Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Sogʻlom insonda ertangi kunga ishonch, yaratish, yashash, yashaganda ham mazmunli yashash istagi, ishtiyoqi kuchli boʻladi. Salomatlikni asrab-avaylash, avvalo, har birimizning oʻz qoʻlimizda, qolaversa, bu kishilik jamiyatida ham muhim masalalardan biri boʻlib kelgan. Zero, dunyoning obodligi, yurtning tinchligi hamda xalqning farovonligiga erishishda tani sihatlik eng muhim omildir.

Salomatlik sari ilk qadam sogʻlom turmush tarziga amal qilishdan boshlanadi. Bunda, birinchi navbatda, inson turli kasalliklarga chalinmaslikka harakat qilishi joiz. Bizning serquyosh, yilning toʻrt fasli oʻz oʻrnida almashinib turadigan, tabiati moʻtadil yurtimizda oʻziga eʼtibor qilgan insonlarning salomatligidan shikoyati boʻlmaydi. Qolaversa, har bir inson oʻz salomatligining eng birinchi «tansoqchi»si. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti taqdim etgan maʼlumotlar ham buni tasdiqlaydi. Yaʼni, inson sogʻligʻining 50–55 foizi turmush tarziga, 20 foizi tashqi muhitga va 18–20 foizi naslga bogʻliq boʻlib, tibbiyotga aloqador jihat 8–10 foizni tashkil etarkan.

Bilamizki, salomatlikning «oltin qoida»si toʻgʻri ovqatlanish, shaxsiy gigiye­naga amal qilish, sport bilan shugʻulla­nish, turli zararli odatlardan voz kechishdan iborat. Bu qoidalar bebaho neʼmatni asrash va uzoq umr koʻrish kafolatidir.

Tilimizga «U uncha-buncha kasalga yengiladigan emas, iligi toʻq» degan ibora singib ketgan. Bunda aynan sihat-salomatlik uchun muhim jihat, yaʼni sifatli va toʻgʻri ovqatlanish organizmga kuch-quvvat bagʻishlashi bilan bir qatorda, kasallikka qarshi kurashishga astoydil harakat qilish kerakligiga urgʻu beriladi. Toʻgʻri ovqatlanish tartib-qoidalari, taom sifati, meʼyori ilmiy jihatdan mutaxassislar tomonidan oʻrganib chiqilib, takomilga erishgan soha. Biroq organizmga tetiklik bagʻishlovchi yegulik tanada yangi kasallik kelib chiqishiga ham sabab boʻlishi mumkinligini nazardan chetda qoldirmaslik kerak.

Inson hayoti davomida shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishi kerak. Uzoqqa bormaylik, dunyo tibbiyotini oʻylantirgan koronavirus pandemiyasida ham shaxsiy gigiyena masalasi kasallik yuqishidan saqlanishning birlamchi usuli sifatida tan olindi. Tibbiyotda toʻlaligicha oʻrganilmagan kasallikdan saqlanishda qoʻllarni sovunlab yuvish, ijtimoiy masofa saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish, niqob bilan himoyalanish oʻz samarasini berdi. Aslida har qanday kasallikdan himoyalanishda bular biz uchun muhim ehti­yotkorlik choralaridir.

Jismoniy mashqlar bilan muntazam shugʻullangan inson ham jismonan, ham ruhan tetik boʻladi. Chunki har bir bajarilgan jismoniy mashq bu – harakat demakdir. Insonning kundalik turmushi esa bir-biriga ulanib ketgan harakatlar ketma-ketligiga oʻxshaydi. Ammo bunda mehnat qilish jarayoni bilan sport mashgʻulotlarining organizmga taʼsiri jihatdan farqli tomonlari borligini unutmasligimiz kerak. Chunki oramizda «Men kun boʻyi tinmay ishladim, sport bilan shugʻullanishim shartmi?», deguvchilar ham topiladi. Ammo birgina jismoniy mashq organizmga kuni boʻyi bajarilgan mehnatdan foydali boʻlishi mumkin. Chunki bu mashqlar organizm faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish orqali insonni sogʻlom hayotga qaytarish jihatdan oʻrganib chiqilgan.

Ulugʻ tabib, qomusiy olim Abu Ali ibn Sino «Oʻz vaqtida meʼyori bilan badantarbiya qilgan odamga dard yaqin yoʻlamaydi. Badantarbiya bilan mashgʻul boʻlinsa, hech qanday dori-darmonga zarurat qolmaydi, buning uchun muayyan tartibga rioya qilmoq shart. Badantarbiyani tark etgan odam aksari xarob boʻladi, zero, harakatsiz qolgan aʼzolarning quvvati zaiflashadi», deb inson salomatligi uchun badantarbiyaning qan­chalik muhimligini koʻrsatib oʻtgan.

Kundalik turmushda inson salomatligiga zararli odatlar – sigareta chekish, spirtli ichimliklarga ruju qoʻyish, giyohvandlik moddalar isteʼmol qilish va boshqalar ham jiddiy xavf solishini doimo yodda tutishimiz kerak. Agar kuzatadigan boʻlsak, aynan shu illatlar har yili qancha-qancha odamlarning hayotini izdan chiqarib, kimlarningdir hayotiga zomin boʻladi. Bu boradagi statistik maʼlumotlar tahliliga chuqurlashganimiz sa­yin ularning qamrovi kengayib boraveradi. Ular keltirib chiqarayotgan nogironlik, surunkali kasalliklar, xavfli xastaliklardan yuragimiz uvishadi. Bu­ning asosiy sabablarida, ming afsuski, yana oʻzimiz, inson omili birinchi oʻringa chiqadi.

Biz inson qadri, uning salomatligi hamisha eʼtibor va gʻamxoʻrlikda boʻlgan jamiyatda yashayapmiz. Bugun yurtimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida aholi salomatligini saqlash, tibbiy madaniyatni shakllantirishdek maqsad mujassam. Agar tarixga nazar tashlasak, bugungi tibbiyotda yengil kasalliklar sirasiga kiradigan xastaliklardan oʻsha davrlarda qancha-qancha odamlar nobud boʻlgan. Bugun tibbiyot tez surʼatlarda rivojlanmoqda, davosi boʻlmagan dardning oʻzi yoʻq. Qolaversa, zamonaviy tibbiy apparatlar yordamida ogʻir kasalliklarga ham toʻgʻri tashxis qoʻyilib, muolaja omilkorlikda tashkil etilmoqda. Soʻnggi yillarda yurtimizda yurak, buyrak, jigar sohasidagi oʻta nozik va qiyin jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilmoqda. Avvallari bu kabi jarayonlar xorijda katta mablagʻ evaziga amalga oshirilar edi.

Tibbiyot sohasidagi izlanishlar bilan bir qatorda, yurtimizda aholi salomatli­gini saqlash maqsadida turli

ommaviy tadbirlar oʻtkazilishi ham anʼanaga kirib ulgurdi. Keng jamoatchilik ishtirokida «Sportni sev, sport bilan yasha!», «Salomatlik uchun besh ming qadam», «Sportchi oila» kabi musobaqalar, turli ommaviy marafonlar tashkil etilayotgani shular jumlasidandir.

Tibbiyot sohasida maktab yaratgan qomusiy olim I. Pavlovning «Inson – tabiatning yer yuzidagi oliy mahsulidir. Biroq tabiat yaratgan moʻjizalardan bahra olmoq uchun inson sogʻlom, baquvvat hamda zukko boʻlmogʻi zarur», degan taʼkidida hayotimizdagi bebaho neʼmatga nihoyatda asosli taʼrif berilgan. Zero, toʻgʻri ovqatlanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga va tozalikka rioya qilish, muntazam sport bilan shugʻullanish nafaqat salomatlikni asrab-avaylash, balki uzoq va baxtli umr kechirish garovidir.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

«Postda» muxbiri.