Aziz-u mukarram onalarimiz, mehridaryo opa-singillarimiz, qalbimiz quyoshi boʻlgan qizlarimiz goʻzallik, nafosat timsoli. Ularning maʼsum chehrasida nur, nozik jussasida hayotni yaratuvchi, yangilovchi, borliqni oʻzgartiruvchi kuch, qudrat bor.
Dunyo dunyo boʻlibdiki, onalar, opa-singillar, dilbar qizlarning tengsiz latofati va nafosatini, ezgulik va fidoyilik farishtasi ekanligini oʻz ashorlarida sharaflamagan, kuy-qoʻshiqlarda madh etmagan ijodkor yoʻq. Bu haqda soʻz yuritganda, avvalo, buyuk shoir, alloma Alisher Navoiyning quyidagi hikmatli soʻzlarini yana bir bor eslaymiz:
Onalar oyogʻi ostidadur
Ravzayi jannat-u jinon bogʻi.
Ravza bogʻi visolin istar esang,
Boʻl onaning oyogʻin tuprogʻi.
Inson zoti borki, ezgulik, hayotning sir-u asrorlari haqidagi dastlabki saboqlarini onaning mehr-u saxovati tufayli oʻrganadi. Hayot davom etar ekan, dilbar, oqila, goʻzal ayollar oʻzining gʻamxoʻrligi, mehribonligi, qalbi daryoligi bilan nafaqat oilada, balki butun jamiyatda poklik, halollik, samimiyat hamda adolatni saqlab turadilar. Zero, ulugʻ donishmandlar Vatanga eng munosib taʼrifni ona soʻzi ila berganlarida ham ana shunday chuqur maʼno mujassam.
Xotin-qizlarni eʼzozlash – millatimiz, xalqimiz uchun oliy qadriyat darajasiga koʻtarilgan fazilat. Chunki ayollarni qancha ulugʻlasak, hayotimizning charogʻboni, umrimizning guli, deb eʼzozlasak, demakki, oilamizni, Vatanimizni eʼzozlagan boʻlamiz.
Quvonarlisi shuki, bugun mamlakatimizda ularga boʻlgan munosabat har doimgidan yuqori. Yurtimiz aholisining salkam yarmini tashkil etgan xotin-qizlarning manfaatlarini taʼminlash, jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash davlatimiz ijtimoiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Bunga javoban yurtimiz xotin-qizlari turli soha va tarmoqlarda Vatanimizning taraqqiyoti uchun munosib hissa qoʻshmoqdalar. Xususan, 2017-yilda boshqaruv sohasida xotin-qizlar oʻrtacha 20 foizni tashkil etgan boʻlsa, hozirda bu raqam 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat aʼzolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Shu oʻrinda soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning sifatli taʼlim olishiga alohida eʼtibor qaratilayotganini ham taʼkidlash joiz. Jumladan, ayni paytda yurtimizdagi oliygoh talabalarining 52 foizdan ortigʻini xotin-qizlar tashkil etayotgani, 6 ming 200 nafardan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollarimiz yaratayotgani ham – jamiyatda ularning oʻrni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, «Ayollari oʻqimishli va kasb-hunarli boʻlgan yurtda tinchlik va taraqqiyot boʻladi. Ayollari maʼrifatli boʻlgan xalq albatta baxtli boʻladi». Bu soʻzlarning amaliy ifodasi aql-zakovati, bilimi va isteʼdodi bilan davlat hamda jamiyatning barcha sohalarida samarali faoliyat koʻrsatayotgan, nufuzli sport musobaqalari, madaniyat va sanʼat sohasidagi xalqaro tanlovlarda Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarayotgan xotin-qizlarimiz timsolida yaqqol koʻzga tashlanadi. Xususan, «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi» faxriy unvoni sohibasi, Parij-2024 Olimpiadasi chempioni Diyora Keldiyorovaning sportdagi zafarli yurishlari, taniqli mikrobiolog olima Dilfuza Egamberdiyeva shoʻrlangan tuproqda serhosil ekinlar yetishtirish boʻyicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari uchun YUNESKOning nufuzli Karlos Finley xalqaro mukofotiga sazovor boʻlgani oʻzbek ayolining qalb qiyofasi, mashaqqatli mehnatlari mevasi, desak, aslo mubolagʻa emas. Davlatimiz rahbarining «Aql-zakovatli, bilimli va isteʼdodli xotin-qizlarimiz davlat va jamiyatning barcha sohalarida namuna boʻlishmoqda», deya bildirgan fikri koʻnglidagi yorugʻ maqsadlarini shaxtu-shijoat bilan ulgʻaytirib borayotgan opa-singillarimiz faoliyatiga berilgan yuksak bahodir.
Ayolning koʻzlari qachon kuladi? Qachonki, u ehtirom, eʼzoz koʻrsa. Ammo ayolga nisbatan aytilgan bir ogʻiz nooʻrin soʻz, sovuq nigoh, zarb bilan uzatilgan qoʻl uning hayotini ostin-ustin qilib yuborishi aniq. Eʼtiborlisi, yurtimizda xotin-qizlarning teng huquqligini belgilash, ularni jamiyatning faol aʼzolariga aylantirish, ijtimoiy hayotda oʻz oʻrniga ega boʻlishini taʼminlash bilan bir qatorda, tazyiq va zoʻravonliklardan asrash borasida ham jiddiy ishlar amalga oshirilayotir. Bu borada Prezidentimizning 2024-yil 10-maydagi «Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Bugun gul-gul ochilgan qizlar tabassumida, farzandini suyib quchgan onalar yuzida, duolari tilaklarga ulangan buvijonlar soʻzida bu olam shodligi mujassam. Mehr-muhabbat, vafo-sadoqat, sabr-u qanoatni hayotining mazmuniga aylantirgan azizlarim, qoshingizda baxtning belanchagi sollanib tursin. Siz ila goʻzal koʻrinar olam.
Bu borada soʻz ketganida, goʻzallik va ayolni qalban ardoqlagan shoirning yurak tugʻyonlari ushbu misralarga toʻkilgandek goʻyo.
Goʻzallik – eng avval koʻzning shifosi,
Dilga tugʻyon solgan soʻzning shifosi.
Goʻzallik – quyoshdek porlaguvchi nur,
Goʻzallik – yashashga chorlaguvchi nur.
Goʻzallar bahorning guliga oʻxshar,
Yurgan yoʻllariga iforlar toʻshar.
Goʻzallar koʻzgusi – oʻzbek ayoli,
Goʻzallar orzusi – oʻzbek ayoli.
Kumushning koʻzidagi hayo – goʻzallik,
Raʼnoning yuzidagi ibo – goʻzallik.
Qodiriy qalamin uchidagi oy,
Muhabbat mulkiga boʻlolgan chiroy.
Oy, Quyosh bir taraf, sizlar bir taraf,
Millat ayoliga yogʻilgan sharaf.
Guldan toʻkiladi gulning shonasi,
Goʻzallik onasi – Oʻzbek onasi!
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA.
