼoli va uzoq baladalardin dargohimgʻa yuz qoʻygʻon ulamo va fozil odamlarning ishlar va soʻzlarin rostligʻ va durustligʻ bila yozib dargohgʻa yiborgaylar», degan fikri buning dalilidir.

Asrlar oshsa-da, axborotga boʻlgan talablar deyarli oʻzgarmagan. Aksincha, jamiyat hayotida uning ahamiyati tobora oshib borgan va bugungi kunga kelib, mamlakatimizning rivojlanish strategiyasini shakllantirish va uni bevosita amalga oshirishda katta rol oʻynamoqda. Bu esa ularning fuqarolik jamiyatiga xos asosiy omillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

Soʻnggi yillarda erkin ommaviy axborot vositalari faoliyati uchun zarur boʻlgan huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy shart-sharoitlar shakllandi. OAVni fuqarolik jamiyati instituti sifatida rivojlantirish yoʻlidagi islohotlar izchil davom etmoqda. Diqqatga sazovor muhim tomoni shundaki, erkin OAVni rivojlantirmay turib, fuqarolik jamiyati qurish va inson erkinligi, huquqlarini taʼminlash mumkin emasligini jamoatchilik anglab yetdi.

Respublikamizda istiqomat qilayotgan koʻp millatli mushtariylarning talab va istaklari inobatga olingan holda, bosma ommaviy axborot vositalari 12 ta tilda nashr etilmoqda, televideniye va radioda ham bu amaliyot qoʻllanilmoqda, eshittirish va koʻrsatuvlar qardosh xalqlar tillaridan tashqari, rus, ingliz tillarida ham efirga uzatilib, veb-saytlar oʻzbek, rus va ingliz tillarida faoliyat yuritadi.

Sohaga zamonaviy texnologiyalar izchil joriy etilishi natijasida tizimga raqamli, mobil va internet televideniye kabi mutlaqo yangi mediatuzilmalar kirib kelmoqda.

Jumladan, Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi hamda hududlardagi IIB axborot xizmatlari xodimlari internet tarmogʻidagi veb-sayt hamda telegram kanallari orqali aholini ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyati haqida oʻz vaqtida va ishonchli xabar­dor qilib kelmoqda.

Axborot xizmatlari xodimlari mazkur yoʻnalishdagi dolzarb masalalarni aholiga doimiy ravishda yetkazib turish, ichki ishlar organlari faoliyati toʻgʻrisida notoʻgʻri va noxolis axborotlar tarqalishining oldini olish, huquqbuzarliklar bilan bogʻliq vaziyatlarning tezkor va haqqoniy yoriti­lishini taʼminlashda fidoyilik koʻrsatishmoqda. Bu borada, ayniqsa, Samarqand va Navoiy viloyatlari IIB Axborot xizmatlari, IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Axborot xizmati boshligʻi, katta leytenant Shahrizod Shokirov hamda IIV Akademiyasi Axborot xizmati boshligʻi, kapitan Jamshid Xolovlarning jonbozligini alohida taʼkidlash lozim.

Veb-saytlar soni oshib borayotganligi nafaqat fuqarolarimizning, balki boshqa mamlakatlar aholisining ham respublikamizda oʻtkazilayotgan islohotlar haqida toʻla maʼlumotga ega boʻlishi uchun imkoniyatlar yaratmoqda.

Bu misollar mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini liberallashtirishga oid siyosat tizimli asosda, bosqichma-bosqich va aniq maqsadga yoʻnaltirilgan holda amalga oshirilayotganligidan dalolat beradi.

Shiddat bilan kechayotgan hodisa-voqealar oqimida katta hajmdagi axborotning mazmunini anglash, uni toʻgʻri talqin etib xulosalar chiqarish nihoyatda muhimdir. Bu esa axborotni tanlash, saralash, uni toʻgʻri idrok etish madaniyatini shakllantirish kabi insonning bevosita dunyoqarashi, salohiyati, tajribasi bilan bogʻliq xususiyatlarni kamol toptirish masalalarining dolzarbligini oshiradi.

Ayni chogʻda internetning milliy segmentida oʻz faoliyatini yuritayotgan internet nashrlarida Hi-Tech, madaniyat, ilm-fan, hordiq, sport, biznes, davlat boshqaruvi organlari kabi yoʻnalishlarda veb-saytlar joylashtirilgani, yangi xizmat turlari joriy etilayotgani ham undan foydalanuvchilar, xususan, yoshlar safi kengayishiga sabab boʻlmoqda.

Shu bilan birga, milliy qonunchiligimizda yoshlarni nosogʻlom axborotlardan himoyalash mexanizmlari ham shakllangan. Misol uchun, «Omma­viy axborot vositalari toʻgʻrisida»gi, «Yoshlarga oid davlat siyosati­ning asos­lari toʻgʻrisida»gi, «Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida»gi qonunlarda yoshlar orasida odob-axloqni buzishga, shu jumladan, pornografiya, shafqatsiz­lik va zoʻravonlikni namoyish etuvchi, huquqbuzarliklar sodir etilishiga tashviqot qilishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlar man etilishi belgilab qoʻyilgan.

Shu asosda, yoshlarimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini yanada kengroq roʻyobga chiqarish, ularni axborot xurujlaridan himoyalashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish borasida zarur choralar koʻrilmoqda.

Xullas, yuqorida zikr etilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ommaviy axborot vositalarining fuqarolik jamiyati institutlari tizimidagi oʻrni va rolini yanada mustahkamlashga, fuqarolarning soʻz erkinligini taʼminlashga qaratilgan konstitutsiyaviy huquqlarini yanada toʻliq roʻyobga chiqarishga yordam beradi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizda OAVni barpo etilayotgan fuqarolik jamiyati tamoyillarini qaror toptirishning muhim omillaridan biriga aylantiradi.

Jahongir SHAROFBOYEV,

jurnalist.