Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

(21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni)

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga ham 33 yil toʻldi. Bu vaqt mobaynida milliy tilimiz rivoji yoʻlida nimalarga erishdig-u, yana qanday ishlarni amalga oshirishimiz zarur degan savol oʻzida vatanparvarlik, millatparvarlik, milliy oʻzlikka daxldorlik hissini tuygan har qanday insonni qiziqtirishi tabiiy.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi – milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimizning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soʻnggi yillar mobaynida mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash, uning mavqeini koʻtarish borasidagi ishlarning yangi bosqichga koʻtarilishiga sabab boʻldi, desak, xato qilmagan boʻlamiz.

Masalan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari, «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilinganligining 30 yil­ligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi farmon va qarorlar hamda boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar oʻzbek milliy tili, uning asosini tashkil etuvchi oʻzbek adabiy tilining jamiyatimizdagi oʻrni va mavqeini koʻtarish ishlarida dasturulamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qaror hamda farmonlar mamlakatimizda oʻzbek tilining nufuzi va mavqeini koʻtarish borasidagi ishlarni jadal surʼatlarda davom ettirishni taʼminlagan boʻlsa, Vazirlar Mahkamasining «Oʻzbek tilining davlat tili sifatida qoʻllanilishini kengaytirish, rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻqitish metodikasini takomillashtirish boʻyicha 2019–2020-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi»da belgilangan vazifalar ijrosi borasida yanada salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Eng avvalo, «2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi»ning ishlab chiqilganligi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanganligini alohida eʼtirof etish lozim. Ilmiy asoslangan soʻz va atamalarni rasmiy isteʼmolga kiritish boʻyicha Atamalar komissiyasi tashkil etilganligi va darhol oʻz faoliyatini boshlaganligi bu sohadagi dastlabki qadamlardan biri boʻldi, deyish mumkin.

Oʻzbek tilini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida «Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi», shuningdek, mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida, jumladan, davlat boshqaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa sohalarda davlat tilining imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy boʻlimlari tashkil qilingani ham quvonarli holdir.

Maʼlumki, oldingi yillarda chop etilgan izohli lugʻatlarimiz va davlat tilida ish yuritish boʻyicha qoʻllanmalarda ayrim juzʼiy kamchiliklar va xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan edi. Ana shu noqisliklarni bartaraf etish maqsadida «Oʻzbek tilining izohli lugʻati», hamda «Davlat tilida ish yuritish» qoʻllanmalarining toʻldirilgan, takomillashtirilgan nusxalari nashr etildi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshida oʻzbek tilining lugʻat boyligini doimiy ravishda yangi soʻzlar bilan boyitib borish va ushbu yoʻnalishda tadqiqotlar olib borishga moʻljallangan «Oʻzbek shevashunosligi markazi» tashkil etilganligi ham tilimiz ravnaqi yoʻlidagi dadil qadamlardan biridir. Zero, oʻzbek tili turkiy tillar ichida eng koʻp shevali til boʻlganligi uchun bu tilning juda koʻp nazariy va amaliy masalalarini hal etish lahja va sheva materiallarini oʻrganish, tahlil etish ishlari bilan aloqadordir. Shevalarda tilimizning milliy xususiyatlari toʻla va aynan saqlanganligini inobatga olsak, adabiy tilimizni ichki imkoniyatlar asosida takomillashtirishda lahja va shevalar tiliga murojaat qilmaslikning iloji yoʻq.

Oʻtgan yillarning achchiq saboqlaridan yana biri – hatto turgʻunlik yillari nomini olgan davrlarda ham aksariyat oliygohlarda mavjud boʻlgan oʻzbek tili va adabiyoti kafedralari oʻylab koʻrilmasdan qabul qilingan qaror oqibatida tugatilib, ushbu fanlar oʻqitilmay qoʻygandi. Shukrki, yuqorida tilga olingan dastur talablaridan kelib chiqib, respublikamizdagi barcha oliy oʻquv yurtlarida oʻzbek tili va adabiyoti kafedralari tashkil qilindi hamda barcha mavjud yoʻnalishlarning oʻquv rejalariga «Oʻzbek tilining sohalarda qoʻllanishi» fanini oʻqitish joriy qilindi.

 

Xususan, IIV Akademiyasi va mamlakatimizdagi turdosh oliy oʻquv yurtlarida til oʻqitish masalasiga keng eʼtibor qaratildi. Chunki xalq bilan doimiy muloqotda boʻladigan ichki ishlar organlari va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar xodimlari uchun tilni bilish, bilganda ham, eng nozik qirralarigacha eʼtibor qilish juda muhimdir. Zero, donishmand ota-bobolarimiz azaldan nutq madaniyatiga katta eʼtibor berishgan. Shuning uchun ona tilimizni asrab-avaylab, uni eʼzozlashimiz lozimdir. Qolaversa, millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti boʻlgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, tongdek orombaxsh, quyoshdek nurli, ona ogʻushidek issiq, bahordek tarovatli, yozdek haroratli, kuzdek saxovatli, qish qorlaridek begʻubor tuygʻularimizning tarjimoni boʻlgan, millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona tilimiz bizni yuksak maʼnaviyatga, maʼrifatga, madaniyatga, istiqlol-u istiqbolga yetaklovchi bebaho neʼmatdir. Zotan, tilimizga eʼtiborli boʻlsak, millatimiz qalbi, oʻzligimiz timsoli boʻlgan ona tilimiz hech qachon zavol topmaydi.

 

Sulton NORMAMATOV,

ToshDOʻTAU Oʻquv va tarbiyaviy ishlar boʻyicha prorektori,

filologiya fanlari doktori.