Xalqimizning sevimli adibi Tohir Malik oʻzining betakror asarlari bilan adabiyot muxlislari qalbidan mustahkam joy olgan.Adibning «Soʻnggi oʻq» romanini oʻqib boʻldim-u, xayolimda asar voqealari charx urib, bezovta qilardi. Oxiri bir kuni
qadrdon doʻstimga qoʻngʻiroq qilib:
– Yodgor aka, men hozir Tohir Malikning «Soʻnggi oʻq» kitobini oʻqib chiqdim. Siz ham shu kitobni oʻqib koʻring. Asar asosida videofilm suratga olinsa, juda zoʻr ish boʻlardi. Kitobda tasvirlangan sahnalarni tashkil qilishda yordam beraman. Umuman, mendan qanday koʻmak kerak boʻlsa, soʻrayverasiz. Juda dolzarb mavzu ekan. Film koʻpchilikka manzur boʻladi, – dedim.
Taklifim Yodgor Saʼdiyevga maʼqul keldi. Senariy yozib berishni adibning oʻzidan iltimos qildim.Tohir Malik darhol rozi boʻldi. Shunday qilib, Yodgor aka ishga kirishib ketdi. Murakkab sahnalar, qamoqxona, militsiya idoralari uchun joy tanlandi. Bu borada barcha sharoitlarni yaratib berdim. Suratga olish jarayonlari boshlangach:
– Koʻrasiz, videofilm zoʻr chiqadi, – deb unga dalda berib qoʻydim.
Ichki ishlar idoralarining faoliyati bilan bogʻliq sahnalar boʻyicha oʻzim ham, qolaversa, IIV mutaxassislari ham maslahat berib turdik.
– Videofilm suratga olib boʻlingandan keyin, xodimlarimiz rollarini ijro etgan aktyorlarni bemalol xizmatga qabul qilsak ham boʻladi, – deb hazil aralash sanʼatkorlarning koʻnglini koʻtarib qoʻydim.
– Bizning ishimiz ham militsiyanikidan kam emas, – deb boʻsh kelmasdi Yodgor Saʼdiyev.
Videofilmni suratga olish jarayoni 1994-yilda toʻla tugallandi. Televideniya orqali namoyish etilgan videofilm tomoshabinlar oʻrtasida munosib eʼtirofga sazovor boʻldi.
– Ana, men sizga aytgandim, zoʻr videofilm boʻladi, qoyil qildinglar, – deb doʻstimni chin koʻngildan tabrikladim.
Zokirjon Almatov.
