AQSHning Vashington shahrida hech bir bino Kapitoliy tepaligida joylashgan mamlakat Kongressi, yaʼni qonun chiqaruvchi organ – parlamenti binosidan baland boʻlmasligi kerak degan naql yuradi. Buning boisi mamlakatda qonun barcha narsadan ustun boʻlishi kerakligi bilan izohlashadi.
Qadimgi yunon faylasufi Arastu davlat boshqaruvi asosida qonunlar yotishi kerak deya taʼkidlagan. Chunki hatto eng yaxshi hukmdor ham hissiyotga, ruhiy hayajonga berilishi mumkin, qonun esa «muvozanatlangan aql»dir deb hisoblagan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 1-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatdir. Huquqiy davlatning eng muhim belgisi, prinsipi esa – bu qonun ustuvorligi. Ushbu prinsip inson huquqlari bilan bevosita bogʻliq. Zero, qonunlardan koʻzlangan asosiy maqsad inson huquq va erkinliklarini taʼminlashdan iborat.
Yana Bosh qomusimizga murojaat etadigan boʻlsak, uning 15-moddasiga koʻra, yurtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. Davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritishlari lozim.
Demak, respublikamizda qonun ustuvorligini belgilovchi huquqiy baza mavjud ekan. Xoʻsh, bu qoidalar qogʻozda qolib ketmasligi uchun mamlakatimizda qonuniylik va qonun ustuvorligi qay yoʻsinda taʼminlanadi?
Huquqiy davlatda har bir shaxs oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishi mumkin. U davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Jamiyat hayotida qonuniylikni taʼminlashda prokuratura organlari zimmasiga ham ulkan masʼuliyat yuklangan. Chunki Bosh qomusimizning 143-moddasiga asosan, mamlakatimiz hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga boʻysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.
Yurtimizda qonuniylikni taʼminlashda ichki ishlar organlarining alohida oʻrni bor. Oʻzbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida»gi qonunida ushbu soha xodimlarining asosiy vazifalaridan biri sifatida aynan qonun ustuvorligini taʼminlash ham koʻrsatib oʻtilgan. Qolaversa, ular fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini amalga oshirish orqali ham jamiyatda qonuniylik hukm surishiga hissa qoʻshishadi.
Yuqorida qayd etilganlardan koʻrinib turibdiki, jamiyatda qonuniylikni taʼminlash davlat idoralari xodimlarining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Yana shuni alohida taʼkidlashni istardikki, qonunlarga amal qilish borasida birinchi galda mansabdorlarning oʻzlari namuna boʻlishlari lozim. Amaldorlar qonunbuzarlik sodir etsalar, davlatning obroʻyiga putur yetkazadilar.
Bugungi axborot asrida qonuniylik jamiyat hayotining odatiy meʼyoriga aylanishiga erishishda ommaviy axborot vositalari, internet nashrlar va ijtimoiy tarmoq faollari ham katta oʻrin tutadi. Prezidentimiz oʻtgan yilda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yoʻllagan tabrigida jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini oʻrganish va hal qilish borasida ularning oʻrnini eʼtirof etib: «Kuyunchak va olijanob jurnalistlarimiz, faol blogerlarimiz oʻzlarining qatʼiy pozitsiyasi, haqqoniy soʻzi bilan hayotimizdagi oʻtkir muammolarni hal etish, islohotlarimizning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshmoqdalar», – deya taʼkidlagan edilar.
Toʻgʻri, qonun ustuvorligini taʼminlashda nazorat hech shubhasiz kerak. Lekin jamiyatimizda qonuniylikning qaror topishi avvalambor har birimizga bogʻliq. Oʻzimizga savol beraylik. Piyoda yoki haydovchi sifatida yoʻl harakati qoidalariga har doim ham rioya etamizmi? Bir fuqaro sifatida oʻzimiz yashaydigan mahallada atrof muhitni muhofaza qilyapmizmi? Isteʼmolchi sifatida ichimlik suvini isrof qilmayapmizmi?
Kimdir bular mayda masalalarku deyishi mumkin. Lekin katta qonunbuzarliklar ham kichik qoidabuzarliklardan boshlanadi. Qonunlarga doimo rioya qilishi uchun kishining vijdoni uygʻoq, eng sergak nazoratchi boʻlishi kerak. Chunki odam baʼzan qonunga ham, boshqa nazoratchilarga ham chap berishi mumkin, lekin vijdonga chap berib boʻlmaydi. Vijdon uygʻoqligi birinchi galda maʼnaviy, huquqiy tarbiya bilan bogʻliq. Tarbiya esa beshikdan qabrgacha davom etadigan jarayondir.
Mamlakat hayotida qonun ustuvor boʻlmasa, odamlarning davlat idoralariga ishonchi yoʻqoladi. Ular adolat, haqiqat, tenglik shunchaki quruq soʻzlar ekan degan xulosaga keladi. Natijada oʻzlari ham qonunlarni aylanib oʻtishga harakat qiladi. Qaysiki mamlakatda qonunlarga rioya qilinmasa, korrupsiya avj oladi, iqtisod oqsaydi. Bunday mamlakatga chet ellik tadbirkorlar ham sarmoya kiritishni istashmaydi. Eng ayanchlisi, maʼnaviy tanazzul yuz beradi.
Muxtasar qilib aytganda, rivojlanishni istagan jamiyat qonun ustuvorligiga erishishi shart. Zero, qonuniylik bugungi kunda davr talabidir. Shunday ekan, yurtimizda qonun ustuvorligini taʼminlash uchun aholini huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish zarur. Bu barchani qonunga boʻysunish va hurmat ruhida tarbiyalash demakdir.
Bobomurod TOSHEV,
oʻz muxbirimiz.
Azamat PIRNIYAZOV tarjimasi.
