Ular oʻzaro «Bir koʻzi gʻilay va bir oyogʻi kalta podshohni sogʻlom koʻz va oyoqli qilib tasvirlash yolgʻon manzara boʻladi, biz bunday ishga qoʻl urmaymiz», – deyishibdi va har xil bahonalar bilan shohga oʻz uzrlarini izhor qilibdi.
Ammo bir rassom bunga rozi boʻlib, barcha musavvirlarni hayratga solibdi.
Haqiqatan, u podshohning nuqsonsiz rasmini juda ham chiroyli tasvirlabdi. Suratda podshoh ov miltigʻini ushlab kiyikni nishonga olayotgan holatda edi. Bunday paytda tabiiyki, ovchi bir koʻzini yumib olgan hamda bir oyogʻini bukib, yerga tayanib turgan boʻladi.
Mahoratli rassom suratda podshohning gʻilay koʻzi va choʻloq oyogʻini shu holatda yashira olibdi. Boshqa hamkasblari uning mahorati va ziyrakligiga qoyil qolib, tasannolar aytibdi. Chunki u odamlarga ayblov koʻzi bilan emas, balki ijobiy koʻz bilan qarab, uni benuqson suratda tasvirlay olgan edi.
Baʼzan atrofimizdagi insonlarning harakatlariga osongina salbiy baho beramiz. Vaholanki, ular nuqsonmi yoki hikmat ekanligini koʻpda fahmlayvermaymiz.
Aslida olam hikmatlarga toʻladir. Uni koʻrmoq uchun esa qalb koʻzimiz uygʻoq boʻlishi lozim. Insonning qalbi esa ilm bilan, oʻzlikni anglash bilangina uygʻonadi. Inson qachon oʻzligini anglaydi? Qachonki, u xoh yaxshi, xoh yomon kishi boʻlsin, uning ham bir yaratiq ekanini anglaganda, oldimizdan chiqayotgan har narsa, voqea-hodisalar zamirida bizga berilgulik saboq borligini tushuna boshlagandagina oʻzini taniydi. Bunday inson esa har bir narsadan hikmat izlab yashaydi. Zero, illat izlaganga illat, hikmat izlaganga esa hikmat beriladi.
Feruza
RAHMONQULOVA,
oʻz muxbirimiz.
