Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan turli hikoyalar, voqea-hodisalar haqidagi maʼlumotlar istaymizmi-yoʻqmi eʼtiborimizni tortadi. Ularning ayrimlari hayotda boʻlishi mumkin boʻlsa, baʼzilari yon-atrofimizda sodir boʻlgandek tuyuladi... Shunday moʻʼjaz hikoyalar orasida barchamizga ibrat boʻladiganlari ham talaygina. Muallifi koʻrsatilmagan ushbu «Poraxoʻr jarroh» hikoyasi ham sizlarga manzur boʻladi degan umiddamiz.
Bir shifoxonaga ogʻir ahvoldagi oʻsmir bolani olib kelishdi. Uni bir kishi bexosdan mashinasida urib yuborgan edi. Navbatchi shifokor bolaning ahvoli juda ogʻirligini va tezda operatsiya qilish kerakligini aytdi. Oʻsha kishi darhol bosh jarrohga uchrashib dedi:
– Iltimos, bolani hayotini saqlab qoling, doktor!
Doktor esa bamaylixotir javob berdi:
– Ukam, urib yubormasdan oldin oʻylash kerak edi buni, endi...
– Iltimos, doktor,tezroq operatsiyani boshlash kerak ekan...
Shifokor:
– Xoʻsh, endi mushuk tekinga oftobga chiqmasligini ikkimiz ham juda yaxshi bilamiz...
– Nimalar deyapsiz, doktor. Axir bir inson hayoti xavf ostida! Qancha boʻlsa mana men turib beraman. Faqat uni saqlab qoling! Va nihoyat ular ancha katta miqdordagi pulga kelishishdi.
Doktor bemorni operatsiyaga tayyorlashlarini buyurdi. Ammo doktor bu yoqda oʻsha kishi bilan kelishayotgan vaqtida bola allaqachon hayotdan koʻz yumgan edi. Doktorning bolani saqlab qolishga imkoni bor edi, lekin u vaqtni qoʻldan boy bergan edi.
Ammo eng dahshati bu emas edi. Doktor bola yotgan jarrohlik stoliga yaqinlashdi-yu, unga yer bilan osmon birlashganday tuyulib ketdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, jarrohlik stolida oʻzining yakkayu yagona erkatoy oʻgʻlining jonsiz tanasi yotardi...
Xulosa chiqarish oʻzingizdan...
