Xususan, 2001-yildan buyon Oʻzbekistonda 31-avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanadi. Zero, mamlakat tarixida tom maʼnoda begunoh odamlarning qoni bilan yozilgan sahifalar koʻp. Bu Turkistonning
XIX asrda bosib olinishi, oʻtgan asrdagi jadidlar harakatining ayovsiz tugatilishi, 30–50-yillardagi dahshatli qatagʻonlar, 80-yillardagi paxta ishi va boshqalar.
Shu oʻrinda oʻtgan asrning 20-yillarida yoshlarni ilm olishga yoʻnaltirilgan xayrli ishlarni eslatib oʻtishni lozim topdik. Bu davrda Buxoroda xalq jumhuriyati tashkil etildi. Yangi hayot, yangi orzu-intilishlar bilan yashaldi. Xuddi shu kezlari Turkiston oʻlkasida buyuk bir maʼnaviy harakat boshlandi. Mustamlaka tuzumi tufayli taraqqiyotdan orqada qolgan Turkiston xalqi zamonaviy ilm-fan sirlarini oʻrganishga kirishdi. Shu maqsadda xalqimizning eng salohiyatli farzandlari saralanib, Yevropaning ilgʻor mamlakatlariga oʻqishga yuborildi. Bu tarixiy ishga atoqli davlat va jamoat arboblari Fayzulla Xoʻjayev, Munavvar qori, Fitrat, Saidnosir Mirjalilov, Choʻlpon kabi ziyolilar bosh qoʻshishdi.
Yurtimizdan oʻqishga yuborilgan 70 ga yaqin talaba Germaniyaning Berlin, Drezden, Bon, Xaydelberg, Darmshtadt kabi shaharlarida mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, tarix, falsafa, pedagogika, genetika, injenerlik sohalarida bilim olishdi. Chunki Turkiston shunday mutaxassislarga nihoyatda muhtoj edi.
XX asrning boshlarida masʼum yuragi sof orzu umidlar bilan toʻlib-toshgan, olis Germaniyaga ilm va baxt izlab ketgan yigit-qizlarimizning bir qismi vataniga qaytdi. Ammo nemis diyorida oʻqib kelgan turkistonlik talabalarning koʻpchiligi Stalin repressiyalarining qurboni boʻldi. Germaniyada oʻqishni davom ettirayotgan ikkinchi guruh esa bu mudhish fojialardan xabar topib, sarosima va qaygʻuga tushdi. Buxoro hukumati yuborib turgan stipendiyalar, jamiyatlar tomonidan berilayotgan moddiy yordamlar butunlay toʻxtab qoldi. Turkistonlik talabalar shunday ogʻir sharoitda ham tahsilni davom ettirdi. Qiyinchilik va mashaqqatlarni yengib, oʻqishni tugatadi. Afsuski, Vatanda ularni olqish va guldastalar emas, tikanli simlar kutayotgan edi. Ular iztirob va vijdon azobi ostida ona yurtni qoʻyib chet ellarga, jumladan, Turkiyaga ketishga majbur boʻlishadi. Ibrohim Yorqin, Tohir Chigʻatoy, Ahmadjon Ibrohimov, Abduvahob Murodiy, Abdumajid Ibrohimov, Sattor Jabbor, Xayrinisa Majidxonova, Saida Sherahmedova, Maryam Sultonmurodova va boshqalarning hayot va faoliyatlari, 30-yillardagi achchiq qismatlari fikrimizning yaqqol dalilidir.
Shunday qilib, 30-yillarning ikkinchi yarmida Oʻzbekistonda boshlangan qonli terror oqibatida Germaniyada oʻqib qaytgan talabalar nemis-fashist josuslari, vatan xoinlari kabi soxta ayblar bilan qatl qilindi. Shu bilan ularning respublikamiz iqtisodi, xoʻjaligi, ilm-fani va madaniyati taraqqiyoti yoʻlida olib borayotgan fidokorona ishlari barbod etildi, ularning nomini tilga olishga ham yoʻl qoʻyilmadi, hatto avlod-ajdodlari ham uzoq taʼqib va tazyiqdan qutula olmadi. Turkiya va Germaniyada qolib ketgan talabalarga ham vatan xoinlari sifatida munosabatda boʻlindi.
Taqdirimizga oq dogʻ boʻlib tushgan 30–50-yillardagi qatagʻon qanchadan-qancha halol insonlarning umriga zomin boʻldi. Ayniqsa, mustabid tuzum kirdikorlariga qarshi fikr bildirgan milliy ijodkor ziyolilarning bir qator vakillari – Munavvar Qori Abdurashidxonov, Asadulla Xoʻjayev, Ashurali Zohiriy, Elbek, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat, Otajon Hoshimov, Usmon Nosir va boshqalar qatagʻon qurboni boʻlishgan. Shunday qilib, shoʻro tuzumi, qatagʻonlar yordamida oʻrnatilgan tartib kuchaytirildi, u norozilik va tashabbuskorlikni kuch bilan yoʻq qildi, insoniyat va demokratiyani shafqatsizlarcha poymol qildi.
Ikkinchi jahon urushi arafasida va urushdan keyingi yillarda ham millat fidoyilarining boshidan qora bulutlar arimadi, koʻplari nohaq ayblar bilan qurbon boʻlishdi. Madaniyatimizning mashhur arboblari Abdulla Qahhor, Mirtemir va Turob Toʻla badnom etildi. Maqsud Shayxzoda, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Shukrullo, Said Ahmad singari adiblar, Hamid Sulaymon, Muhiddin qori Yoqubov, Sulaymon Azimov, Toʻxtasin Jalilov va boshqa olim-u sanʼatkorlar oʻz hayotlarining muayyan yillarini qamoqlarda oʻtkazdi. Oybek muharriri boʻlgan «Sharq yulduzi» jurnali alohida tanqidga uchradi.
U kosmopolitizmda, siyosatsizlikda, tartibsizliklarni keltirib chiqaradigan asarlarni chop etishda ayblandi.
1937–1939-yillarning oʻzidagina Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligining uchliklari tomonidan 41 ming nafardan koʻproq kishi qamaldi. Shulardan
37 ming nafardan ortigʻi sudlandi, 6 ming 920 nafar
kishi otib tashlandi. 1939–1953-yillarda esa
61 ming 799 nafar kishi qamaldi. Shulardan 56 ming
112 nafari turli muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 7 ming 100 nafari esa otib tashlandi.
Gʻayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganlar orasida olimlarni ham, harbiylarni ham, ziyolilardan tortib oddiy ishchilar-u dehqonlarni, hatto kosib va hunarmandlarni ham istagancha topish mumkin edi. Mustaqillikka erishgunimizga qadar qatagʻonning manfur toʻlqini doimo qalqib turdi. Bu borada 1980-yillarda tuhmat va boʻhtonlar orqali «oʻzbek ishi» tamgʻasi bilan xalqimizning boshiga tushgan qora kunlarni ham unutib boʻlmaydi.
Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi sobiq ittifoq prokuraturasi xodimlari «oʻzbek ishi», «paxta ishi» kabi tuhmatlarni uydirishdi. Oʻzbek xalqi ochkoʻzlik, laganbardorlik, uydirmachilik va boshqa gunohlarda ayblandi. Birgina «paxta ishi» boʻyicha respublikaning 25 mingga yaqin aholisi sud va tergovsiz qamoqqa olindi.
Bugun davlatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan odilona milliy siyosat natijasida tarixiy haqiqat tiklanganini, tinchlik-osoyishtalik hukm surayotgan mamlakatimizda inson xotirasi va maʼnaviy qadriyatlarga yuksak eʼtibor qaratilayotganini alohida taʼkidlash lozim. Bu farzandlarimiz uchun muhim oʻrnak boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekiston mustaqillik yillarida, haqiqatan ham, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati ulugʻlangan davlatga aylandi.
Gʻayratulla Shukurov,
oʻz muxbirimiz.
