Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulugʻ. Shu bois oʻtganlarning xayrli ishla­rini, qahramonligi va jasoratini yod­ga olmoq, eʼzozlamoq xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biriga aylangan. Ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirish qon-qonimizga singib ketgan. Zotan, xotira oʻtmishni anglatib turuvchi muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr insonni yuksaklikka koʻtaradi, uning orzu-intilishlariga olijanoblik bagʻishlaydi.

9-may sanasi millatimizning yuksak qadriyatlariga ehtirom ifodasi oʻlaroq namoyon boʻladi. Chunki uning zamirida yurt ozodligi va tinchligi uchun kurashgan, kuch-qud­rati, aql-zakovatini ayamagan, kerak boʻlsa, shu yoʻlda jon fido qilgan vatandoshlari­mizning yorqin xotirasiga chuqur ehtirom koʻrsatish, keksalar ho­lidan xabar olish, ularni eʼzozlash singari ezgu fazilatlar mujassamdir.

Haqiqatan ham, bugun Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy – umumxalq bayramiga aylandi. Bu bayramda Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar, front ortida mehnat qilganlar, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qi­lish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.

Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng mashʼum qirgʻindir. Olti yil davom etgan bu urush­da 62 ta davlat, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgan. Yevropa, Osiyo va Afrika qitʼalari­dagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan qurolli toʻqnashuvlarga 110 million kishi safar­bar etilgan va 70 million kishi halok boʻlgan.

1941-yil arafasida respublikamiz aholisi 6,5 millionga yaqin boʻlgan, shundan qariyb 2 millionga yaqini urushda qatnashgan. Yaʼni, yosh goʻdak va bolalarni, qariyalar va ayollarni hisobga olmaganda, xalqimizning 40 foizdan koʻprogʻi qoʻliga qurol olib, jang maydonlariga kirgan. Eng yomoni, bu dahshatli urushda 500 ming nafardan ziyod yurtdoshimiz halok boʻlgan. 

«Bular shunchaki oddiy raqam­lar emas. Ularning zamirida mushtipar onalari­miz, momolari­miz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qaygʻu va hasrat mujassam. Bu dard-u alamlarni hech qanday raqam, hech qanday soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi», degan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.

Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan yurtdoshlarimiz – Vatanimizning mard va jasur farzandlarini yoddan chiqarishga haqqimiz yoʻq. Ularning nomi Toshkentdagi Xotira maydoniga oʻrnatilgan Xotira kitoblariga zarhal harflar bilan bitib qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalqimizning Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan beqiyos jasoratini abadiylashtirish maqsadida poytaxtimizda «Gʻalaba bogʻi» yod­gorlik majmuasi va «Shon-sharaf» davlat muzeyi bunyod etildi.

Ikkinchi jahon urushida mardlik va qahramonlik namunalarini koʻrsatgan, keyinchalik xizmatni ichki ishlar organlarida davom ettirgan yurtdoshlarimiz koʻpchilikni tashkil etadi. Afsuski, ularning aksariyati hozir oramizda yoʻq. Butun umrini yurt tinchligini taʼminlashga baxshida etgan bu qahramonla­rimiz yosh avlod qalbiga faxr-iftixor bagʻishlaydi, albatta.

Surxondaryo viloyatining Sari­osiyo va Uzun tumanlari, keyinchalik Toshkent viloyatining chegara hududlariga bostirib kirgan terrorchilarga qarshi janglarda qahramonlarcha halok boʻlganlar orasida ichki ishlar organlari xodimlari ham bor. Shu bilan birga, Toshkent shahrida sodir etilgan teraktlar oqibatida bir necha osoyishtalik posbonlari dunyodan erta koʻz yumdi. Qolaversa, ashaddiy jinoyatchilar bilan olishuvlar vaqtida ham bir qancha xodimlarimiz mardlarcha halok boʻlishdi. 

Hozirgi paytda xiz­mat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan ichki ishlar organlari xodimlarining oila aʼzolari holidan doimiy xabar olib turiladi. Ularga moddiy-maʼnaviy koʻmak beriladi. Xuddi shuningdek, halok boʻlgan xodimlarning farzandlari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga yoki ishga kirishi uchun imtiyozlar ham joriy etilganki, bu mamlakatimizda inson qadri ulugʻlanayotganining yorqin dalilidir.

Ajdodlarni, ularning yurt tinchligi va obodligi yoʻlida qilgan xayrli amallarini yod etmoq, keksa­larni, faxriylarni ardoqlash, koʻmakka muhtojlarga yordam koʻrsatish bugun tom maʼnoda milliy qadriyati­mizga aylandi. Zero, inson – hayot gultoji, uning qadri, hurmati eʼzozga loyiq.

Kamol OLLOYOROV,

«Postda» muxbiri.