«Zamonaviy» ijro

... «Mana puliz, duxizzi koʻtarib yuring, eee-oʻgʻil bola», deya qiz yoʻliga ravona boʻldi. Hojatbaror usta yigit «sogʻ boʻling», deyishi bilanoq shoʻx, oʻynoqi ohanglar joʻrligida «Sevgi boʻldi yurakka nagruzka, ishqim tushdi biram baland qizga, vaqtida e-e-yy qancha qizni aldadim, bunisi boʻldi yurakka nagruzka...», deya uning goʻyoki sevib qolgani haqidagi tarona boshlandi. 

Klip voqealari rivoji qoʻshiq soʻzlari bilan parallel davom etar, xonanda Toshkentga borgani-yu, qancha «talpa»larda qolgani, hatto odam quriganday haligi qizga shaydo boʻlib qolganidan oʻzini ahmoq sanab kuylashda davom etaverdi. Xullas, jarangdor musiqani «sermaʼno» oʻzbekcha-ruscha qorishiq soʻzlar, klipni «zamonaviy» ijroga «singib ketgan» chuqur «mazmun» toʻldirardi. 

Shu oʻrinda xonandaning, klip qahramonlarini jonlantirgan «yulduz»larning ijrochilik mahorati alohida mavzuligini taʼkidlashimiz kerak. Afsus, keyingi vaqtlarda bunday «ijod namunalari» bemaza qovunning urugʻidek tobora koʻpayib bormoqda. Baʼzan ularni tinglab, tomosha qilganda, qoʻshiqchiligimiz xiyla izdan chiqib ketmayaptimikin, deb oʻylab qolasan, kishi. Bunday qoʻshiqlar zamona zayli bilan bugun yoshlarning kayfiyatiga mos boʻlishi mumkin. Ammo ularning maʼnaviyatiga nima beradi? Tashvishlisi, ayni paytda yengil-elpi, milliy mentalitetimizga yot boʻlgan, oʻta maishiy, bachkanaliklarga toʻla klip va qoʻshiqlarga muxlislar auditoriyasi ham shakllanib ulgurdi, hatto tobora kengayib bormoqda. 

Yana bir jihat: bunday «yoʻnalish»ga havasmand boʻlib, sanʼat olamiga kirib kelayotgan yosh ijrochilar ikki-uch qoʻshigʻi bilan goʻyoki, sanʼat rivojiga «munosib hissa» qoʻshib qoʻygandek, oʻzlarini «yulduz» sanayotganiga nima deysiz? Ularning dadil fikrlariga-chi? Agar ijrochilikdagi «zamonaviylashuv» shu tahlit davom etsa, oʻzbek qoʻshiqchilik sanʼatining ertasi qanday boʻlarkin-a?.. 

Maʼno-mazmun qani?

Yana bir misol: «Uchradi manga tak krasavisa, vay buni lablari manga ulibaetsya, figuralari choʻtkiy, vay-dod krasata, jonichkam moya blattatta...» Bu qoʻshiqning ijrochisi kimligi muhimmas, ammo u ijtimoiy tarmoqlarda nafaqat oʻzimizning, balki millionlab xorijlik tinglovchilarning eʼtiboriga tushdi. Zamonaviy yondashuv, oʻziga xos ijro, xoʻp mayli, bunisiga qarshiligimiz yoʻq, biroq millionlab tinglovchilar qoʻshiq matni tili, mazmuni bilan qiziqdimikin? 

Toʻgʻri, sanʼat millat tanlamaydi. Lekin bu xohlagan tildan xohlagan soʻzni qofiyaga moslab, qoʻshiq yaratish degani emas-ku, axir. Har bir gapda maʼno, mazmun, ishda mantiq boʻlishi kerak emasmi? Ha, aytgancha, ana shunday «iqtidor» egalarini tijoriy teleradiokanallar «estradamiz yulduzi», deya eʼtirof etishi ham bor gap. 

Chumchuq soʻysa ham...

«Chumchuq soʻysa ham, qassob soʻysin» degan maqol bejiz aytilmagan. Ammo bugun boshlovchilar, aktyorlarni qoʻya turaylik, blogerlardan tortib vaynerlarning qoʻshiq kuylashi, kliplarda koʻrinish berishiga oʻrganib qoldik. Matn, kuy, ijro, aniqrogʻi, uch muhim jihat bir ijodkorga tegishli ekani ham bor gap. Har bir sohada professionallik nuqtai nazari borligini inobatga olsak, yuzaki sanʼat «asar»larini vaqt shamoli uchirib, unuttirishi ham ochiq va achchiq haqiqat. Chunki undagi mohiyat, mazmun xuddi puch yongʻoqqa oʻxshaydi-da. Uni chaqsangiz ichi puch... 

Koʻngilda koʻz ochgan tashabbuslar har doim, har jihatdan toʻkis boʻlmasligi mumkin. Bunda tahlil ertangi kun, kelajak mevasidir. Demak, bugun qoʻshiqchilik sanʼatidagi «zamonaviylashuv»ga qorishiq (agar taʼbir joiz boʻlsa, albatta) taronalarni bir qur nazar solib, jiddiy tahlil qilish kerak. Aks holda, bachkana, oʻta maydalashib ketgan maishiy mavzular qoʻshiq soʻzlariga, sahnaga, ekranga koʻchaveradi.

Demoqchimizki...

Yarashgan kiyim insonga zeb, deyishadi. Yarashmagani esa...

Insonning har bir xatti-harakatidan tortib kasb-kori, bunga sanʼat ham kiradi, albatta, uning qalbi, qiyofasida aks etadi. Shunday ekan, aynan qoʻshiqchilikdagi zamonaviy «yondashuv»lar uning soʻzlaridek yurakka, quloqqa «NAGRUZKA» boʻlmasligi uchun bong urishimiz shart. 

Gulnoza TURGʻUNBOEVA,

oʻz muxbirimiz.