Yurtimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari qonunan belgilab qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni uch tamoyilga – umumiylik, majburiylik va huquqiy kafolatga asoslanadi. Darhaqiqat, davlat tilining mustahkam huquqiy maqomi belgilab qoʻyilgani tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanishga yetarlicha zamin yaratib, mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishi barobarida, oʻzbek tilining erkin muomalada boʻlishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berdi.
Til millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri ekan, har bir inson oʻz tilini bilishi, uni ulugʻlashi, shu bilan birga, boshqa tillarga hurmat bilan qarashi lozim. Shundagina tilning, millatning qadri, obroʻyi va nufuzi oshadi. Ayniqsa, dunyoda taniqli mamlakat boʻlish uchun biz davlat tilining maqomini koʻtarishga erishishimiz shart. Rivojlangan davlatlar darajasiga chiqish va raqobatbardosh boʻlish uchun Oʻzbekiston fuqarolari, xususan, ichki ishlar organlari xodimlari ham xalqaro tillarni bilishi muhim. Chunki biz global rivojlanish tendensiyalaridan ortda qola olmaymiz, lekin shuni unutmasligimiz kerakki, oʻzbek tili dunyodagi barcha rasmiy tillar qatori suveren til maqomini olgan ekan, har bir Oʻzbekiston fuqarosi oʻzbek tilini mukammal bilishi shart. Tilga hurmat – xalqqa hurmat. Tilning egasi xalq, ammo xalqning bitta vakili loqayd boʻlsa ham, milliy til sofligiga putur yetadi. Til oʻzligimiz timsoli, millat mulki hisoblanadi.
Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida oʻzbek tilida qilgan tarixiy nutqi nafaqat mamlakatimizning, balki oʻzbek tilining xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi va obroʻ-eʼtiborini yangi pogʻonaga koʻtargani bilan gʻoyat qimmatli boʻldi. Davlat timsoli sifatida har birimizga faxr, gʻurur va iftixor bagʻishladi.
Til madaniyatiga amal qilinmasa, milliy madaniyatga dogʻ tushadi. Shu bois tilimizning sofligi va rivojlanishini taʼminlash, tilning ahamiyatini kelajak avlod ongiga singdirish, ularning ona tiliga boʻlgan muhabbati va sadoqatini mustahkamlash borasidagi ishlar yil sayin kengayib borishi kerak. Oʻzini oʻzbek millatining farzandiman, deb bilgan har bir inson ona tilimizga juda eʼtiborli boʻlishi, uning sofligini asrab-avaylashni muqaddas burch, deb bilishi kerak. Ammo buning uchun oʻquv qoʻllanmalari va darsliklar, til maʼno va mazmunini ifodalovchi izohli lugʻatlar boʻlishi talab etiladi.
Shu maqsadda 5 jilddan iborat «Oʻzbek tilining izohli lugʻati» hamda «Davlat tilida ish yuritish» qoʻllanmasi 3 ming nusxadan chop etildi. Shuningdek, «Xalqaro termin elementlarining izohli lugʻati», «Terminlarning tarjima lugʻatlari», «Alisher Navoiy hayoti va ijodining mukammal ensiklopediyasi», «Oʻzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʻati», «Oʻzbek tili frazeologizmlarining katta izohli lugʻati», «Oʻzbek adabiyoti xazinasidan», «Oʻzbek xalq shevalari» kabi ilmiy asarlar ustida ish olib borildi.
Keyingi yillarda «Alisher Navoiy qomusi», «Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi», «Falsafa qomusiy lugʻati», «Oʻzbekiston yuridik ensiklopediyasi», «Islom ensiklopediyasi», «Maʼnaviyat: asosiy tushunchalar lugʻati»,
«Pedagogika: ensiklopediya», «Tarix atamalari lugʻati», «Adabiyotshunoslik lugʻati», «Yuridik atamalar lugʻati» kabi 40 dan ziyod fundamental kitoblar nashr etildi.
Albatta, bu ishlar tilimiz sofligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Masalan, 1981-yilda nashrdan chiqqan «Oʻzbek tilining izohli lugʻati»da «O» harfi bilan boshlanuvchi
80 ga yaqin xorijiy soʻz va atamalar oʻzbekcha soʻz sifatida qayd etilgan boʻlsa, 2020-yilda tayyorlangan tuzatilgan 2-nashrda ular soni 35–40 foizga kamaygan.
Maʼlumki, Ichki ishlar vazirligi tizimida ham ona tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzi, mavqeyini oshirish, vazirlik taʼlim muassasalarining kursant va oʻquvchi-yoshlarini vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirilib, ichki ishlar organlarida davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi taʼminlab kelinmoqda. Hududiy ichki ishlar organlarida aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etilmoqda.
Tilimiz sofligini taʼminlash borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilayotgan boʻlishiga qaramay, loqaydlikka yoʻl qoʻyilishi va eʼtiborsizlik tufayli soʻzlarni buzib talaffuz qilish, yozuvlarda jiddiy xatoliklarga yoʻl qoʻyish holatlari hamon uchramoqda.
Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqni qoʻya turaylik, hatto ayrim til mutaxasislari – oʻqituvchilarning ham soʻzni ifodali talaffuz qilmagani natijasida kulgili holatlar roʻy bermoqda. Masalan, burnogʻi yili «Oʻqituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan televizor orqali bir ustozning kasbidan magʻrurlanib: «Yoshlikda olgan oʻgʻitlarimizni oqlayapmiz» degani kechirib boʻlmas xato hisoblanadi. Chunki oʻgʻit ekinga solinadigan ozuqa boʻlsa, «oʻgit»ning oʻzagi «oʻg» boʻlib bu pand-u nasihat qilmoq, aql oʻrgatmoq, tushuntirmoq maʼnosini bildiradi.
Har bir fuqaro oʻz ustida ishlashi, ayniqsa, gazeta-jurnal va badiiy adabiyotlarni muntazam oʻqib borishi zarur. Shunda biz ham tilimiz sofligiga oʻz hissamizni qoʻshgan boʻlamiz. Zero, donishlarimiz aytganidek, «Har bir millat, har bir til oʻzicha takrorlanmas va oʻzicha sharif. Jumladan, mening oʻzbek tilim ham, oʻzbegim ham».
Shuhrat ROʻZIYEV,
oʻz muxbirimiz.
