Sharof Rashidov atoqli davlat arbobi boʻlish bilan birga, ulkan soʻz sanʼatkori, mohir tarjimon, inson qalbining zukko bilimdoni edi. Uning yoshlik, bahor, goʻzallik, ezgulik, Vatan mehri tarannum etilgan asarlari xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan. Xususan, «Kashmir qoʻshigʻi», «Ikki dil dostoni», «Dil amri» kabi asarlari milliy adabiyotimiz xazinasidan munosib joy olgan, qator asarlari asosida badiiy filmlar suratga olingan, spektakllar sahnalashtirilgan.
Maʼlumki, Ikkinchi jahon urushi koʻpchilik qatori yosh jurnalist va shoir Sharof Rashidovni ham oʻz girdobiga tortdi. U qonli urush boshlanishi bilan birinchilar safida frontga otlanib, eng olovli nuqtalarda jang qildi. Frontda koʻrsatgan mardligi va jasorati uchun ikki bor jangovar «Qizil yulduz» ordeni bilan taqdirlandi.
U qattol yovga qarshi bir qoʻlida qurol, bir qoʻlida qalam bilan kurashdi, shu yillarda urush mavzusida oʻnlab oʻtli sheʼrlarini yaratdi.
Fashistlar Vatanimizga bostirib kirgan birinchi kuniyoq «Tarixning qahri-la qayradim qilich» sheʼri yaratiladi:
Gʻazab qilichida elim qahri bor,
Gʻazab qilichining keskin zahri bor,
Yurakda qasosning toshqin nahri bor,
Qilichim, qahrimsan, yovga boʻlgin yov!
Har bir satr orqali, har bir misra orqali dushmanga boʻlgan kuchli nafrat, har kuni oʻzbek xonadonlaridan urushga joʻnatilayotgan navqiron yigitlarga suyanch boʻlish, jigarbandini urushga kuzatayotgan onaizorlarning duolari, gʻalabaga katta ishonch «Qahramon xotirasi», «Jangchi», «Ofarin», «Belgrad qizi», «Yashasin sevgi!» sheʼrlari yozilishiga turtki beradi.
JANG QIL!
Fikrim senda, jang qil, madorim!
Qayrab olgan yarogʻing boʻlay,
Qon ichida oʻrtogʻing boʻlay,
Jang qil, mening madorim, orim!
Jang qil, yovga omon bermagin,
Jang qil, baxti – bahorim uchun;
Yorugʻ mashʼal diyorim uchun,
Jang qil, mening mehribon yorim!
Jang qil, baxtim payhon boʻlmasin,
Koʻz yoshlarim ummon boʻlmasin.
Shodmon koʻngil hech qon boʻlmasin,
Jang qil, mening baxtim, bahorim.
Istaymanki, kunduzning kuni,
Tunning soʻnmas yulduzi boʻlgin,
Adolatning sen koʻzi boʻlgin,
Jang qil, mening hayotim – borim.
Kerak boʻlsa tez bayon etgin,
Jang ichida namoyon boʻlay,
Zafaringda men ayon boʻlay,
Jang qil, yongan chirogʻim, yorim!
1941 yil.
OFARIN
Ketdi dongʻing oʻlka boʻylab, jangda oʻgʻlon, ofarin,
Mardligingdan yov boshiga yogʻdi toʻfon, ofarin.
Shamshiring bor qayralibdir oʻch – adolat toshiga,
Shiddating bor yovga ofat, etdi payhon, ofarin.
Kul qilib koʻkka sovurmoq yovni oliy farz erur,
Sen elim deb yovni qirding, mardu maydon, ofarin.
Argʻumoq ustida lochin – sen zafarning elchisi,
Mayli javlon ayla jangda, toza vijdon, ofarin.
Ol qasos, oʻgʻlon, gʻanimdan barcha ketgan qon uchun,
Senga tikmish el koʻzini, qayna vulqon, ofarin.
1941 yil.
