Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Inson borki, doim oʻzligini anglash harakatida. Butun hayoti oʻzini tanib olishga sarflanadi. Negaki, oʻzni topmoq va bilmoq olamni bilmoq va tushuntirmoqdan murakkabroqdir. Alisher Navoiy odamzot tirikligining azaliy bu chalkashligini «El netib topgʻay menikim, Men oʻzimni topmamon», deya ifodalaydi. Odam oʻzini tanishga intilib, maʼnaviy ildizlariga befarq qaramagandagina barkamol shaxs boʻlishi va atrofdagilarga manfaat keltirishi mumkin. Qornidan oʻzga qaygʻusi yoʻq kimsaning nafaqat oʻzgalar, hatto oʻziga ham foydasi tegmaydi.

Alisher Navoiy ijodini boshdan-oyoq insonga oʻzligini tanitish uchun kurashish mahsuli, deyish mumkin. Uning katta-kichik har bir asarida buyuk mutafakkirning olam, odam va odamiylikning mohiyati toʻgʻrisidagi qarashlar aks etadi. Daho bitgan har bir asar tiriklikning mohiyati borasidagi shiddatli va ogʻriqli oʻylar mahsulidir. Hazrati Navoiyning «Ketur soqiy, ul mayki, subhi alast...» misrasi bilan boshlanadigan mashhur tarjiʼbandida umr mazmunini topmoqchi boʻlgan odamning tuygʻulari aks etadi.

Navoiy chegara bilmas olam, taʼrifga sigʻmas darajada siru sinoatga, goʻzalligu tarovatga ega dunyo odam uchun yaratilganligini oʻz asarlarida ishonarli asoslab bergan mutafakkirdir. Shoir odam martabasining yuksakligini uning yaratilish mantigʻiga tayanib izohlaydi. Uning talqiniga koʻra, odam dunyo borligining oqibati emas, balki olam yaratilishining sababidir. Insonning tabiati, qalbi, tuygʻulari, tafakkuri barcha goʻzalligu ezgulikdan shodlanadigan, har qanday qabohatu illatdan ozorlanadigan hamda ozor beruvchiga qoʻli, tili yoki dili bilan qarshilik qila oladigan tarzda shakllansagina, yaratilishida koʻzda tutilgan baland martabaga loyiq boʻladi.

Odam borligʻigini tashkil etgan uch birlikka mos ravishda Yaratgan tomonidan unga jismoniy, nafsoniy va ruhoniy sifatlar ham berilgan. Bu sifatlar uygʻunligi ham insonni oʻz-oʻzidan mukarramu moʻʼtabar qilolmaydi. Oson avjlanadigan nafsoniy mayllarni jilovlab, ruhoniy jihatlarni rivojlantirish uchun odamga odamiylik zarur. U oʻzidagi nafs xurujlari, lazzatlarga mayl kabi ojizliklarni yengib, yuksak maʼnaviy fazilatlar egasi boʻla olsagina azizlik rutbasiga koʻtariladi. Demak, odam odamiylik darajasiga yetishish uchun oʻz maʼnaviy dunyosini poklashi kerak boʻladi. Bu esa oson yuz beradigan kechim emas:

Tuxm yerga tushib, chechak boʻldi, 

Qurt jondan kechib, ipak boʻldi.

Lola tuxmicha gʻayrating yoʻqmi? 

Pilla qurticha himmating yoʻqmi?

Lola urugʻi yerga tushib, chechakka, pilla qurti jonidan kechib, ipakka aylangani kabi, odam ham oʻz nafsini, lazzatga oʻchligini yenga olsa, yuksaladi, odamiylikka ega boʻladi. Gʻoyat mavhum ruhiy-maʼnaviy holatni bu qadar moddiy qilib tasvirlash uchun Navoiyga xos dohiyona isteʼdod kerak boʻladi.

Ijtimoiy turmushning haqiqati shundaki, odam tayanadigan qadriyatlar qanchalik ezgu boʻlsa, shunchalik umrboqiylik kasb etadi. Aksincha, oʻtkinchi qadriyatlarga asoslangan jamiyat tanazzulga yuz tutadi. Har bir alohida insonning ham, har qanday jamiyatning ham, butun kishilikning ham qanday xulqiy sifatlarga, tafakkur yoʻnalishiga ega boʻlishi tayaniladigan maʼnaviy hadaflariga bogʻliq. Qadriyatlar tizimidagi evrilishlar jamiyatni oʻzgartirib yuboradi. Shuning uchun ham oʻzini mukarram sanovchi inson maʼnaviy oʻrnaklar tozaligi xususida qaygʻurishi, gʻam chekishi lozim. 

Alisher Navoiy odam koʻnglining gʻamsizligi nafaqat uning oʻzi, balki boshqalar uchun ham ulkan dard ekanini taʼkidlaydi. Negaki, gʻam kamligi kishida birovga hamdardlik yoʻqligi va oʻzga taqdiriga loqaydlik belgisidir. Shu bois shoir qaygʻuradi: 

Koʻngil ichra gʻam kamligi asru gʻamdur, 

Alam yoʻqligʻi dogʻi qatigʻ alamdur. 

Gʻamsizlik loqaydlikka, loqaydlik koʻnikishga, koʻnikish faoliyatsizlikka olib keladi. Faoliyatsizlik nafaqat bir kishining, balki butun jamiyatning nurashiga ham sabab boʻladi. Shuning uchun shoir odamni kuyunchaklikka, kurashlarga chaqiradi. Uning 

Koʻnglum gʻam ila toʻq ayla, yo rab, 

Ishq ichra meni yoʻq ayla, yo rab! 

satrlari ana shu chorlov ifodasi oʻlaroq jaranglaydi.

Har qanday jamiyat oʻz aʼzolarining xatti-harakati, dunyoqarashi, intilish va yashash tarzi muayyan maʼnaviy ideallarga mos boʻlishini istaydi. Chunki jamiyatning qandayligi oʻsha ideallarning mohiyati va odamlarning ularga qanchalik amal qilayotganiga bogʻliq. Maʼnaviyat oʻzbek uchun shunchaki axloqiy normalarga rioya qilish emas, balki hayot-mamot masalasidir. Amalga oshirilishi koʻzda tutilayotgan barcha ijobiy oʻzgarishlar oldin barkamol maʼnaviyat egasi boʻlmish kishilarning koʻngil mulkiga aylangandagina kutilgan samarani berishi mumkin. Buning uchun Alisher Navoiy Vatanga shunchaki boshpana, yashaydigan manzil deb qaramaydi, uni yurt ahli maʼnaviyatiga koʻchgandagina qimmat kasb etadigan tushuncha hisoblaydi. Shoirning Vatan tuygʻusi gʻoyat teran va koʻp qirrali. Mutafakkir vatanni vatandoshlarga qarshi qoʻymaydi, yurtni yurt ahlidan tashqarida tasavvur etmaydi. Uningcha, vatan millat ahlini baxtli qilishi zarur. Shoir nazdida, Vatan koʻngildan tashqarida qolsa, vatan egalari oʻz yurtlarida asossiz gʻam koʻrishlari va uning oʻzi singari 

Navoiy, vatan boʻldi manzil manga, 

Bu manzildan ammo ne hosil manga? 

deya anduh chekishlari mumkinki, bu ogʻir koʻrgulikdir.

Navoiy odamni yaxshilash uchun jamiyatni oʻzgartirish kerak, deguvchilardan farqli oʻlaroq, jamiyatni yaxshilash uchun insonni oʻzgartirish lozim, olamni yaxshilash odamni yaxshilashdan boshlanadi, deb hisoblaydi. Har qanday jamiyat uning aʼzolari kamoloti natijasida va fuqarolarning barkamolligi darajasida takomillashadi deb oʻrgatadi. Bu falsafiy qarash inson omilini yuksaltiradi. Odam oʻz xulqining ham, oʻzi yashayotgan jamiyat maʼnaviyatining ham ijodkori va ayni shu sababli ham u oʻz taqdiri va zamondoshlarining maʼnaviyati uchun javobgardir. 

Odamning odamiyligi uning oʻz hayotigagina emas, balki yashayotgan jamiyat taraqqiyotiga ham taʼsir koʻrsatar ekan, u oʻz holiga tashlab qoʻyilmasligi kerak. Har bir odamda Yaratgan tomonidan berilgan asl maʼnaviy fazilatlar bilan birga, tarbiya yordamida shakllantiriladigan axloqiy sifatlar ham boʻladiki, jamiyatning barcha sogʻlom kuchlari ana shu sifatlarning imkon qadar ezgu qilib tarkib toptirilishiga yoʻnaltirilishi zarur. Navoiy tarbiyani yomondan yaxshi, haromdan halol yasashi mumkin boʻlgan katta maʼnaviy qudrat, deb biladi. Uning kuchidan toʻgʻri foydalanish jamiyat aʼzolari maʼnaviyatining yuksalishiga xizmat qilishi haqida yozadi:

Itki taalumda chu boʻldi kamol, 

Sayd aning ogʻzida oʻldi halol. 

Bu misralarda ogʻzi tekkan narsa harom sanalib, qatron qilinishi kerak boʻlgan it tarbiya koʻrganligi tufayli uning ogʻzidan olingan oʻlja halol hisoblangani kabi, odam tarbiya tufayli yuksalishi, aksincha, tarbiyaga beparvolik uni odamiylikdan chiqarishi mumkinligi obrazli aks ettirilgan.

Mutafakkir yurtni obod, elni shod koʻrishni odamiylikda, deb biladi. Hayotdagi notoʻkislik hamda adolatsizliklarning ildizi qayerdaligini astoydil izlagan shoir shunday haqqoniy xulosaga keladi:

To hirsu havas xirmani barbod oʻlmas, 

To nafsu havo qasri baraftod oʻlmas,

To zulmu sitam jonigʻa bedod oʻlmas,

El shod oʻlmas, mamlakat obod oʻlmas.

Bu ruboiysida shoir ochkoʻzlik va toʻymaslik xirmonlari sovurilmay, nafs va manmanlik qasri yiqilmay, zulm bilan sitamning joniga jabr qilinmay turib, el shod, mamlakat obod boʻlishi mumkin emasligini taʼkidlar ekan, yurt ahli, ayniqsa, elni boshqarish daʼvosidagi amaldorlarda ezgu maʼnaviy sifatlar boʻlishini orzu qiladi. 

Shoir millatni kamolotga olib boradigan, ijtimoiy munosabatlarda adolat boʻlishini taʼminlaydigan odamiylik sifatlarini tarkib toptirishda hushyor boʻlishga undaydi. Darhaqiqat, milliy maʼnaviyat milliy qiyofa va milliy tabiatning qandayligini belgilaydi. Milliy maʼnaviyat unsurlari chuqur etnik va hayotiy asoslarga ega boʻlgandagina ezgulik kasb etadi. Shu bois milliy maʼnaviyat uchun asos qilib olinadigan axloqiy sifatlar tizimini tanlashda xotirjamlik qilib boʻlmaydi.

Jamiyat aʼzolarining maʼnaviyatini belgilovchi oʻlchovlar millat ruhiyati, uning fikrlash va yashash tarziga muvofiq keluvchi mustahkam falsafiy-axloqiy poydevor ustiga qurilgandagina yurtning taraqqiyoti taʼmin etilishi mumkin. Alisher Navoiyning asarlari hech tuganmas, olingani sari boyligi ortib boradigan maʼnaviy xazinadir.

Maʼnaviyat oʻzini tanish, oʻzini oʻzgalar nazari bilan, oʻzgalarni esa oʻz nazari bilan taftish qila bilish demakdir. Har bir alohida shaxs va butun jamiyatning kuchi fuqarolar maʼnaviyatini sogʻlom asoslarda shakllantirishga yoʻnaltirilishi kerak. Shaxsning maʼnaviy komilligi jamiyatning odilligiga, jamiyatning odilligi maʼnaviyatning yuksakligiga, maʼnaviyatning yuksakligi esa shaxs kamolotiga taʼsir oʻtkazaveradi. Shaxs, jamiyat va maʼnaviyatning oʻzaro uygʻunligi, shu tariqa, insoniyat taraqqiyotining asosiy omili boʻlib qolaveradi. Bu jabhada buyuk Navoiyning bitganlari tengsiz bir quroldirki, undan toʻgʻri foydalanish ulkan maʼnaviy gʻalabalarga garov boʻladi. Buning uchun elning asl farzandlari gʻaflatni tark etishlari joiz. Zero, Navoiy bejiz: 

Beishq ulusqa kom uyqu, 

Ishq ahligadir harom uyqu, 

demagan. Chindan ham koʻngli yuksak tuygʻularga yot kimsalar uchun uyqu maqsad, halovat, orzu boʻlsa, qalbi haq va xalq ishqi, haqiqat va adolat sevgisi bilan toʻla insonlar uchun haromdir. Hazratning maʼnaviy uygʻoqlik yoʻlidagi chorlovi koʻpchilikni uygʻotishiga ishonamiz.


Qozoqboy YOʻLDOSHEV,

filologiya fanlari doktori,

professor.