Bir kuni padari buzrukvorimiz — Amir Taragʻoy bahodir koʻp qoʻylarni menga berib, Samarqand bozoriga savdoga yoʻlladilar. Qoʻylarning hammasini ming oltinga sotib, pullarni belga bogʻlab sayr qilib yurur edim. Bir yerda xushovoz qalandar odamlarga soʻzlab turgʻon ekan: qoʻlida qogʻoz — sheʼr bitilgan, u der edi:
— Shul yozuvning qadriga yetib, kim ming oltunga olsa, dunyoning oxiriga yetadi…
Himmatim joʻshib, ming oltunni qalandarga tutqazdim. U menga tikilib turdi-da, soʻng nasl-nasabimni soʻradi. Aytdim. Soʻng tayin qildi:
— Otang oldiga borgil, buni otang oldida oʻqi, borgʻuncha ochma…
Qogʻozni keltirib, padari buzrukvorga berdim. Ochib oʻqidilar. Forscha ruboiy ekan — maʼnosi quyidagicha: zulm bilan dunyoda nom qoldirib boʻlmaydi. Jamshid, Sulaymon, Iskandarlar oʻlib ketdi, navbat senga ham yetishi tayin. Dunyoga keldingmi yaxshilik bilan nom qoldir…
Ruboiyning muallifi — oʻshal qalandar-alloma shoir Qamol Xoʻjandiy erkan. Ul zotni padari buzrukvorimiz koʻp hurmat qilar erkanlar.
— Barakallo, oʻgʻlim, koʻp dono ishga oltunlarni sarf etibsan. Endi, ming oltungʻa olgon ushbu hikmatga qatʼiy rioya qilmoq lozimdur…
Padari buzrukvorning aytqonlarini bosh ustida tutdim.
* * *
Samarqand taxtini egallab, azim Movarounnahr bizning hukmimizga kirgach, yurtda adolat oʻrnatmoqqa ahd etdik. Arkonu davlat atrofinda koʻp nobakor mardumlar in qoʻymoqchi erdi. Inchunin, ularning zamzamasidan xunob boʻlib, bir tadbir buyurdim: «Musavvir kelgan arzigoʻyning suratin chizib, menga kiritsin. Arzigoʻyning qiyofatiga boqib, qabulimni aytarmen…»
Musavvirlar saroyga kelganlarning suvratin chizib, menga kiritishar, arzigoʻyning peshona, burun, dahan, koʻz va boshqa sifatlariga qarab, uning maqsad va feʼlini oldindan bilib turardim. Badfeʼl va xiyonatkorlarni qabulimga yoʻlatmaslik harakatida boʻldim. Bunda pirim — shayx Shamsiddin Parrandadan «Ilmi qiyofa» — qiyofaga qarab baho berish va oldindan taqdirni bashorat etish ilmini mukammal egallaganligim gʻoyat qoʻl keldi.
Ittifoq, bir arzigoʻyning suvratin keltirishdi. Suvratga tikilib, aning gʻiybat va boʻhtonga ruju qoʻyganin angladim. Qabul buyurmadim. Ammo ul kishi mulozimlarga zoʻrlik bilan huzurimga gʻavgʻo solib kirdi.
— Sohibqiron,— derdi u kishi,— siz haqsiz. Qeyingi umrimda men-da koʻp qatori gʻiybat va boʻhtonga ruju qoʻydim. Ammo ilgari chin koʻngil kishi erdim. Naylayki, zamon zayli meni shu kuyga soldi… Ortiq chidashim mushkul… Arzim ham zamona zaylidandur. Fayz beruvchi suhbatingdan mahrum etma!..
Shundan soʻng qabulga izn berdim. Mulozimlar bu kishini xos xonaga boshlashdi.
Madina Qahhorova tayyorladi.
