Xalqimiz xohish-irodasi asosida qabul qilingan, yangilangan Konstitutsiyada ijtimoiy, huquqiy va dunyoviy davlatning barcha normalari aks ettirilgan. Xususan, Bosh qomusimizning birinchi moddasida: «Oʻzbekiston – boshqaruv­ning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat» deya belgilab qoʻyilgan. 

Ijtimoiy davlat – har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishish, ijtimoiy tafovutlarni yumshatish va muhtojlarga yordam berish uchun ijtimoiy adolat tamoyillariga muvofiq moddiy boyliklarni adolatli taqsimlashga qaratilgan davlat modelidir.

Dunyoviy davlat – davlat hokimiyati va boshqaruvdan din ajratilgan, boshqaruv diniy qoidalar bilan emas, balki qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan, qarorlar qabul qilishda diniy asoslarga tayanilmaydigan davlat. Shuningdek, hech qanday din va mafkura davlatning majburlov kuchi bilan oʻrnatilmasligini, ularning davlatdan ayri ekanligini tavsiflaydi. 

Huquqiy davlat – demokratik tamo­yillar asosida qabul qilingan qonunlar oldida barcha teng va hisobdor boʻlgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlat. Qolaversa, qonun oldida barcha tengligi va hisobdorligi, hokimiyatlar boʻlinishi prinsipi asosida davlat oʻz faoliyatini amalga oshirishi, fuqaro va davlat oʻrtasida masʼullik, inson huquqlari va erkinligi real taʼminlanganligidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan Konstitutsiyaning yangi tahriri boʻyicha referendum yakunlariga bagʻishlangan uchrashuvda «Oʻzbekis­ton – dunyoviy davlat va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Xalqimizning referendum orqali bildirgan xohish-irodasi, qatʼiy tanlovi ham shu!» deya alohida taʼkidladi. Shu bilan birga, bundan buyon ham, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning vijdon erkinligi taʼminlanishi; barcha diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi; mamlakatimizda millatlar va konfessiyalar oʻrtasida totuvlik va hamjihatlikni taʼminlash siyosati izchil davom ettirilishini qayd etdi.

Ijtimoiy va dunyoviy davlatning eng asosiy ustuni hamda ajralmas qismi qonun ustuvorligi sanaladi. Qonun birlamchi boʻlgan davlat oʻz-oʻzidan huquqiy davlatdir.

Kezi kelganda taʼkidlash joizki, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar qatorida, ichki ishlar organlari ham huquqiy davlatda qonun ustuvorligini taʼminlashda asosiy oʻrin tutadi. Osoyishtalik posbonlari fuqarolar­ning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, jismoniy va yuridik shaxs­larning mol-mulki himoya qilinishida, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlashda kamarbasta boʻlmoqda. Xalq bilan tizimli manzilli muloqotni, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlikni oʻrnatish orqali aholining eng muhim muammolarini hal etishga har tomonlama koʻmaklashmoqda. 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga nogironligi boʻlgan shaxslar, mehnatga layoqatsizlar va keksalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ijtimoiy xizmatlar tizimini rivoj­lantirish boʻyicha ham huquqiy normalar kiritilgan. Jumladan, 57-moddada: «Mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir» degan band mavjud.

Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijtimoiy himoya bilan bogʻliq yangi tizim yaratildi. Xususan, kam taʼminlangan oilalarga nafaqa belgilash asoslari aniq qilib belgilandi. «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi ishga tushirilib, kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Keyingi paytda «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», «mahallabay» va «xonadonbay» ishlash tizimi amalga joriy qilinib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, ularning munosib hayot kechirishlari uchun sharoit yaratish, aholi bandligini taʼminlash, daromadini oshirish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. 

Bugun yurtimizda aholining ehtiyojmand qatlamlarini uy-joy bilan taʼminlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda koʻplab uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Turarjoyga boʻlgan talabni qondirish boʻyicha ayollar va yoshlarga, ehti­yojmand oilalarga subsidiyalar ajratish tizimi yoʻlga qoʻyildi. 

Maʼlumki, joriy yil 19-sentabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi­ning umumsiyosiy munozaralari boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

Prezidentimiz keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan va keng koʻlamli islohotlarga alohida toʻxtalib, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surib, qatʼiyat bilan shunday dedi: «Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat boʻlmish Yangi Oʻzbekis­tonni barpo etish siyosatini qatʼiy davom ettirmoq­damiz. Mamlakatimiz «Inson qadri va manfaatlari uchun» degan ezgu gʻoya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yoʻlidan dadil bormoqda». 

Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha fuqarolar­ning tengligi, inson huquqlari, soʻz va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqat yana bir bor tasdiqlandi. Shu huquqiy asosda qabul qilingan «Oʻzbekiston – 2030» taraqqiyot strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uygʻundir.

«Oʻzbekiston – 2030» strategiya­sining ishlab chiqilishini jamiyatimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini taʼminlash, har tomonlama rivojlangan demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat barpo qilish yoʻlidagi islohotlarni yanada jadallash­tirish borasida qoʻyilgan muhim qadam deb baholash lozim. Bu yangi Oʻzbekis­tonda inson qadri, uning munosib hayot kechirishi har narsadan ustun ekanli­gining yorqin isbotidir.

Sarvar SOBIROV tayyorladi.