Hech sezganmisiz, yoshimiz ulgʻaygani sari istaklarimiz ham kattalashmoqda. Erishganlarimizdan-da koʻproq xohishlarimiz, ehtiyojlarimiz boʻy choʻzmoqda. Turmush tashvishlariga qorishiq holda kechayotgan umrimizning har onida, yoʻl-yoʻlakay nimalargadir erishib, nimalarnidir yoʻqotayotganimiz ayni haqiqat.
Yangi yil. Hamma bayram tashvishida… Beixtiyor bolalik onlari yodga tushadi. Koʻp yillar avval shu kunlarda tengdoshlarim bilan birgalikda Qorboboga xat yozganimiz va qanday sovgʻalar olishni oʻylab, shirin xayollar surganimiz esimda. Har bir oʻquv yilining eng qizgʻin haftasi boʻlgan oʻsha orzu-umidlarga limmo-lim kunlar boshqacha edi, baribir...
Ayniqsa, otam oʻz qoʻllari bilan yasab bergan bayram archasi men va ukam uchun eng katta sovgʻa edi. Bugun uyimda undan-da hashamatli archa bezatilgan, biroq u oʻsha bolalikdagi otamning mehr qoʻri bilan yasatilgan archadek qadrli emas...
Ishdan uyga qaytayotib shunday xayollar ogʻushida yuragim entikadi. Shiddat bilan oʻtayotgan umr soniyalarini his qilaman. Oʻtgan bir yil, men hayotda qanday natijalarga erisha oldim. Kimga yaxshilik qila oldim, kimning koʻnglini ola bildim, kimnikini ogʻritdim... Bari-barisini sarhisob qilaman. 2024-yil qanday ajoyibotlari bilan yodda qolarli boʻldi? Xotiramning qatlariga muhrlangan voqealarni titkilayman, oʻylab qarasam, juda koʻp yutuqlarga erishibman, oilamda, farzandlarimda katta oʻzgarishlar yuz beribdi. Orzularimning koʻpchiligi amalga oshibdi.
Hatto moʻjizaviy tarzda amalga oshgan orzularimga qarab, shukronalikni his qilaman. Inson hech qachon orzu qilishdan charchamasligi va ularni katta maqsadlarga aylantirishi kerakligiga amin boʻldim.
Yoʻlda ketayotib bekat yonidan oʻtaman. Yaltiroq shaharning sershovqin bekati. Xayollarim yaltiroq zarday sochiladi. Oʻtmishdagi xotira bekatimdan keyingisiga oʻtishim kerak. Chunki uyda oilam, yaqinlarim bayram dasturxoniga tayyorgarlik koʻrishimni kutishyapti. Keyingi bekat esa Yangi yil...
Yangi yil kirgunicha Qorboboga xat yozmaymizmi oyi, deya soʻraydi kichkina qizim. Ular bilan oʻtirib men ham Qorboboga xat yozaman:
«Aziz Qorbobojon! Sizni ancha vaqtlardan buyon eslamadim. Kattalikning katta tashvishlari bilan boʻlib, sizdan qanday sovgʻa soʻrashni ham unutib qoʻyganimni his qildim. Men bugun oʻzim uchun emas, boshqalar uchun soʻramoqchiman. Bu yil qopingizda shunday sovgʻalar boʻlsinki, ular har bir dilga shukronalik, mehr-oqibat ulashsin. Ginalashgan qadrdonlar, aka-ukalar, yaqinlar, jigarlar bir dasturxon atrofida jam boʻlishi uchun qopingizga biroz oqibatdan ham solib oling.
Oilalar ajralmasligi, bolalar sarson boʻlmasligi uchun hurmat va muhabbatdan koʻproq olvoling. Yoʻlida adashganlar boʻlsa, toʻgʻri yoʻlga qaytishi uchun insof va diyonatni ham joylang.
Yoshlarga shijoat, keksalarga shukronalik, boylarga himmat, boqimandalik kayfiyatida yashayotgan insonlarga mehnatga muhabbat ham ola keling, kelgusi yilda kambagʻallik, firibgarlikdan tortib, korrupsiyagacha barchasini ildizi bilan sugʻurib tashlaydigan halollikdan ham biroz ulashing. Yurtimiz osmoni tinch, oilalarimiz farovon... Sizni «Yangi yil» bekatida, yashil archa atrofida, oilam bagʻrida kutamiz».
Sizni intiq kutuvchi muxlisangiz
Feruza RAHMONQULOVA.
