Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Oʻzbek tili milliy qadriyat, oʻzlikni anglash, mustaqil davlatchilik timsoli, maʼnaviy boylik sifatida xalqimiz hayotining ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.

Soʻnggi yillarda oʻzbek tilini rivoj­lantirishga, tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilgan samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Til siyosatini takomillashtirishga huquqiy asoslarning mustahkamlanishi esa davlat tili nufuzini yanada oshirdi. 1989-yil 21-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonunini qabul qilish oson kechmaganini ham, mustaqillik yillarida oʻzbek tilini davlat tiliga aylantirish yoʻlida amalga oshirilgan qator chora-tadbirlarni ham xalqimiz juda yaxshi biladi. Ushbu qonun oʻsha davrda xalqimizning mustaqillik uchun qoʻyilgan dastlabki qadami boʻlgan, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Qonun moddalarida «Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tili» ekanligi va mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishi belgilanganligi muhim ahamiyat kasb etadi.

2020-yil 10-aprelda «Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida»gi qonunning qabul qilinishi esa xalqimizning dilidagi, orzusidagi ish boʻldi. Ushbu qonun bilan har yili 21-oktabr mamlakatimizda «Oʻzbek tili bayrami kuni» sifatida keng nishonlanadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yil 21-oktabrda «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan, yangi soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish boʻyicha Atamalar komissiyasi tashkil etildi.

Bu muhim hujjatning qabul qilinishi davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi boʻldi, mazkur sohada yana bir muhim qadam qoʻyildi. Chunki Oʻzbekistonda shu vaqtgacha davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshiradigan yagona, mustaqil va markazlashgan tuzilma yoʻq edi.

Prezident farmonida Oʻzbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida oʻzbek tilini oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi. Bundan tashqari, oʻzbek tilini yanada rivojlantirishga qaratilgan uchta muhim hujjat:

2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi;

2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020–2022-yillarda amalga oshi­rish dasturi;

2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari tasdiqlandi.

Bugungi kunda ana shu hujjatlarda oʻz aksini topgan aniq vazifalar ijrosini taʼminlash uchun davlat bosh­qaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot sohalarida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va harbiy muassasalar faoliyatida toʻliq davlat tilida ish yuritish boʻyicha boshlangan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Zero, mamlakatimiz rahbari taʼkidlaganidek, «davlat tili masalasi milliy gʻoyamizning asosiy tamoyillaridan biri boʻlishi zarur».

Yangi Oʻzbekistonda oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim. Ammo davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash bilan ish bitadi, deyish oson. Bunga faqat xohish va iroda kerak. Xohish boʻlish uchun esa kuchli targʻibot va til mafkurasi boʻlishi lozim.

Til siyosatini mafkura qilib yuritar ekanmiz, oʻz ona tilimizni qanchalik hurmat qilishimiz, birinchi navbatda, oilaga ham bogʻliq. Har bir oilada, muloqot tili birinchi oʻrinda oʻzlikni anglashga yetaklaydi. Oilada milliy tilimizga boʻlgan eʼtibor kuchli boʻlarkan, bola avvalo eʼtibor va eʼzozlangan ona tilida fikrlaydi.

Oilada oʻz ona tilida muloqot qilib, maktabda boshqa tilda suhbatlashadigan bola asta-sekin «maktab tili»ga oʻtib olishini koʻpchilik yaxshi bilsa kerak. Bu esa farzandlarimizni mentalitetimizga mos qilib voyaga yetkazishda ancha mushkulot tugʻdiradi. Oʻzlikni anglashda tilni birinchi oʻringa qoʻysak, inson maʼnaviyatini shakllantirishdagi oʻrni kelib chiqadi.

Qolaversa, bu borada oʻz ye­chimini kutayotgan muammolar ham mavjud boʻlib, xususan, «Davlat tili haqida»gi qonunning 8-moddasida «Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va eʼlon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham eʼlon qilinadi», deb belgilangan boʻlsa-da, ayrim sohalardagi davlat idoralarida hujjatlarni davlat tilida qabul qilish yetarlicha yoʻlga qoʻyilmagan. Bu esa ayrim hollarda jismoniy va yuridik shaxslarga noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, qonunning 10-moddasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda, boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkinligi belgilanganligiga qaramasdan, ayrim sohalarda statistika va moliya hujjatlari, shartnomalar talab darajasida davlat tilida yoʻlga qoʻyilmagan. Xususan, ayrim xizmat koʻrsatish sohalari (kommunal, internet xizmatlari va h.k.) tomonidan shartnoma, dalolatnoma, ogohlantirish xati kabi hujjatlar koʻpincha davlat tilida rasmiylashtirilmayotganini koʻrish mumkin.

Qonunning 20-moddasida lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin, deb belgilangan boʻlsa-da, mazkur qoidaga har doim ham amal qilinmayapti. Xususan, ayrim savdo yoki xizmat koʻrsatish sohalari tomonidan bevosita yoki internet tarmoqlari orqali berilgan lavhalar va eʼlonlarda davlat tili talablariga rioya qilmaslik holatlarini kuzatish mumkin.

Masalan, savdo doʻkonlari, umumiy ovqatlanish joylarida va ularning internet saytlarida xorijiy tilda yozilgan «мы открылись», «распродажа», «скидка», «доставка», «sale» kabi xorijiy soʻzlarni koʻp uchratish mumkin. Vaholanki, oʻzbek tilida «chegirma», «yetkazib berish», «arzon narxda» kabi ushbu soʻzlarning muqobillari mavjud.

Davlat tilining amal qilishi bilan bogʻliq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida farmon va qarorlarning belgilanganligi, hukumatda maxsus tuzilma tashkil qilinganligi va bu oʻzbek tilining nufuzini davlat siyosati darajasida olib borilishini taʼminlaydigan yangi omildir.

2021-yil 1-apreldan boshlab oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanishi yoʻlga qoʻyilganligi esa til siyosatini yuritishning funksional yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Demak, til siyosati endi asta-sekin mafkuraga aylanib, ongimizga singib boraveradi.

Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va obroʻsini yuksaltirishning yagona yoʻli – taʼlim. Biz maktabgacha taʼlimdan boshlab ogʻzaki va yozma nutqni rivojlantirmas ekanmiz, oʻzbek tilining nufuzini boy beramiz. Joriy yilda yana bir katta muvaffaqiyatga erishildi. Tashqi reklama yozuvlari avval davlat tilida aks ettirilishi qonun bilan belgilandi va bugungi kunda uning ijrosiga kirishildi.

Demak, oʻzbek tilini mamlakatimiz ijtimoiy hayotida toʻlaqonli ifodalanishini taʼminlasak va takomillashtirib borsak, yoshlarni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlardan gʻururlanish ruhida tarbiyalasak, ona tiliga boʻlgan hurmat va mehr-muhabbat yanada ortib boraveradi. Ana shundagina biz yurtimizdagi har bir fuqaroning davlat tilini bilishiga va buni burch va majburiyat sifatida his etishiga erishamiz.

Mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida davlat tilining toʻliq joriy etilishini taʼminlash, til toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va uning taʼsir kuchi barchaga taalluqli boʻlishiga erishish bizning asosiy vazifamizdir.

 

Xurshidbek ROʻZIYEV,

vazir maslahatchisi,

podpolkovnik.