Ushbu qissani bir yoki ikki marta oʻqish kamlik qiladi. Asarni oʻqib, undan xulosa chiqara olish oson ish emas, bu uning syujetsizligi bilan bogʻliq. Insonning yolgʻiz qolishi aslida qoʻrqinchli emas, faqat u bunga bardosh bera olsa boʻlgani.Chunki inson yolgʻiz qoldi deguncha, istar-istamas oʻzi bilan oʻzi suhbat qura boshlaydi va oʻshanda uning dili tiliga koʻchadi.
Eng yaqin insonlariga ham ayta olmaydigan soʻzlarini birovga eshittirmagan holda, lekin juda baland tovush bilan oʻziga aytadi, bu holatda eshitmaslikning umuman iloji yoʻq. Ichki "men" shunday, u YOLGʻON soʻzlashni bilmaydi,siz esa uni alday olmaysiz (aslida buning imkoni ham yoʻq). U isyon qiladi, siz esa uni bostirishga qodir boʻlsangizgina YOLGʻIZ qoling. U bilan murosaga kelaman deb yolgʻizlikni tanlasangiz ham adashmaysiz, chunki yolgʻizlik orqali siz shu paytgacha boʻlgan hayotingiz va bundan keyingi hayotingizni ozgina boʻlsada oʻylab olasiz. Ulugʻbek Hamdamning bu asari insondagi ichki kechinmalarni shu darajada mohirlik bilan ochib bera olganki, buni tushunish uchun Siz asardagi holatga tushushingiz va uni chuqur anglab yetishingiz kerak boʻladi.
Asarda insonning tanasi va ruhi oʻrtasida juda keskin kurash ketishi, ruh poklikka intilaman desa tana bunga yoʻl bermasligi, bundan tashqari hayotdagi tashvishlar insonga oʻzining sevimli mashgʻuloti bilan istaganicha shugʻullanishga imkon bermayotgani, insonlar hayotida moddiyatga boʻlgan eʼtibor maʼnaviyatga boʻlgan eʼtibordan kam boʻlmayotgani-yu, insonlarni arzimas mansablar uchun bir-biriga chox qazishi bilan bir qatorda insonni "ichki meni" bilan suhbatlashishga majbur etuvchi jumlalar yoritilgan.
