Bugungi kunda Oʻzbekistonda 35 milliondan ortiq aholi hamjihatlikda yashab kelmoqda. Aholi soni va uning oʻsishi boʻyicha Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni egallaydi. Yurtimiz hududidan Markaziy Osiyoning eng katta daryolari – Amudaryo va Sirdaryo oqib oʻtadi. Serquyosh Vatanimizning yerlari serunum, resurslarga boy.

1991-yilning 31-avgustida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi eʼlon qilinib, xalqimizning muqaddas, tarixiy orzusi ushaldi.

Istiqlol yillarida mamlakat iqtisodiyotining barqaror oʻsishi taʼminlanmoqda. 

Har bir davlatning transport-logistika tizimi mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida yetakchi oʻrinni egallaydi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning oʻrtasida joylashganligini inobatga olib, hukumatimiz rahbariyati transport-logistika tizimini yanada shakllantirishga, yoʻl qurilishiga alohida eʼtibor berib kelmoqda. Mamlakat hududlarini hamda xalqaro yoʻl tizimini yangidan, muqobil variantlarda shakl­lantirishga koʻp miqdorda investitsiya sarflanmoqda. Xalqaro standartlarga mos transport-logistika tizimini toʻliq shakllantirsak, tranzit yuk tashishdan ham koʻplab daromad olishimiz mumkin.

Mamlakatimizda temiryoʻl qurish jadal surʼatlar bilan rivoj­lantirilmoqda. Qisqa davr ichida Buxoro – Urganch yoʻnalishi boʻyicha 300 kilometrdan ortiq temiryoʻl, Toshkent – Fargʻona vodiysi boʻyicha 350 km temiryoʻl barpo etildi. Xalqaro darajadagi loyiha boʻyicha Afgʻonistonga 110 km uzunlikda, yaʼni Surxondaryo – Hayraton – Mozori Sharif temir yoʻli qurib bitkazildi.

Oʻzbekiston dunyo boʻyicha suv yoʻliga ega boʻlmagan davlatlardan bittasi. Ushbu holat transport tizimidagi eng katta muammo hisoblanadi. Kelajakda Afgʻoniston orqali Karachi portiga chiqish loyihasi muhokama qilinmoqda. Umuman olganda, transport-logistika tizimini rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi davlatlardan hisoblanadi.

Turkmaniston va Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy aloqalari oxirgi besh yilda jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Iqtisodiyot, fan, kadrlar tayyorlash hamda madaniy sohada boʻlayotgan ijobiy munosabatlar alohida eʼtiborga loyiq. Savdo aylanmasi 2017-yil 177 million dollarni tashkil qilgan boʻlsa, bu koʻrsatkichni 500 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Qoʻshni Afgʻoniston mamlakati bilan iqtisodiyot, madaniyat va min­taqada tinchlik-osoyishtalikni saqlash borasida hamkorlik qilinmoqda, afgʻon xalqiga moddiy, maʼnaviy yordam berilmoqda. Ushbu mamlakat bilan tovar aylanmasi 2020-yilning birinchi yarmida 332,9 million dollarga teng boʻldi. Kelajakda bu hamkorlikni yanada kengaytirish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Yuqorida qayd etilganlardan shuni xulosa qilish mumkinki, Oʻzbekistonni oʻzining ishlab chiqarish potensiali, imkoniyatlari, barqaror iqtisodiy oʻsishi, xalqining ijodkorligi va tadbirkor­ligi, maʼnaviy va maʼrifiy salohiyati hamda tinchlikparvarligi bilan Markaziy Osiyoda lokomotiv mamlakat desa boʻladi. Oʻzbekistonda qabul qilinayotgan 2022–2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish ushbu holatni yanada mustahkamlaydi.

Oʻtmishga nazar solsak sobiq ittifoq davrida, hatto mustaqillikning dastlabki yillarida ham Oʻzbekiston xom-ashyo yetkazib beruvchi agrar mamlakat edi. Yalpi ichki mahsulot tarkibi­ning 33 foizi qishloq xoʻjaligi ulushiga, 14 foizi esa sanoat tarmogʻi hissasiga toʻgʻri kelardi. Bugungi kunga kelib, sanoat ulushi 34 foizni, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari esa 16–17 foizni tashkil qiladi. Endi Oʻzbekiston agrar emas, balki sanoati rivojlanayotgan industrial mamlakatga aylandi.

Albatta, bu oʻz-oʻzidan boʻlgan emas. Iqtisodiyotning barqaror oʻsi­shini taʼminlaydigan asosiy tarmoq bu sanoat tarmogʻidir. Shu jumladan, sanoatning energetika, mashinasozlik va kimyo tarmoqlari iqtisodiy oʻsishda lokomotiv tarmoqlar hisoblanadi. Shuni hisobga olgan holda, hukumatimiz rahbariyati yuqorida qayd etilgan tarmoqlarga alohida eʼtibor berib, davlat budjetidan, xorijiy investitsiyalardan kerakli miqdorda mablagʻ ajratildi, davlat dasturlari yoʻnaltirildi. Ayniqsa, 2017–2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasi amalga oshirish davomida mamlakatimiz iqtisodiyoti, xususan, sanoat jadal surʼatlar bilan rivojlantirildi. Bu­xorodagi neftni qayta ishlash zavodi, Qandim kimyo kompleksi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi rekonstruksiyasi, Shoʻrtangaz kimyo kompleksi, Qoraqalpogʻistondagi kimyo kompleksi, Qashqadaryodagi «Uzbekistan GTL» zavodining yaqinda ishga tushirilishi, energetika sohasida issiqlik elektrostansiyalar, gidroelektrostansiyalarning qurilishi, mavjudlari­ning rekonstruksiya qilinishi, muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarila bosh­lanishi – bularning hammasi iqtisodiy oʻsishni taʼminlovchi lokomotivlar, desak, toʻgʻri boʻladi.

Mamlakatimizdagi barqarorlik va qulay investitsiya muhiti natijasida tashqi iqtisodiy aloqalar izchil rivoj­lanmoqda. 2021-yilda jami 10 milliard dollardan ortiq, jumladan, 8 milliard 100 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan. Buning natijasida 318 ta yirik va 15 mingdan ziyod hududiy loyihalar amalga oshirilib, 273 mingdan ortiq ish oʻrinlari tashkil etilgan. Yangi korxonalar jami 1 milliard dollardan ziyod eksport va 530 million dollarlik import oʻrnini toʻldirish imkoniyatiga ega.

Alohida taʼkidlash lozimki, 2020-yilda mamlakatimizda eksport miqdori 9 milliard dollardan oshgan boʻlsa, 2021-yilda 12 milliard dollarni tashkil etgan. Eʼtiborlisi, bunda tayyor va yarimtayyor mahsulotlar 

ulushi sezilarli koʻpaygan. Joriy yilda 9 milliard 500 million dollardan ziyod toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalarni oʻzlashtirish, 282 ta yirik va 9 mingdan ortiq hududiy loyihalarni ishga tushirish moʻljallangan. Eksport hajmini 14 milliard dollarga yetkazish hisob-kitob qilingan.

Maʼlumki, 2017-yilgacha atrofimizdagi qoʻshni mamlakatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy munosa­batlarimiz, oʻzaro aloqalar yetarli darajada emas edi. Xalqimizda «Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qoʻshning yaxshi» degan naql bor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan qoʻshni mamlakatlar bilan barcha yoʻnalishdagi aloqalar yaxshilandi.

Qoʻshni Qozogʻiston mamlakati bilan ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlik yildan-yilga rivojlanib bormoqda. 2020-yilda Oʻzbekistonning Qozogʻistonga eksporti 908,4 million dollarga yetgan boʻlsa, 2021-yilning 9 oyida 1057,2 million dollarga yetdi. Umumiy tovar ay­lanmasi 2020-yil 3 milliard dollardan 2021-yilning 9 oyida 3,53 milliard dollarga yetdi. Oʻzbekiston eksportining 9,3 foizi Qozogʻistonga toʻgʻri keladi. Yaqin besh yillikda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish moʻljallangan.

Qirgʻiziston bilan ham iqtisodiy aloqalar yildan-yilga kengayib bormoqda. Oxirgi uch yillikda oʻzaro tovar aylanmasi besh martaga ortib, 818,4 million dollarga yetdi. Ushbu koʻrsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilgan.