Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov 1917-yilning 6-noyabrida Jizzax shahrida tugʻilgan. Dastlab, Jizzax pedagogika texnikumi soʻngra Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. U talabalik davrida mazkur viloyatning «Lenin yoʻli» gazetasida muxbir, masʼul kotib, muharrir oʻrinbosari vazifalarida ishlaydi. Universitetning oxirgi kursida oʻqiyotganida esa muharrir darajasiga koʻtariladi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanganida Sharof Rashidov koʻngillilardan boʻlib jangga ketadi. U Shimoliy-Gʻarbiy frontdagi oʻqchi brigadaning siyosiy rahbari hamda harbiy jurnalist sifatida faoliyat koʻrsatayotganida endigina 25 yoshga qadam qoʻygan edi. 1942-yilning noyabr oyida Sharof Rashidov urushdan ogʻir yarador boʻlib qaytadi va maktabda direktorlik qilish bilan birga, tarix, adabiyot va rus tili fanlaridan oʻquvchilarga dars beradi.

1944-yilning may oyida Samarqand viloyat partiya qoʻmitasi kotibi qilib saylangan Sh. Rashidov 1947-yilda oʻzidagi iqtidor va tashkilotchilik qobiliyati tufayli 30 yoshida respublikamizning yetakchi nashri – «Qizil Oʻzbekiston» gazetasi muharriri lavozimiga loyiq koʻriladi. 1949–1950-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rais, oʻttiz uch yoshida esa Oʻzbekiston Oliy Kengashi Rayosati raisi qilib saylangan. Sobiq ittifoq tarixida bunday yosh rahbar oliy hokimiyat egasi boʻlmagan edi.

1959-yildan Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy qoʻmitasining birinchi kotibi etib saylangan yosh va uddaburon Sh. Rashidovning Guliston, Yangiyer va boshqa oʻnlab shaharlarning bunyod etilishida, yangi tumanlarning tashkil qilinishida xizmati katta boʻlgan.

1966-yili Toshkentda yuz bergan kuchli zilzila davrida uning saʼy-harakatlari bilan nafaqat Oʻzbekis­ton, balki butun ittifoq falokat oqibatlarini bartaraf etishga jalb qilinadi. Natijada esa qisqa muddat ichida poytaxtimiz yangi qiyofa kasb etadi.

Toshkentda Osiyo va Lotin Amerikasi yozuvchi va kinoaktyorlarining festivallari, adabiyot va sanʼat kunlarining oʻtkazilishiga rahnamolik qildi.

Sharof Rashidov mamlakatimizni boshqargan yillari Toshkent metropoliteni ishga tushiriladi. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya zavodi dunyoning eng katta 5 ta aviatsiya birlashmasidan biriga aylantirilib, yiliga 60 ta samolyot ishlab chiqaradi. Toshkent traktor zavodida yiliga 21 mingta traktor, «Tashselmash» zavodida esa 10 mingta paxta terish kombayni ishlab chiqarilgan. 1969-yilda Muruntov oltin koni ochilib, yiliga 100 tonna oltin qazib olinadi.

Shu boisdan, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-martdagi «Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisida»gi qarori asosida Jizzax shahrida uning memorial muzeyi tashkil qilindi. Ushbu maskanga kiraverishda Yurtboshimizning «Hech shubha yoʻqki, Sharof Rashidov nomini oʻzbek xalqining tarixidan, hayotidan ayri tasavvur qilib boʻlmaydi. Sharof Rashidov oʻz xalqiga va Vataniga fidoyi farzand edi», degan soʻzlarining bitilishi ham unga boʻlgan buyuk hurmatning namunasidir.

Ming shukrki, Mustaqillik tufayli tarixiy adolat tiklandi. Sharof Rashidov buyuk shaxs sifatida tan olindi. Shundan ham koʻrinib turibdiki, tarix ulugʻ murabbiy va buyuk tarbiyachi hisoblanadi. Chunki inson, xalq oʻtmishdan toʻgʻri saboq chiqarib yashagandagina tarixiy adolatni qaror toptirish hamda oʻz kelajagini barpo etishga muyassar boʻladi.

Sh. Rashidov rahbarlik bilan bir qatorda, ijodni ham toʻxtatib qoʻymadi. Uning qalamiga mansub «Chegarachi» dostoni, «Qahrim» sheʼrlar toʻplami, «Gʻoliblar», «Boʻrondan kuchli», «Qudratli toʻlqin» kabi yirik nasriy asarlari, «Kashmir qoʻshigʻi», «Komde va Mudan» kabi lirik qissalari hamda «Koinot» nomli kinoqissasi shular jumlasidandir. Adib hayotining soʻnggi yillarida yozgan «Dil amri» qissasida Ikkinchi jahon urushi davrida Belorus zaminida oʻzbek jangchilarining gʻalaba yoʻlida olib borgan hayot-mamot kurashi tasvirlangan.

Tinib-tinchimas fidoyi insonning davlat va jamiyat oldidagi xizmatlari ham yuksak qadrlanib, bir necha marotaba orden va medallar bilan taqdirlangan.

Rashid boboning toʻrt nafar oʻgʻli boʻlib, ular orasida Asil Rashidov akasi singari adabiyotga mehr qoʻyib, mohir tarjimon boʻlib yetishgan. Sh. Rashidov Xursanoy aya bilan toʻrt qiz va bir oʻgʻilni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ularing toʻngʻichi Sayyora Rashidova kimyo fanlari doktori, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi. Yana bir qizi Gulnora Rashidova esa tarix fanlari nomzodi. Yorqinoy Rashidova Birlashgan Millatlar Tashkilotida Oʻzbekistonning vakili sifatida faoliyat yuritgan. Dilorom Sharofovna texnika fanlari nomzodi. Oilaning yolgʻiz oʻgʻli Ilhom Rashidov esa yuridik fanlar nomzodi.

Bunday jonkuyar insonning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Jizzax viloyatidagi tuman, Toshkent va Jizzax shahridagi maktab, koʻcha va mahallalarga uning nomi berildi. Shuningdek, tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Jizzax shahrida uning haykali oʻrnatildi.

Yaqinda u tahsil olgan oliy taʼlim muassasasiga ham Sharof Rashidov nomi berildi.