Bir kishi sahar vaqtida uydan chiqib ketdi va hammomga bormoqchi boʻldi. Oʻz doʻstlaridan biriga: “Men bilan hamroh boʻlib, hammomga borgil”, dedi. U esa: “Sen bilan birga boraman-u, ammo hammomga tushmayman, chunki mening bir zarur ishim bor”, deb aytdi. U kishi hamrohi bilan hammom tomonga qarab ketdi. Ikki yoʻl ketgan joyga borib, hammomga boruvchi doʻstiga bildirmasdan boshqa yoʻlga kirdi. Hamrohi yolgʻiz oʻzi hammomga ketaverdi va doʻstim bilan kelayotirman deb oʻylab boraverdi. Ittifoqo, bir oʻgʻri u kishining izidan ketaverdi, u kishi buni doʻstim deb fahmladi va uning qoʻynida yuz tillasi bor edi. Hammomning eshigida tillani qoʻynidan chiqarib, tong qorongʻisida tanimay haligi tillani oʻgʻriga berdi va dedi: “Ey birodar, men hammomga kirib chiqquncha bu tilla senda omonat tursin, hammomdan chiqqanimdan keyin menga topshirasan”. Oʻgʻri tillani olib, oʻsha joyda oʻtirdi. U kishi hammomdan chiqib, kiyimlarini kiyib ketaverdi. Oʻgʻri uning orqasidan chaqirib dedi: “Ey juvonmard, kel, mendan oltinlaringni ol. Bugun men sening omonatingni saqlab ishimdan qoldim”. 

U kishi dedi: “Sen kimsan, bu qanday oltin?”

Oʻgʻri dedi: 

– Men bir oʻgʻriman, bu oltin sening menga topshirgan oltiningdir.

U kishi dedi:

– Agar sen oʻgʻri boʻlsang, nima uchun bu oltinlarni olib ketmading?

Oʻgʻri dedi: 

– Agar ming tilla boʻlsa ham, sendan andisha qilmay olib ketardim, lekin sen bu oltinni menga omonat topshirding. Omonatga xiyonat qilmoq juvonmardlikdan emas.

“Koʻhna dunyo rivoyatlari” kitobidan olindi.