Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand milliy davlatchiligimiz, umuman, jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida oʻringa ega manzillardan biridir. Afsonaviy shaharning uzoq oʻtmishni aks ettirgan munavvar koshonalari, qadimiy obidalari, muattar havosi necha asrdirki, dunyo ahlini oʻziga rom etib keladi. Shu bois ham yilning toʻrt faslida bu yerdan sayyohlar qadami uzilmaydi.
Joriy yil yurtimiz mustaqilligining 31 yilligi bayrami arafasida Samarqand shahrida «Buyuk ipak yoʻli» xalqaro turizm markazining ochilishi fikrimizning yorqin isbotidir. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ushbu majmua Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi yana bir salmoqli, zafarli natija boʻldi.
Majmuaning loyihasi tajribali meʼmor va muhandislardan iborat xalqaro jamoa tomonidan milliy meʼmorchilik va shaharsozlik tajribamiz, iqlim sharoitimizga mos tarzda puxta ishlab chiqilgan. Yiliga ikki million turistga xizmat qiladigan bu koʻp tarmoqli markaz tarkibidan «Boqiy shahar» majmuasi, Kongress holl, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va koʻplab boshqa obyektlar oʻrin olgan.
Asrlar davomida Xitoyning qadimiy Sian shahridan boshlanib, dunyoning koʻplab mamlakatlari hududidan oʻtgan va koʻhna Rimga qadar yetib borgan «Buyuk ipak yoʻli» deb nom berilgan ulkan savdo yoʻli jahon xalqlari oʻrtasidagi iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy muloqot vositasi boʻlib kelgan. Boqiy Samarqand esa asosiy manzillardan biri boʻlgan. «Boqiy shahar» majmuasi bezaklarida qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan tasvirlardan foydalanilgan boʻlib, bu tarixiy lavhalar har qanday sayyohni qadimiy afsonalar olamiga, tarixiy obidalar dunyosiga olib kiradi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, bundan 3–4 yil avval Samarqandga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy sayyohlar soni 500 ming nafardan oshmagan. Soʻnggi yillarda turizm sohasidagi qator masalalar qayta koʻrib chiqildi. Xususan, sayyohlarga viza berish keskin liberallashtirildi. Aeroportlarda navbatlar va tekshirishlarga barham berildi, yashil yoʻlaklar tashkil etildi. Mehmonlar elektron roʻyxatdan oʻtkaziladigan boʻldi, ular erkin harakatlanishi uchun hamma sharoitlar yaratildi. Valyuta ayirboshlashga cheklovlar bekor qilindi. Turistik korxonalar uchun ijtimoiy soliq va aylanma soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi, yer soligʻi va mol-mulk soliq stavkalari 90 foizga kamaytirildi. Buning samarasi oʻlaroq, oxirgi yillarda birgina Samarqandga kelayotgan xorijiy turistlar soni 2 barobar koʻpaydi.
Shu oʻrinda yana bir raqamni keltirib oʻtish kerak, yaʼni, yurtimizda ayni paytda turizm sohasida mehnat qilayotganlar soni 500 mingdan ortiq. Ularni oʻqitish va kasbiy mahoratini yanada oshirish maqsadida Samarqand shahrida «Ipak yoʻli» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Hozirgi kunda ushbu bilim maskanida 6 ta davlatdan mingdan ziyod talaba-yoshlar taʼlim oladi. Bu yerda 20 mingga yaqin nodir adabiyotlar va qoʻlyozma asarlardan iborat zamonaviy kutubxona faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Aytish joizki, mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish, ularga qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish maqsadida Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari, Toshkent shahri ichki ishlar tuzilmalarida xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalari tashkil etildi.
Joriy yilning 19-sentabr kuni Prezidentimiz raisligida mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida Tashqi ishlar vazirligiga «Samarqand – Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi» targʻibot kampaniyasini oʻtkazish, Samarqandga sayyohlar oqimini oshirish boʻyicha «yoʻl xaritasi»ni tasdiqlash va elchixonalar oldiga xorijiy mamlakatlarda targʻibot kampaniyasi, xorijiy ommaviy axborot vositalari, mashhur turistik blogerlar uchun press-turlar tashkil etish vazifasi qoʻyildi.
Sirasini aytganda, yurtimizda turizm sohasini yanada yuqori bosqichga olib chiqish maqsadida tizimli islohotlar olib borilmoqda. Bu taraqqiyot, madaniyat, doʻstlik va hamkorlik yoʻli sifatida dunyo hamjamiyati bilan turli sohalardagi aloqalarni kuchaytirishga, mamlakatimizga zamonaviy ilm-fan
yutuqlari, yuqori texnologiyalar, investitsiyalar, yangi, ilgʻor gʻoyalar kirib kelishiga imkoniyat yaratishi bilan ham ahamiyatlidir. Samarqandda dunyoga yuz ochgan ulugʻvor majmua ham Yangi Oʻzbekiston turizm markaziga aylanadi va yurtboshimiz taʼkidlaganidek, «... buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham meʼmoriy obidalarga munosib boʻlib, ularning tarixiy anʼanalarini davom ettiradi. Ushbu majmua mamlakatimizda hozirgi paytda poydevori qurilishi boshlangan Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar oʻrtasidagi ramziy koʻprik boʻladi».
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» muxbiri.
