Xususan, aholining huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda, elektron davlat xizmatlari kengaytirilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashish choralari kuchaytirilmoqda. Bu islohotlar qonun ustuvorligini taʼminlash va jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Jamiyat taraqqiyoti, inson huquq va erkinliklarining taʼminlanishi, davlat boshqaruvining samarali faoliyat yuritishi bevosita qonunlarga bogʻliq. Puxta qonunlar qabul qilingan davlatda adolat, tenglik va huquqiy tartib qaror topadi. Qonun muayyan shaxs uchun emas, balki keng doiradagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.
Qonunni maʼrifatparvar olimlar va mutafakkirlar jamiyatda adolat, tartib va inson erkinligini taʼminlovchi asosiy vosita sifatida baholaganlar. Jumladan, Abu Nasr Forobiy qonunni fozil odamlar jamiyatini barpo etishning asosiy sharti deb hisoblagan. Uning fikricha, adolatli qonunlar insonlarni ezgulikka yetaklaydi va jamiyat tinchligini taʼminlaydi.
Abu Rayhon Beruniy qonun va adolat davlat mustahkamligining asosi ekanini taʼkidlagan.
U jamiyatdagi barqarorlik qonunlarga amal qilish bilan bogʻliq deb hisoblagan. Alisher Navoiy adolat va qonun ustuvorligini davlat boshqaruvining eng muhim tamoyili sifatida koʻrsatgan. Uning asarlarida podshohning asosiy vazifasi xalqqa adolat bilan munosabatda boʻlish ekani taʼkidlanadi.
Fransuz faylasufi Sharl Lui Monteskyo qonunni inson erkinligining kafolati deb taʼriflagan. Uningcha, qonunlar adolatga asoslangandagina jamiyat taraqqiy etadi. Jan-Jak Russo qonun xalq irodasining ifodasi boʻlishi kerakligini aytgan.
Qonun oldida barcha teng boʻladi. U adolatsizlik va zoʻravonlikning oldini olishga xizmat qiladi. Qonun jinoiy qilmish va boshqa huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilaydi. Bu esa odamlarni qonunga rioya qilishga undaydi. Huquqiy madaniyatning yuksalishi aynan qonun ustuvorligiga tayanadi. Chunki fuqarolar qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalanmasa, huquqiy ong va huquqiy madaniyat shakllanmaydi.
Huquqiy madaniyat – insonlarning huquqiy bilim darajasi, huquqiy ongi, qonunlarga itoatkorligi va huquqiy faolligi yigʻindisidir. Yuksak huquqiy madaniyatga ega jamiyatda fuqarolar qonunlarga ixtiyoriy ravishda amal qiladi, huquqbuzarliklar kamayadi va ijtimoiy barqarorlik taʼminlanadi.
Huquqiy madaniyat shaxsning huquqiy bilimlari, qonunlarga munosabati, huquq va majburiyatlarni anglashi hamda ularga amal qilish darajasini ifodalasa, qonun ustuvorligi esa davlat va jamiyat hayotida barcha uchun qonunning bir xil amal qilishini anglatadi. Ushbu ikki tushuncha oʻzaro uzviy bogʻliq boʻlib, biri ikkinchisining rivojlanishiga xizmat qiladi.
Qonun ustuvorligi – davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning qonunlarga qatʼiy rioya qilishi demakdir. Bu tamoyil demokratik huquqiy davlatning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi. Agar jamiyatda qonun ustuvor boʻlsa, har bir inson oʻz huquqlarini yaxshi anglaydi va boshqalarning huquqlariga ham hurmat bilan munosabatda boʻladi, huquqiy madaniyat bilan yashashga harakat qiladi.
Haqiqatan ham, qonun ustuvorligi taʼminlangan davlatda demokratik qadriyatlar qaror topadi va mustahkam boshqaruv amalda boʻladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev «Qonun ustuvorligi – bu davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari chiqarayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq boʻlishi shart, deganidir», – deb taʼkidlaganlar.
Jamiyatda qonun normalarining ustuvorligini taʼminlashning eng asosiy shartlaridan biri bu – mansabdor shaxslar va davlat xizmatchilarining huquqiy bilimli boʻlishidir. Ularning huquqiy bilim darajasi bir tomondan qabul qilinadigan qonun hujjatlarining sifatiga taʼsir koʻrsatsa, ikkinchi tomondan qonun hujjatlarining oʻz vaqtida va ishonchli ijrosini taʼminlashga olib keladi.
Birinchidan, qonun barcha uchun teng qoʻllanilganda, fuqarolarda adolatga ishonch paydo boʻladi. Bu esa qonunlarga hurmatni kuchaytiradi.
Ikkinchidan, davlat organlari va mansabdor shaxslar qonun asosida ish yuritsa, aholining huquqiy faolligi oshadi. Aksincha, qonunlarga amal qilinmasa yoki ular past darajada qoʻllanilsa, huquqiy nigilizm, yaʼni savodsizlik kelib chiqadi.
Uchinchidan, qonun ustuvorligi taʼlim va huquqiy tarbiya orqali huquqiy madaniyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Toʻrtinchidan, qonun ustuvorligi insonlarning huquq va majburiyatlarini anglashga yordam beradi. Natijada fuqarolar nafaqat oʻz huquqlarini himoya qiladi, balki jamiyat oldidagi masʼuliyatini ham his etadi.
Xulosa qilib aytganda, qonun faqat jazo belgilash vositasi emas, balki jamiyat maʼnaviyati va huquqiy madaniyatini yuksaltiruvchi vositadir. Qonun jamiyatda tartib, adolat va barqarorlikni taʼminlash uchun kerak. Qonun har bir davlat va jamiyatning asosiy tayanchi hisoblanadi.
Zero, insonning baxtli boʻlishi, oʻzini erkin va ozod his qilishi, hayotidan rozi boʻlishi, oʻzi va farzandlarining xavfsiz jamiyatda
yashash kafolati aynan qonun ustuvor boʻlgan va huquqiy madaniyat yuksak boʻlgan joydagina taʼminlanadi.
Boboqul Toshev,
yuridik fanlar doktori,
professor.
