Maʼnaviyat marshrutlari
«Ruhobod» maʼjoziy nom boʻlib, aslida shayx Burhoniddin Sogʻarjiyga atab qurilgan maqbaradir. Sogʻarj esa qadimgi Samarqand yaqinidagi qalʼalardan birining nomi hisoblanadi. Bu shayx Burhoniddin ushbu qalʼada tavallud topganini bildiradi.
Manbalarda islomiy ilmda yuksak martabaga erishgan shayx Burhoniddin hajga borib, uzoq yillar Makkai mukarramada imom-xatib vazifasida faoliyat yuritgani va Samarqand shahrida dafn etilishini karomat qilgani qayd etiladi.
Yana boshqa manbada shayx Burhoniddin Sogʻarjiy bir necha yillar davomida islom dinini Sharqiy Turkistonga yoygani, keyinchalik Pekin shahrida «musulmonlar rahbari» deb tan olingani yozilgan.
Shayx Chin yurtida vafot etganida, uning oʻgʻli Abu Said otasining jasadini Samarqandga olib kelib, uni Nuriddin Basir qabri yoniga dafn etadi.
Rivoyatlarda Sogʻarjiy oilasining boshqa aʼzolari, xususan, uning xotini – «xitoylik malika» ham maqbaraga dafn etilgani, muqaddas qadamjo qubba (gumbaz) tagidagi mis quti ichida paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yettita soch tolasi bor, deyiladi.
– Maqbaraning bunyod etilishi tarixiga toʻxtaladigan boʻlsak, Amir Temur saltanatining dastlabki davrida Samarqand shahrini obod qilish maqsadida qurilish ishlari olib boriladi, – deydi «Ruhobod» maqbarasining gid-tushuntiruvchisi Zulxumor Roʻziyeva. – Shu vaqtda yuzaga kelgan ochiq maydonda sohibqiron Burhoniddin Sogʻarjiyning ruhi shod, qabri obod boʻlsin, degan maqsadda maqbara qurdiradi. Bir gumbazli bu bino «Ruhobod» maqbarasi, «Ruh uyi» nomi bilan taniladi.
Maqbaraning old tomoni oʻyib naqsh solingan, sirlangan va qizgʻish jigarrang plitalarga ega. Temuriylar va undan keyingi davrlarda oʻzaro urushlar, iqtisodiy tanazzul natijasida Samarqand shahri oʻzining avvalgi tarovatini yoʻqotadi. XIX asrda esa Buxoro amiri tomonidan maqbaraning oʻymakor bezakli kirish eshigi, maqbaraga bogʻlab madrasa, masjid va minora quriladi.
Maqbara chorsixona, ustidagi 8 qirrali poygumbaz va oddiy gumbazdan iborat. Tashqi tomondan shayx qabriga tutash devor sirkori sopol bilan peshtoq shaklida hoshiyalangan. Ichkarida naqshin bezak qoldiqlari saqlangan.
Istiqlol yillarida «Ruhobod» majmuasining qadimiy tarovati tiklandi. Ayniqsa, Samarqand shahrining 2750 yilligi munosabati bilan butun mavze obodonlashtirildi. Hozirda bu maskan koʻhna Samarqandning diqqatga sazovor obidalaridan biriga aylangan.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA tayyorladi.
