Xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan milliy kinofilʼmlar talaygina. Ularning yaratilganiga bir necha oʻn yillar boʻlsa-da, hamon miriqib tomosha qilishimiz sababi haqida hech oʻylab koʻrganmisiz? Ushbu kartinalar tomoshabinni ekran qarshisiga mixlab qoʻyib, oʻzgacha kayfiyat uygʻotishini-chi? Aslida bu savollarning javobi juda oddiy. Yaʼni, ushbu filmlarga milliy qadriyatlarimiz, ochiqkoʻngillik, bagʻrikenglik singari insoniy fazilatlar, samimiyat singdirilgan. Milliy kinochiligimiz xazinasidan oʻrin olgan ana shunday asarlardan biri «Abdullajon» filmidir.

Taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov tomonidan 1991-yilda yaratilgan ushbu kinokartina bugunga qadar oʻzbek kinosidagi fantastik komediya janrining ilk va eng yorqin namunasi hisoblanadi.

«AYLANASIGA

OʻN SAKKIZ QADAM»

Kinokartinaning eng katta yutugʻi tanlangan gʻoyaning oʻzbek xarakteri, toʻgʻrirogʻi, oddiy qishloq odamlarining hayot tarzi va muloqotlari fonida mahorat bilan ochib berilganida. Masalan: Bozorboy oʻzga sayyoralik bolaga duch kelib, uning yerlik emasligini payqamaydi, deysizmi? Ayniqsa, oʻzga sayyoralik «mehmon» haqidagi mish-mish­lar urchigan mahalda-ya?.. Yoʻq, u bolaning yegulikni kosasi bilan paqqos tushirganidan tortib «U yogʻda hovli kattami?», deya bergan savoliga «Aylanasiga oʻn sakkiz qadam», degan javobidan keyin hammasini anglab yetadi. Biroq oʻzbekona soddadillik bilan «Ja, siqilib qolibsizlarda-a-a» deya javob qaytarar ekan, barcha hayratini ichiga yutadi. 

Butun qishloqqa jar solmaydi. Garchi, oʻz yaqinlari, mahalla-koʻyning nooʻrin taʼna-dashnomlariga qolsa ham. Balki, unga bolasining ustidagi kiyimini, oʻz ovqatini ilinib, bobosining ismi bilan Abdullajon deb ataydi. Uning qurilmasini topsa-da, yashirib qoʻyadi. Oʻzbekiston xalq artisti Rajab Adashev ushbu obraz orqali har qanday vaziyatda ham «Bolaning begonasi boʻlmaydi» naqliga amal qiluvchi xalqimizning bagʻrikengligi, bolajonligini tomoshabinga mahorat bilan yetkazib bera olgan. 

Ustoz sanʼatkor ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularidan birida aynan shu roli tufayli «...Mening ketmonim uchdi», deya taʼkidlagan. Eʼtiborlisi, kartina mana shunday hayotiy sahnalar bilan muxlislar qalbini zabt etgan. 


«ANA, DADA 

DEYaPTI»

Ona mehr-muhabbat ummoni. Ushbu filmda oʻzbek onalarining betakror qiyofasini Toʻti Yusupova mahorat bilan gavdalantirgan. Uning filʼm avvalida «Ana, dada deyapti» qabilidagi norozilik kayfiyati tomoshabinni biroz choʻchitsa, kino soʻngida «Yana qaytib kelgin, bolam» deya kuzatishi qalbda allanechuk achinish hissini uygʻotadi. Uning jahl, alam va zarda bilan «Hoy malʼchik, gde mama, huvv Barnovuldami, Barnovuldami deyapman» tarzidagi soʻzlari hanuzgacha xalqimiz tilidan tushmay, katta-kichik davralarda samimiy kulgi uygʻotishi ham bor gap. 


HALOLLIK

VAKSINASI

Filʼmda yaxshilik va yomonlik, toʻgʻrilik va egrilik, insof-diyonat, ochkoʻzligu dilozorlikdan muhim xulosa chiqarishga undovchi sahnalar bisyor. Misol uchun: voqealar tizginida arini oʻldirgani uchun rais buvaning ketmoni uchmasligi, Yoʻldosh «piyanista»ning bir shisha aroqqa nafsi hakalak otib, qishloqdagi ajabtovur ishlarni rais buvaning qoʻli ostida, deya gap tarqatishdan ham tap tortmasligiyu Bozorboyning roʻzgʻoridagi kamchiliklarni oʻylab boshi qotsa-da, pulni qalbakilashtirish qonunga xilofligini bilgach, soxta kupyuralarni yoqib yuborishi singari kadrlar halollik vaksinasidek kishini oʻylashga, mushohada qilishga undaydi. 


YoRQIN IJROLAR BARHAYoT

Bugun sanʼat olamiga kirib kelayotgan yoshlar orasida ushbu kinokartinadan sahnalar, kino qahramonlariga taqlid namoyishlarini tayyorlashga xohish kuchli. Va bu orqali koʻplab yosh ijodkorlar oʻz iqtidor qirralarini namoyish etishmoqda. Bu bilan oʻlmas kinoasardagi hayotiylik suvi bilan sugʻorilgan yorqin ijrolar yangi talqinda barhayot, deya bemalol ayta olamiz. 


XULOSA

OʻRNIDA

Biz kinoshunos emasmiz. Biroq maroqli tomosha har qanday kishini oʻylashga, mulohaza qilishga chorlashi aniq. Ayniqsa, pishiq gʻoya asosida yozilgan mukammal ssenariy va mahoratli ijrodek uch birlik bir-birini toʻldirgan «Abdullajon» singari filmdan keyin. 

Abdullajon oʻzga sayyoralik boʻlishi mumkin. Biroq u bilan bogʻliq voqeliklar, qarashlar, holatlar bizga begona emas. Aslida, filmning tomoshabinlar nigohidan qalbiga koʻchganining siri ham shunda. 


Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

«Postda» muxbiri.