Azim poytaxtimizning tarixini oʻrganish, uning osori atiqalarini asrab-avaylash va qayta tiklash ishlari davlat tomonidan alohida nazorat ostiga olingan.
2021 yil 18 oktyabrdagi Toshkent shahar hokimining «Toshkent shahrining 12 ta qadimiy darvozasini tiklash va ularning joylashgan koordinatalarini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qaroriga koʻra, poytaxtning qadimiy 12 ta darvozasi aniq belgilangan joylari, ularning koʻrinishi va tarixi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirish hamda qadimiy darvozalarni qayta tiklash ishlari olib borilmoqda.
Xoʻsh, ushbu darvozalar haqida nimalarni bilamiz? Qadimdan Shosh hududining kengayishi bilan shahar devori ham, u boʻylab oʻrnatilgan darvozalarning oʻrni va nomlari ham oʻzgarib turgan. Shahar yagona mudofaa devori bilan oʻrab olinib, mustahkam istehkomga aylantirilgan. Tarixchi Muhammad Solihning yozishicha, XIV asr oxirida shaharning 12 darvozasi (Qiyot, Turk, Oʻzbek, Taxtapul, Qorasaroy, Chigʻatoy, Suʼboniyon (Sagʻbon), Koʻkcha, Kamondaron, Qangʻli, Beshyogʻoch, Qatagʻon) boʻlib, ularni qoʻriqlash maʼlum bir qabila vakillariga topshirilgan. Shu sababli darvozalar oʻsha qabilalar nomlari bilan atalgan.
Abdullaxon II 1580 yil Toshkentni qamal qilganda, shaharga 6 tarafdan hujum qilishga farmon bergan. «Abdullanoma»da shaharning Farkat, Shibli, Koʻkcha, Turkiston (yangi qurilgan), Samarqand, Registon kabi darvozalari boʻlganligi qayd etilgan. Keyingi asrlarda shahar mudofaa devori tashqi dushmanlar hujumlari taʼsirida vayrona holiga kelgan. Yunusxoʻja davriga kelib esa qayta tiklangan. Qoʻqon xonligi Toshkentni oʻz hududiga qoʻshib olgach, Lashkar qushbegi tomonidan shahar devori qayta taʼmirlanib, har yer-har yerda minoralar qurilgan, yangi darvozalar oʻrnatilgan.
Toshkent 1865 yilda Chor Rossiyasi tomonidan bosib olingan vaqtda, uning 12 ta – Labzak, Taxtapul, Qorasaroy, Sagʻbon, Chigʻatoy, Koʻkcha, Samarqand, Kamolon, Beshyogʻoch, Qoʻymas, Qoʻqon va Qashgʻar darvozalari boʻlgan.
Ayrim manbalarda keltirilishicha, Toshkentning qadimiy darvozalari soni turli davrlarda turlicha boʻlgan. Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi chorraha hisoblangan Toshkent shahri aholisi tashqi dushmanlardan oʻzini muhofaza qilishga harakat qilgan. 1735 yilda Toshkentda boʻlgan tashrifchilardan biri «Shahar toʻrt tomondan gʻishtli devor bilan oʻralgan 32 ta minorali darvozalari boʻlgan. Devorni ustida bemalol ikkita otliq yura olgan» deb maʼlumot beradi. Toshkent devori haqidagi manbalarda «XVIII asrning oxirlarida shahar mudofaa devorining balandligi salkam 8 metr, tepa qismining kengligi 2 metrgacha boʻlgan. Devor aylanasining uzunligi 18,2 km, shaharning umumiy maydoni esa 26,4kv. kilometrni tashkil etgan», degan maʼlumotlar mavjud.
Har bir darvoza hududi, mahalliy aholining kasbi-kori, qaysi tomonga yoʻnalganligi kabi omillar asosida nomlangan. Masalan, Kamolon darvozasi Beshyogʻoch dahasining qadimiy darvozalaridan biri boʻlib, Beshyogʻoch va Samarqand darvozalari oraligʻida, «Kamolon» mahallasi hududida va mahalla masʼulligida boʻlgan. Muhammad Solih «Tarixi jadidayi Toshkand» asarida Kamolon mahalla sifatida tilga olingan, darvoza esa Kamondaron koʻrinishida yozilgan. Tabiiyki, mahallada yashagan bu toifaning asosiy kasb-korlari kamon va kamon oʻqi yasash boʻlgan. Kamondaron (kamongoron), yaʼni kamonsozlar keyinchalik ogʻzaki tilimizga Kamolon talaffuzida yetib kelgan. Tarixdan maʼlumki, Toshkentda yasalgan oʻq-yoylar Sharqda «Kamoni Shoshiy» nomi bilan mashhur boʻlgan.
Samarqandga boriladigan karvon yoʻli shu yerdan boshlanganligi sabab «Samarqand darvoza» deb yuritilgan. Bu yerda yashovchi keksalarning maʼlum qilishicha, 1895 yilgacha Samarqand darvozasining ichki hududida Toshkentga kiruvchilarni nazorat qiluvchi va oʻlpon yigʻuvchilar yashagan. Aholisi asosan oʻzbeklar boʻlib, hunarmandchilik, dehqonchilik bilan shugʻullangan.
Darvozalarning hammasi katta yoʻl ustida qurilgan boʻlib, kalitlar darvozabonlar qoʻlida saqlangan. Darvozabonlar darvozani tongda ochib, quyosh botganda berkitgan. Darvoza yopilgandan soʻng uni ochishga faqatgina shahar hokimining oʻta zarur farmoyishi boʻlgandagina ruxsat berilgan.
Uzoq yoʻldan charchab kelgan karvon shahar darvozasi oldida toʻxtab, yuklarini tushirgan va shaharga kirish uchun hujjatlashtirish ishlarini olib borgan. Bojxona soligʻini olish uchun zakotchi mahsulot hajmidan kelib chiqqan holda hisob yuritgan.
XIX asrning ikkinchi yarmida shahar devori va darvozalari birin-ketin buzila borib, tez orada ularning izlarini topish mushkul boʻlib qolgan. Sababi bir tomondan shahar maydonining kengayib borishida boʻlsa, ikkinchidan – bu devor va darvozalarni saqlashga ham ehtiyoj qolmaganligida edi. Natijada ular oʻz holicha tashlab qoʻyilgan.
Toshkent darvozalari kalitlarida tegishli darvoza nomi va yasalgan yili yozilgan. 1865 yil iyun oyida Toshkent Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan keyin, 12 ta darvozaning ramziy oltin kalitlari yasalib, rus general-gubernatori Mixail Chernyayevga topshiriladi. U esa kalitlarni Peterburgdagi harbiy muzeyga topshiradi.
Bu kalitlar darvozani ochuvchi haqiqiy kalitlardan ancha kichik boʻlgan. Ular Peterburgda 1917 yilgacha Rossiya imperiyasi, undan keyin shoʻrolar hukumati tasarrufida boʻlgan.
1933 yil 14 iyunda Toshkent darvozalarining ramziy kalitlari Oʻzbekistonga qaytarib berilgan.
Sarvar SOBIROV tayyorladi.
