Soʻnggi yillarda Oʻzbekis­tonda ham turizm yaxshi rivoj­lanmoqda. Buyuk Britaniyaning «Gardian» gazetasi Oʻzbekistonni dunyoda oxirgi yillardagi eng yaxshi turistik yoʻnalish, deya eʼtirof etdi. Butunjahon turizm tashkiloti esa turizm sohasida eng tez oʻsayotgan mamlakatlar roʻyxatida yurtimizga toʻrtinchi oʻrinni munosib koʻrgan. Respublikamizda turizmni rivojlantirish borasida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Koʻplab davlat fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilindi. Bundan tashqari, elektron viza rasmiylashtirish imkoniyati joriy etilib, viza olish soddalashtirildi. Qoʻshimcha ravishda, «Vatandosh», «Talaba», «Akademik», «Ziyoratchi» va «Tibbiyot» viza turlari joriy etildi.

Oʻzbekiston 

Lonely Planet versiyasiga koʻra, Osiyoda sayohat qilish uchun eng yaxshi joylar reytingiga kiritildi. Gastronomik turizm boʻyicha yurtimiz MDHning eng ommabop davlatlar beshtaligiga kiradi. Xavfsiz mamlakatlar reytingida Respublikamiz ikkinchi oʻrinni egalladi.

Yana bir muhim jihat, yurtimiz sayyohlikning turli yoʻnalishlari rivoji uchun muhim asosga ega. Masa­lan, muqaddas qadamjolarni ziyo­rat qilish hamda diniy turizmni oʻz ichiga olgan ziyorat turizmi istiqboli uchun hozirgi paytda Oʻzbekistonda 7,3 mingdan ziyod madaniy meros obyektlari mavjud. Yoki togʻ turizmini olaylik. Chimyon, Zomin, Boʻstonliq... Har biri oʻz fusunkorligiga ega yana koʻplab togʻla­rimiz sayyohlik rivoji uchun muhim manbadir. 

Xuddi shunday ajo­yib va noyob taomlari bilan sayyohlarni lol qoldiradigan Oʻzbekiston gastronomik turizmda ham peshqadam. Shuningdek, madaniy-maʼrifiy turizm, ekologik turizm, ishbilarmonlik turizmi, geoturizm, jip-turlar ham mamlakatimizda rivojlanayotgan istiqbolli yoʻnalishlardir. Sport, salomatlik, suv tu­rizmi, qishloq xoʻjaligi tu­rizmi rivojlanishi uchun ham sharoitlar yaratilmoqda.

Tan olish kerak, sayyoh oʻz xavfsizligi taʼminlangan, tinch va osoyishta davlatgagina boradi. Bu borada Oʻzbekistonda eʼtirof etishga arzigulik ishlar amalga oshirildi. Xususan, IIV tizimida Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi. Ayni paytda sohaviy xizmat xodimlari joylarda tu­ristlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning xavfsizligini taʼminlash barobarida, sayyohlarga nisbatan huquqbuzarlik yoki ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Zarur hollarda ularga huquqiy, ijtimoiy yordam berishyapti.

Joriy yilning 26-aprel kuni Prezident Shavkat 

Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan turizm xizmatlari koʻlamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlan­tirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishida bu borada uchrayotgan muammolarni bartaraf etish, mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar oqimini koʻpaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, turizm va unga turdosh sohalarda kamida 200 mingta yangi ish oʻrinlari yaratish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun yil yakuniga qadar har bir viloyatda turistlar uchun jozibador boʻlgan kamida 20 million dollarlik 1 tadan yirik loyihani boshlash zarurligi taʼkidlandi.

Misol uchun, Namanganda ishga tushirilgan «Afsona­lar vodiysi», Boʻstonliqdagi «Amirsoy majmuasi»da barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, kuniga minglab xorijiy va mahalliy turistlarga xizmat koʻrsatmoqda. Lekin Chimyon, Amirsoy yoki Zomindek dongdor boʻlmasa-da, salohiyati hali ishga solinmagan turistik manzillar yurtimizda juda koʻp. Ma­salan, Boysunda joylashgan, Osiyodagi eng chuqur gʻor hisoblangan Boybuloq yoki neandertal odam qoldigʻi topilgan Teshiktosh gʻori haqida koʻpchiligimiz eshitganmiz, kitoblarda oʻqiganmiz. Biroq hamma ham u yerlarga borib, manzarani oʻz koʻzi bilan koʻrmagan. Yoki Darband darasi, qadi­miy ellin madaniyati yodgorligi – Uzundara qalʼasini butun dunyodan keladigan sayyohlarga boricha koʻrsatilsa, mamlakatimizga qan­cha valyuta kirib kelishini tasavvur qilib olavering.

Mutaxassislarning hisob-kitobiga koʻra, bu yerda mehmonxona, kemping, togʻ sporti, dor yoʻli, turistlar uylari kabi obyektlarni tashkil etish orqali 500 ming sayyohni bemalol jalb qilish, shuning orqasidan koʻplab ish oʻrinlarini yaratish mumkin. Bunday imkoniyatlar Boʻstonliqdagi Tovoqsoy, Ohangarondagi Ovjasoy, Angrendagi Yangiobod, Shahrisabzdagi Miraki, Yangiqoʻrgʻondagi Nanay, Popdagi Chodak hududlarida ham mavjud.

Plyaj turizmi ham bizda oqsab turgan tarmoqlardan biridir. Hozirda Chorvoq va Toʻdakoʻldan boshqa birorta hududda choʻmilish joylari yoʻq. Vaholanki, Nukusdagi Ashshikoʻl, Buxorodagi Zikrikoʻl, Jizzaxdagi Aydarkoʻl va Tuzkon koʻlida ham bunday joylarni yaratish imkoniyati bor. Videoselektorda qisqa vaqtlarda mazkur hududlarda ham plyaj turizmini tashkil etish yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, joriy yilda Oʻzbekistonning 31 ta tuman (shahar) hududidan oʻtuvchi yoʻl boʻyida kompleks turizm xizmatlarini (avtoturargoh, kemping, avtoservis, ovqatlanish, yoqilgʻi quyish shoxobchalari) qamrab olgan 1 tadan «karvonsaroy» barpo etish vazifasi qoʻyildi. Bunday loyihalarga 1 trillion soʻm kredit resurslari ajrati­lishi, yil yakuniga qadar yana 100 million dollar jalb qilinishi koʻzda tutilgan.

Xulosa qilib aytganda, yurtimizda turizmning koʻplab yoʻnalishlarida yetar­li salohiyat va imkoniyatlar mavjud. Muhimi, ulardan unumli va samarali foydalanish uchun yuqoridagi kabi muammolarni bartaraf etish, turizm infratu­zilmasini yuqori bosqichga olib chiqish ke­rak. Shundagina turizmning iqtisodiyotdagi ulushi yanada ortadi, yurtimizni sayyohlik rivojlangan davlatlar qatorida koʻramiz.


Foziljon MAMASHARIPOV,

«Postda» muxbiri.