Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Shunday bir soʻz borki, uni eshitishimiz hamono yuragimiz hapriqadi, ruhimizga nur singadi. Bu muqaddas «Vatan» soʻzidir. Oʻzbekiston – oʻxshashi yoʻq boʻston. Bu diyorning suvi zilol, havosi shifobaxsh, tabiati goʻzal, maftunkor, bogʻlari serhosil, dalalari unumdor, togʻlari viqorli, daryolari joʻshqin, qir-adirlari poyonsiz, shaharlari huzurbaxsh, qishloqlari orombaxsh.
Musofirlik zahmatini tortmagan odam yurt qadrini his etmaydi. Oʻz mamlakatidagi ijobiy oʻzgarishlarga beparvo, oʻzga yurtlarga mahliyo boʻlib yashagan odam esa noshukurlik dardiga mubtalo boʻladi. Aslida Vataniga mehr-muhabbat qoʻyib, uning tuprogʻini koʻzga surtib, betakror tabiatiga mahliyo boʻlib, obodligidan faxrga toʻlib yashagan insongina baxtlidir. Yurtimizda bunday insonlar juda koʻp. Shoir aytganidek:
Bu koʻngil Vatan der,
koʻzimda Vatan,
Necha boqmasin koʻz,
yana Vatan der.
Qalbimning eng chuqur
yerida yotgan
Muqaddas, muqaddam
soʻzim Vatandir.
Vatan bola uchun uyining ostonasidan, tugʻilib oʻsgan qishlogʻi, mahallasi, shahridan boshlanadi. Keyin kishi ulgʻaygani sayin Vatan tushunchasi ham kengayib boradi. Bugungi kunda Ona sayyoramiz insoniyat uchun yagona Vatandir. Uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash hayot-mamot masalasiga aylanib borayotganligini barchamiz sezib, his qilib turibmiz. Ammo oʻzining kichik Vatanini sevmagan, millatining qadriga yetmagan inson oʻzganing ham, bashariyatning ham, kurrayi zamin obodligining ham qadriga yetishiga ishonish qiyin. Vatanga muhabbat ajdodlar merosiga qiziqish, milliy maʼnaviyatdan bahramandlik, oʻz shaxsiy salohiyatiga ishonch, umumbashariyatga hurmat, kelajak oldida masʼullik tuygʻularini tarbiyalaydi. Bir soʻz bilan aytganda, haqiqiy imon Vatanga mehrdan, mamlakat va xalq oldidagi yuksak masʼuliyat hissidan boshlanadi.
Maʼlumki, inson oʻzga yurtda ham bir burda nonini topib, qornini toʻygʻazishi, hatto boy-badavlat boʻlishi mumkin. Lekin boshqa mamlakat Vatanning oʻrnini bosa olmaydi. Biz uchun Vatan yagona. Shu bois ham u pulga sotilmaydi va sotib olinmaydi, inʼom etilmaydi, qarzga berilmaydi. Bejiz Navoiy bobomiz quyidagi satrlarni bitmaganlar:
Vatan tarkin bir nafas aylama,
Yana ranji gʻurbat havas aylama.
Vatan sogʻinchi buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur koʻnglidagi eng ogʻriqli dard edi. Oʻzga yurtda taxt ustida oʻtirib, ulugʻ saltanatga egalik qilib ham musofirchilikdan alam chekib, dardini shunday bayon etadi:
Yod etmas emish kishini
gʻurbatda kishi,
Shod etmas emish koʻngulni
mehnatda kishi.
Koʻnglum bu gʻaribliqda
shod oʻlmadi, oh,
Gʻurbat-la sevinmas emish,
albatta, kishi.
Haqiqiy vatanparvar inson el-yurtning ozodligi, mustaqilligi yoʻlida hech narsani, hatto jonini ham ayamaydi.
Dunyo xalqlari azaldan oʻz yurtini nihoyatda aziz va muqaddas deb bilgan. Ayniqsa, Sharq xalqlari uchun ona diyori moʻtabar maskan hisoblangan. Xususan, buyuk ajdodlarimizdan qolgan tabarruk bitiklarda shunday soʻzlarni oʻqiymiz: «Kishining vafodorligi uning oʻz Vatani uchun qaygʻurishidan, birodarlarini sogʻinishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga oʻkinib yashashidan bilinadi». Demak, insonning oʻz xalqiga boʻlgan sadoqati va fidoyiligi uni Vatanini himoya qilishiga, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam, qudratli boʻlishiga hamda xalqining tinch-farovon hayot kechirishiga hissa qoʻshishga undashi lozim.
Xalqimiz tinchlikni yuksak qadrlaydi, uni orzu-intilishlari, ezgu niyatlari roʻyobga chiqishining muhim kafolati, deb biladi. Shu maʼnoda, dunyoning turli mintaqalarida talotoʻplar, xunrezliklar avj olayotgan hozirgi qiyin va oʻta murakkab bir davrda mamlakatimiz sarhadlarini kun-u tun himoya qilayotgan, yurt osoyishtaligiga masʼul insonlar fidoyilarcha xizmat qilishayotganini alohida eʼtirof etmoq joiz. Negaki, Vatan himoyasi ham unga sodiqlikning bir koʻrinishidir.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa hisoblanadi. Mardlik, jasorat, or-nomus va diyonat kabi fazilatlar azaldan xalqimiz maʼnaviyatining ajralmas qismiga aylangan. Vatanimiz madhiyasi yangrasa, yuragimiz joʻshib ketadi, koʻzimizda yosh qalqiydi. Lekin Vatan faqat yaxshi kunlarda, yutuqlarga erishganda faxrlanadigan, soʻng unutiladigan xilqat emas.
Vatanni himoya qilish – insonning oʻz uyini, oilasini, sevimli yori va bolalarini, yaqinlarini, ota-bobolarining tabarruk xoki yotgan muqaddas tuproqni himoya qilish, degani. Eʼtirof etish kerak, soʻnggi yillarda milliy armiyamizda qadriyat va anʼanalarimizga xos sogʻlom maʼnaviy muhit yaratildi. Bugun Vatan himoyachisi, degan nomga muyassar boʻlish har bir yigit uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki yuksak sharafga aylandi. Albatta, Vatanni sevish uchun jon fidolik shart emas. Oʻzimizning aql-zakovatimiz, harakatimiz bilan ham yurt ravnaqiga hissa qoʻshishimiz, haqiqiy jonkuyar boʻlishimiz mumkin.
Aslini olganda, vatanparvarlik tuygʻusi bizga begona emas. Muqaddas zaminimiz Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Boburdek koʻplab buyuk vatanparvar farzandlari bilan tarix sahnida oʻz oʻrnini topgani bunga bir misoldir. «Vatan yagonadir, Vatan bittadir!» degan gʻoyani shu moʻtabar zaminimizda yashayotgan har qaysi insonning ongi va tafakkuriga singdirish eng ustuvor maqsaddir. Shunday aziz Vatanni sevmaslik, sogʻinmaslik, qadrlamaslik, muqaddas deb bilmaslik, uning shaʼni-shavkati, ertasi va kelajagi uchun kurashmaslik aslo mumkin emas.
Oʻzbekistonda yashayotgan har bir insonning qalbida vatanparvarlik, yurt taqdiriga daxldorlik hissi joʻsh urib turishi kerak. Zero, muqaddas Vatanimizni sevmoq, ravnaqi yoʻlida fidoyi boʻlmoq, uning tinchligini himoya qilish va asrab-avaylash har birimizning burchimizdir.
Azizjon FAYZIYEV,
mayor.
