Radikal soʻzi lotincha «radix» soʻzi oʻzagidan olingan boʻlib, «ildiz», «tub», «qatʼiy» degan maʼnolarni bildiradi va ushbu atama keskin choralar, harakat hamda dasturlar tarafdorlari boʻlgan insonlar guruhiga nisbatan ishlatiladi. Bir soʻz bilan aytganda, radikalizm – muayyan shaxs yoki guruhning mavjud ijtimoiy, siyosiy va madaniy holatni tubdan va murosasiz oʻzgartirish istagidan iborat jarayondir.
Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, Yevropada ushbu atama asosan moʻtadil islohotlar tarafdorlariga nisbatan qoʻllanilgan. Masalan, Buyuk Britaniyada 1832-yilda «Islohotlar toʻgʻrisidagi bill» qabul qilingandan soʻng, ushbu qonunga qarshi chiqqan va oʻz muxolifligini bildirgan insonlar radikalistlar, deya atala boshlangan. Keyinroq esa utilitarizm asoschilaridan boʻlgan I. Bentam va uning izdoshlari «falsafiy radikallar» deb atalgan. Bugungi gʻarbda qator soʻl siyosiy partiyalarga nisbatan ham radikalizm tushunchasi qoʻllanadi.
Tarix shunga guvohlik beradiki, mamlakatlar hayotining burilish nuqtalarida, iqtisodiyotda tanglik yuz bergan holatlarda radikalizm xavfi keskin avj oladi. Ammo radikallar hokimiyat tepasiga kelgan taqdirda ham, ularning hukmronligi uzoq davom etmaydi. Sobiq shoʻrolar tuzumi oʻrnida tashkil topgan mustaqil davlatlar hududida rivojlanishning dastlabki bosqichlarida koʻplab radikal oqimlar paydo boʻlganligi, ularning ayrim mamlakatlarda fuqarolar urushlarini keltirib chiqarganligi soʻzimizning yaqqol isbotidir. Ushbu davrning oʻziga xos jihati siyosiy radikalizmning dinni oʻziga niqob qilib olishi bilan namoyon boʻldi.
Bugungi kunning radikalizmida esa ijtimoiy hayotning ham nazariy, ham amaliy muammolarini hal qilishda zoʻrlik usulidan foydalanishga moyillik alohida xususiyat sifatida shakllanib ulgurdi. Yaʼni, tinch yoʻl bilan hal qilish mumkin boʻlgan oddiy muammolarni yechishda radikallar kuch, zoʻravonlikdan foydalanishga intiladilar. Zamonaviy radikalizmning negizi ham aynan mana shu gʻoya ustiga qurilgan. Ijtimoiy muammolarni hal qilishda zoʻrlik usullari va vositalaridan foydalanishni qoʻllab-quvvatlaganligi uchun ham radikalizm ekstremizmning nazariy manbayi boʻlib qolmoqda. Shu bois bugungi kun axborot vositalarida «ekstremistik oqim tarafdorlari», «terroristik akt», «aqidaparastlik gʻoyasiga yoʻgʻrilgan» kabi jumlalar qatorida «diniy radikalizm» atamasini ham tez-tez eshitish odatiy tusga aylanib qoldi.
Diniy radikalizmning mazmun-mohiyati radikalizmning boshqa koʻrinishlari kabi oʻziga mos kelmaydigan boshqa har qanday oqim va qarashlarga nisbatan murosasizlikda, jamiyat taraqqiyotiga zid, gʻayriinsoniy gʻoya va qarashlarni ilgari surishda namoyon boʻladi. Bunda shaxs oʻz diniy eʼtiqodini haq deb bilib, oʻzgacha eʼtiqodiy qarashlar va fikrlarga murosasiz va keskinlik asosida yondashadi hamda ularni zoʻrlik yoʻli bilan oʻzgartirish tarafdoriga aylanadi. Bu koʻpincha jamiyatda mavjud turli diniy konfessiyalarga keskinlik bilan yondashish, bir din doirasidagi oʻzga mazhab yoki qarashlarni murosasiz inkor etish hamda ularni raqib sifatida qabul qilishda koʻrinadi.
Ekstremizm tomon yetaklaydigan radikalizm xavfli virusga oʻxshaydi. Oʻta xavfli, koʻrinmas xususiyatga ega boʻlgan bu virusga chalingan ota bolasini, oʻqituvchi shogirdini, oʻquvchi va talabalar esa oʻz doʻstlari va tengqurlarini ham xasta qiladi. Shu tarzda maʼnaviy nizomlarga boʻysunishni istamagan, oʻzgacha fikrlovchi va keskinlikni xohlovchi shaxslar ommasi vujudga keladi.
Shovinistik ruhdagi radikalizm tushunchasi aslida faqatgina diniy koʻrinishdan iborat emas, umuman olganda, u chegara bilmaydi. Baʼzan u birgina shaxsni, insonlar qatlamini yoxud bir millatni boshqalaridan ustun qoʻyishda ham namoyon boʻladi.
Psixologlarning taʼkidlashicha bugungi kunda radikallashuv jarayonining keskin rivojlanib borishiga yoshlardagi tajribasizlik, hissiyotga tayanib ish yuritish tuygʻusining mavjudligi, tashqi taʼsir natijasida ruhiy holatdagi oʻzgaruvchanlik; ruhiy tushkunlikka tez tushish va ruhiy zarbalarga chidamsizlik; yaqinlar eʼtiboridan butunlay chetda qolish; oʻta qiziquvchanlik hamda axborotlarni toʻlaqonli tahlil qilmaslik, ishonuvchanlik kabi bir qator omillar asosiy sabab boʻlmoqda. Jumladan, radikal va ekstremistik gʻoyalarni targʻib qilganligi natijasida javobgarlikka tortilgan bir guruh shaxslar bilan olib borilgan suhbat davomida ularning aksariyati: diniy ilmlarni egallashga boʻlgan qiziqish va intilish; ishonuvchanlik hissi; birdaniga va hamma narsa (boylik, shon-shuhrat, martaba va boshqalar)ga ega boʻlishga harakat qilish; qolaversa, oiladagi moddiy qiyinchilik va yetishmovchilik, ishsizlik, kam taʼminlanganlik, alamzadalik, siyosatdan norozilik kabi qator ijtimoiy holatlar ularni ushbu mafkura tomon yetaklaganligini taʼkidlab oʻtganlar.
Binobarin, bu kabi radikal gʻoyalarning taʼsiriga tushib qolgan yoshlar oʻz oila aʼzolari, yaqinlari, mahalla, koʻcha-koʻydagi tengdoshlarini ham mutaassib shaxsga aylantiradilar yoxud kamida bir marotaba boʻlsin, ushbu shaxslar ongiga taʼsir oʻtkazishga urinib koʻradilar. Bu harakat esa Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Eng achinarlisi, bu kabi murosasiz tendensiyalarning aksariyat qismi bugungi kunda targʻibot tadbirlarini amalga oshirish, tarqatmalar tarqatish yoxud hujralarda oʻqitish koʻrinishidagi murakkab usullarda emas, balki har bir inson erkin foydalanishi mumkin boʻlgan internet ijtimoiy tarmoqlari va turli messenjerlar orqali olib borilmoqda. Bu esa ularga qarshi kurashni yanada murakkablashtirmay qolmaydi, albatta.
Davlatimiz rahbari ham SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi hamda MDH Aksilterror markazining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlashga bagʻishlangan qoʻshma konferensiyasi ishtirokchilariga yoʻllagan murojaatida aynan shu masalaga toʻxtalib, «Soʻnggi vaqtlarda kibermakonda xavf-xatar va tahdidlar tobora kuchayib bormoqda. Bunda noqonuniy faoliyat, yollash va radikal gʻoyalarni targʻib etish boʻyicha faol ishlar milliy chegaralar va qonunchilik normalarini tan olmaydigan internet tarmoqlari hamda kanallari vositasida tobora koʻp amalga oshirilmoqda. Buning oqibatida bugungi kunda aholining nisbatan zaif qatlamlari vakillari, jumladan, bizning yoshlarimiz va mehnat migrantlari «onlayn manqurtlashtirish» qurboniga aylanmoqda, turli noqonuniy guruhlarga jalb etilmoqda va jinoyat sodir etmoqda», deya taʼkidladilar va ushbu muammoning yechimi sifatida mamlakatimizning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha milliy strategiyasi oʻz oldiga qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish, jamiyatda hamjihatlik muhitini mustahkamlash va ochiq muloqotni rivojlantirish, taʼlim-tarbiya sohasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ish oʻrinlarini yaratish va aholining ishonchli ijtimoiy himoyasini taʼminlash kabi bir qator chora-tadbirlarni ustuvor vazifa sifatida belgilab qoʻyganligini jahon hamjamiyatiga yana bir bora eslatdilar.
Zero, dunyo mutaxassislari ham davlatning huquqiy, maʼmuriy jarayonlardagi izchil islohotlarni muntazam olib borishini, mutaassib shaxslarni radikalizm gʻoyasidan qaytarishning eng samarali usuli sifatida eʼtirof etadilar. Olimlarning fikriga koʻra, radikalizmning oldini olishda kuchli davlat hokimiyati sharoitida bu borada aniq belgilangan dasturlarni ishlab chiqish va muvaffaqiyatli amalga oshirish talab etiladi. Sababi, ijtimoiy holati beqaror va kuchsiz davlatlarning diniy radikalizm oʻchogʻiga aylanish tahdidi doimo yuqori boʻladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, shuni alohida taʼkidlash joizki, bugungi shiddatli zamonda radikalizm, ekstremizm va terrorizm kabi gʻoyalarga qarshi kurashni birgina davlat yoxud qaysidir bir organ miqyosida emas, balki fuqarolik jamiyatining har bir boʻgʻini, har bir oila, har bir fuqaro miqyosida tashkil etishgina butun jamiyatdagi immuntizimning bir meʼyorda va samarali faoliyat yuritishiga imkon beradi.
Odilbek URINOV,
IIV Akademiyasi tezkor-qidiruv
faoliyati kafedrasi oʻqituvchisi,
kapitan.
