Xuroson ustiga qilgan fath yurishlaridan birida Sohibqiron fors mamlakatining poytaxti Sherozni ham oladi. Bu shaharda jahonga mashhur fors shoiri, Hofiz Sheroziy istiqomat qilardi. Shoirning:
«Agar koʻnglim shod etsa, oʻshal Sheroz jononi, Qaro xoliga baxsh etgum Samarqand-u Buxoroni» satrlari jahonga tarqalib ketgan edi.
Aytishlaricha, Amir Temur Sherozda shoirni oʻz huzuriga chaqirtiradi va unga gʻazab bilan: «Men yer kurrasining juda katta qismini boʻysundirdim va oʻz hukumatim oʻrnashgan qadrdon shaharlarim Samarqand-u Buxoroni obod qilish uchun topgan-tutganimni ayamadim, sen esa har ikkovini bir qizning qora xoliga berib yubormoqchimisan?» deydi. Shunda Hofiz Sheroziy qoʻl qovushtirib turib: «Aʼlohazrat, shunaqa qoʻli ochiqligimdan oʻzingiz koʻrib turgan gadolik holiga tushdim-da», deb javob qiladi. Bu javob sohibqironga maʼqul boʻladi va shoirga qimmatbaho sovgʻalar hadya qiladi.
Ana shu misollarning oʻzi ham Amir Temurning sheʼriy iqtidorga egaligi, sheʼriyatga, shoirlarga, adabiyot ahliga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatganidan darak beradi.
Rustam JABBOROV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori.
