Jamiyatdagi yangilanish va islohotlarni keng jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazish payida tobora takomillashib borayotgan mediaolamdagi yutuqlar, kamchiliklar va istiqboldagi loyihalar bilan bogʻliq savollarimizga javob olish maqsadida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni oldidan Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov bilan suhbatlashdik. 

– Bugungi shiddatkor zamon jurnalistlarga qanday talablar qoʻymoqda? Ular bu talablarni qay darajada uddalashmoqda?

– Biz ayni damlarda nafaqat shiddatkor, balki murakkab bir davrda yashayapmiz. Bu barcha sohalarga, xususan, OAV hamda jurnalistlar zimmasiga ham qator vazifalarni qoʻyadi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari tez surʼatlarda rivoj topib borayotgan hozirgi sharoitda jurnalis­tik faoliyatda tezkorlik nihoyatda muhim. Biroq bu jarayonda har bir jurnalist sohaning xolislik, haqqoniylik singari muhim talab­larini unutmasligi kerak. Afsuski, oxirgi vaqtlarda ayrim hamkasblarimizning shov-shuvga oʻchligi oqibatida ushbu talablarni chetlab oʻtish holatlari ham uchrab turibdi. 

Jurnalistning tezkorlik bilan harakat qilgani yaxshi, ammo u tarqatayotgan maʼlumotlarini qanchalik haqqoniy ekanligiga ham ahamiyat qaratishi lozim. Axir, soniyalarni qizgʻanish oqibatida yolgʻon, asoslanmagan axborot tarqatilgach, uni tuzatish uchun toʻrt barobar koʻp kuch sarflanadi.

Koʻpchilik OAVdagi axborotni ikkilanishlarsiz haqqoniy deb qabul qiladi. Shu oʻrinda bugun axborot maydonida bir yoqlama yondashuv asosidagi ayrim yangiliklar zamondoshlarimizning turfa fikrlari toʻqnashuviga, bahs-munozaralariga sabab boʻlayotganini ochiq tan olishimiz kerak. Quvonarlisi, ayni paytda oramizda zamon bilan baravar qadam tashlayotgan, har bir soʻzi salmoqli jurnalistlarimiz ham koʻp. 

– Koʻpchilik axborot maydonida blogerlarni jurnalistlardan bir qadam oldinda deb hisob­laydi. Bu borada sizning fikringiz qanday?

– Avvalo, jurnalist bilan bloger tushunchasini ajratib olishimiz kerak. Jurnalis­tika bu – kasb. Bu sohani egallash uchun oliy oʻquv yurtida taʼlim olinadi. Bu jarayonda boʻlajak mutaxassis ushbu yoʻnalishning qonun-qoidalari, talablari, masʼuliyati va majburiyatlari, huquqiy normalarini oʻrganadi va shu prinsiplar asosida ishlaydi. 

Bloger kim? Sodda tilda aytadigan boʻlsak, ijtimoiy tarmoqlarda oʻzining fikr-mulohazalari bilan faollik koʻrsatayotgan har qanday shaxsga nisbatan bloger atamasini qoʻllash mumkin. Blogerlik faoliyati tartibga solinmagan. Lekin axborot sohasidagi talablar, qonun-qoidalarga blogerlar ham amal qilishi lozim. Birovning shaʼnini haqorat qilganlik yoki qonun bilan taqiqlangan axborotlarni tarqatganlik uchun blogerga ham javobgarlik yuklatiladi. 

Tan olish kerakki, blogerlar bugun jamiyatimizdagi ayrim muammo va kamchilik­larni koʻtarib chiqyapti. Jurnalistlarimiz esa ichki senzuradan qutula olmayapti. Shu sababli jamoatchilikda blogerlar jurnalistlardan bir qadam oldinda, degan fikr shakllandi. Lekin bu hamma blogerlarga nisbatan berilgan baho emas. Bundaylar barmoq bilan sanarli. 

– Elektron OAVning afzalliklarini koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz. Ammo ularning qaysi jihatlari sizni qoniqtirmaydi?

– Toʻgʻri, bugungi axborot texnologiyalari zamonida elektron OAV oʻzining qulay, arzon va tezkorligi bilan media makonning bir qismiga aylanib ulgurdi. Bunda elektron OAV faqatgina axborotni tezkor yetkazib berish bilan oldinda. Axborotni tahlil qilish, tahliliy maqola, sharhlar, jurnalistikaning janrlari boʻyicha materiallar eʼlon qilish boʻyicha ular bosma nashrlarga tenglasha olayotgani yoʻq. 

Elektron OAVda axborotni tezkorlikda yetkazish payida haqqoniylik, xolislik prinsiplariga amal qilmaslik holatlari juda koʻp uchrayapti. Yana mualliflik huquqining buzilishi, shov-shuv koʻtarish maqsadida sarlavhaga urgʻu berish holatlari haqida toʻxtalsam. Ayrim materiallarni ichiga kirib oʻqisangiz, uning magʻzidan sarlavhaga asos boʻladigan narsani topa olmaysiz. Shov-shuvga oʻchlik ortidan qilingan bunday harakatlarni yoqlab boʻlmaydi. Bu jurnalistika etikasiga toʻgʻri keladigan ish emas.

Shov-shuv koʻtargandan keyin faktlarni xolis asoslab berish kerak. 

– Jurnalistlar uyushmasining faoliyat koʻlamini kengaytirishga xizmat qiluvchi istiqbolli loyihalar haqida toʻxtalsangiz.

– Koʻzda tutilgan loyihalarimiz juda koʻp. Ulardan biri xorijiy davlatlarning ijodiy uyushmalari, ilgʻor OAV bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish. Hozirga qadar Xitoy, Koreya, Tojikiston bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatganmiz. Yaqin kunlarda bir guruh sirdaryolik jurnalistlarimiz Tojikistonda boʻlib qaytdi. Oʻz navbatida, tojikistonlik hamkasblarimizning bir guruhi yurtimizga kelishi kutilyapti. Bunday ijodiy tajriba almashishni turkiyalik hamkasblarimiz bilan ham yoʻlga qoʻyganmiz. 

Shuningdek, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan jurnalistlarni yaqindan tanishtirish maqsadida mediaturlar tashkil etish ayni muddaodir. Bu yil Jizzax, Navoiy, Namangan viloyatlarida jurnalistlarimiz ishtirokida mediatur yoʻlga qoʻyildi. Namangan va Jizzaxda tashkil qilingan mediaturda oʻn beshga yaqin, jumladan, Eron, Buyuk Britaniya, Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Tojikiston, Qirgʻizistondan kelgan hamkasblarimiz ishtirok etdi. Ular mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrib, xorijiy OAVda maqolalar chop etishdi.

Jurnalistlarimizning kasbiy koʻnikmalarini oshirish maqsadida turli seminar-treninglar tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu kabi tadbirlar nafaqat poytaxtda, balki respub­likamizning chekka-chekka hududlaridagi soʻlim goʻshalarda oʻtkazilmoqda. Oʻtgan yili Fargʻonaning «Chimyon» sihatgohida jurnalistlar bir hafta davomida ham salomatligini tikladi, ham tajribali jurnalistlarning mahorat darslarida ishtirok etdi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining sihatgohida ham shunday tadbir tashkillashtirildi. Joriy yilda esa bunday tadbirni Surxondaryo viloyatida oʻtkazishni rejalashtirganmiz. 

– Ijodiy jamoamizga tilaklaringiz.

– «Postda – Na Postu» gazetasi, «Qalqon – Shit» jurnali mening eng sevimli nashrlarimdan. Ushbu nashrlar oʻz mushtariylari qoʻliga yangi qiyofada yetib borishi uchun ijodiy jamoangiz hamisha izlanishda. Koʻpchilik ularni faqat tizim xodimlariga moʻljallangan nashrlar, deb oʻylaydi. Vaholanki, nashrlar sahifalarida nafaqat ichki ishlar organlari tizimidagi islohotlar, soha xodimlarining sharafli, ibratli xizmati bilan bogʻliq maqolalar beriladi, balki adabiyot, sanʼat, salomatlik mavzulari, hatto bolajonlar ham hamisha tahririyat ijodkorlari eʼtiborida ekanligini kuzatib boraman. 

Bugun yurtimiz tinch, degan soʻzlarni koʻp bora takrorlaymiz. Bu tinchlik ortida osoyishtaligimiz posbonlarining chekayotgan zahmatlari yashirin. Ularning mashaqqatli xizmatining oʻziga xos tomonlarini yoritish barobarida, soha fidoyilarini xalqimizga tanitish, yutuqlarini targʻib qilishda tahririyatning alohida hissasi bor. Demakki, jamoan­giz ham ulugʻ va sharafli yoʻlda hamisha xizmatga shay xodimlarga yoʻldosh, dildosh, ular bilan yonma-yon. Fursatdan foydalanib tahririyat jamoasi va uning koʻpming sonli mushtariylariga dilimdagi eng ezgu tilaklarimni yoʻllamoqchiman. 

Hurmatli hamkasblar, faoliyat koʻlamingiz kengayib, sharafli yoʻlingiz ravon boʻlsin! 

«Postda» muxbiri

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA

suhbatlashdi.