Soʻz erkinligi – har kimning oʻz fikrlarini erkin bildirish huquqi. Soʻz erkinligi insonning asosiy shaxsiy va fuqarolarning siyosiy huquqlaridan biridir. Fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi hamda ularni ifodalash insonning eng muhim huquqlaridan biri hisoblanadi. Axborot olish, foydalanish, tahlil qilish va tezkorlik bilan tarqatish imkoniyati jamiyatda inson yuksalishining asosiy shartidir.
Islohotlar jarayonining ochiq, oshkora kechishi fuqarolarning erkin qarashlari orqali unda oʻz manfaatlarini u yoki bu darajada ifoda eta bilishi koʻp jihatdan ommaviy axborot vositalarining erkin va xolis tarzda voqealarni yoritishiga bogʻliq boʻlib, bu demokratiyaning muhim xususiyatlaridan biri, deyish mumkin.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 33-moddasida ham har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi, shuningdek, istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga egaligi oʻz aksini topdi. Shunday qilib, ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga solish, ularni erkinlashtirish va qoʻllab-quvvatlash, izchil islohotlarni chuqurlashtirish jarayonida ishtirok etishining huquqiy kafolatlarini taʼminlaydigan mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi.
Har qanday jamiyatda axborot hamisha mamlakat taraqqiyotining koʻzgusi, kishilarning ongi, dunyoqarashi, siyosiy saviyasining shakllanishida asosiy vosita boʻlib xizmat qilib kelgan. Bu holat, ayniqsa, shiddatli surʼatlar bilan oʻzgarib borayotgan bugungi globallashuv zamonida har qachongidan koʻra keng tarmoq yozdi, binobarin, hayotimizning birorta sohasini
ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi.
Soʻz va axborot erkinligi, uning oshkoraligi, shaffofligi, islohotlarning ochiqligini taʼminlaydigan demokratik prinsiplarni hayotga joriy etish imkonini beradi. Davlatimiz va jamiyatimizning bu boradagi yondashuvi ham aynan shunday: soʻz, fikr va axborot erkinligi – Oʻzbekiston siyosatining ustuvor yoʻnalishidir. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, «Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi koʻplab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va soʻz erkinligi bu – davr talabi, bu – Oʻzbekistondagi islohotlarning talabi».
Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari sohasida olib borilayotgan davlat siyosatining qonunlar yordamida mustahkamlanishi ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi va mustaqilligini amalda taʼminlash, ularning tom maʼnoda «toʻrtinchi hokimiyat» sifatida shakllanishi uchun yetarli huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Oʻzbekistonda demokratik yangilanishlar jarayonini chuqurlashtirish va fuqarolarning erkinliklarini taʼminlashning gʻoyat muhim sharti — ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish uchun demokratik andozalarni joriy etish boʻyicha aniq va izchil choralarni amalga oshirishdir. Bu boradagi asosiy vazifa matbuot, televideniye, radio faoliyatini yanada liberallashtirish, ularning mustaqilligi, erkinligini amalda taʼminlashdan, ommaviy axborot vositalarini fikrlar va gʻoyalarni erkin ifoda etadigan maydonga aylantirishdan iborat. Bu choralar natijasida aholining siyosiy faolligini oshirish, fuqarolarning mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotidagi amaliy ishtiroki uchun keng miqyosda jalb etilishiga erishish mumkin.
Darhaqiqat, mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida fuqarolarning soʻz, fikr erkinligi taʼminlanib, ommaviy axborot vositalarining roli yanada oshib bormoqda. Islohotlar samarasi oʻlaroq, siyosiy jarayonlarni bevosita muhokama qilish erkinlashdi, bu borada davlat idoralari va xalq oʻrtasida muloqot uchun oʻziga xos koʻprik paydo boʻlmoqda. Zero, soʻz erkinligi prinsipiga rioya qilish, xolislik, haqqoniylik, ochiqlik va shaffoflikni barcha uchun amalda barobar taʼminlashga qaratilgan.
Maʼlumki, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga oʻzining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan qonunchilik hujjatlari bilan, shuningdek, hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishga majburdir. Axborot olish imkoniyati qonunchilik hujjatlarini va tegishli materiallarni eʼlon qilish va tarqatish yoʻli bilan taʼminlanadi.
Yurtimizda ommaviy axborot vositalari sohasida olib borilayotgan davlat siyosatining qonunlar yordamida mustahkamlanishi, ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi va mustaqilligini amalda taʼminlash, ularni tom maʼnoda toʻrtinchi hokimiyat sifatida shakllanishi uchun yetarli huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Oʻzbekistonda soʻz erkinligiga oid qoidalar «Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida», «Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida», «Axborotlashtirish toʻgʻrisida», «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida», «Reklama toʻgʻrisida», «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida»gi qonunlarda aniqlashtirilgan. Oʻtgan davrda sohaga oid qonunchilik bosqichma-bosqich takomillashtirildi va axborot sohasiga tegishli bir necha muhim farmon va qarorlar, davlat dasturlari qabul qilindi. Mazkur meʼyoriy hujjatlarning asosiy maqsadi – mamlakatimizda soʻz erkinligini taʼminlash kafolatlariga, har kimning axborotni erkin va moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, foydalanish va saqlash huquqlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan.
Oʻz navbatida, «Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida»gi qonunning 5-moddasida ommaviy axborot vositalarining erkinligi quyidagicha kafolatlangan:
«Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkindir. Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, oʻz fikri va eʼtiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.
Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi».
Yangi Oʻzbekistonda soʻz erkinligini, fikrlar xilma-xilligini, odamlar oʻz qarashlarini ochiq-oshkora ifoda etishini amalda taʼminlash uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Mamlakatimizda 1400 dan ortiq ommaviy axborot vositasi erkin faoliyat yuritayotgani hamda izchil rivojlanib borayotgani buning yaqqol tasdigʻidir. Ularning 60 foizi nodavlat ommaviy axborot vositasi ekani ayniqsa eʼtiborlidir. Yangi davlat telekanallari, nodavlat telekanallar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ular fikrlar va qarashlarning muhim jihatlarini oʻzida mujassam etgan boʻlib, har birida mamlakatda kechayotgan jarayonlarga oʻz munosabati va nuqtayi nazari mavjud.
Bir soʻz bilan aytganda, soʻz, fikr va axborot erkinligi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, hayotbaxsh islohotlar, avvalo, xalqimizning qarashlaridagi yangilanish jarayonlari hamda
ong-u tafakkurining yuksalishi bilan uygʻun holda olib borilayotganligi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan, demokratiyani, erkin yashashni istagan har qanday jamiyat uchun soʻz erkinligi suv va havodek zarur.
Azizjon Fayziyev,
podpolkovnik.
