Suv hayot manbayi, tabiatning eng noyob, bebaho boyliklaridan biri hisoblanadi. Tabiiy muhit muvozanatini saqlab, uni moʻtadil holatda ushlab turuvchi asosiy omil rolini oʻynaydi. Suv resurslariga boʻlgan talab tobora oshib bormoqda. Eng yomoni, suv taqchilligi, toza ichimlik suviga boʻlgan talabning oshishi fonida iqlim ham oʻzgarib boryapti, koʻplab nizolar, ekologik muammolar yuzaga chiqyapti. Iqlim oʻzgarishining nafaqat suv miqdori kamayib ketishiga taʼsiri bor, balki tabiiy ofatlar koʻpayishiga olib kelish ehtimoli ham katta. Qurgʻoqchilik, oʻrmon yongʻinlari bilan bir qatorda, suv toshqinlari ham yuz berishi kuzatilmoqda. Shunisi hayratlanarliki, 2000-yildan buyon suv toshqinlari bilan bogʻliq fojialar oldingi yillarga nisbatan 134 foizga oshgan. 1970-yildan buyon suv toshqinlari oqibatida 322 ming inson halok boʻlgan, yetkazilgan iqtisodiy zarar esa 1,14 milliard dollarni tashkil qiladi.
Darvoqe, toza ichimlik suvi haqida gap ketganda, bir jihatni yoddan chiqarib qoʻyamiz. Dunyodagi jami suvning 97,5 foizi dengiz yoki okeanlarda joylashgan boʻlib, ichishga yaroqsiz shoʻr suvdir. 2,5 foiz ichishga yaroqli chuchuk suvning ham aksariyat qismi muzliklar, olish qiyin boʻlgan yerosti qatlamlarida joylashgan. Hozirda yer yuzida mavjud boʻlgan chuchuk suv zaxiralarining bir foizidangina insoniyat foydalanishi mumkin.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, dunyo boʻylab har yili kamida 1,4 million kishi toza ichimlik suvi yetishmasligidan vafot etmoqda. Dunyo aholisining yarmi haligacha toza ichimlik suvi, sanitariya va gigiyena vositalari bilan taʼminlanmagan. BMTning «Atrof-muhit muhofazasi» dasturi (YUNEP) maʼlumotlariga koʻra, sayyoramizdagi daryolarning yarmi jiddiy ifloslangan. Ayni paytda yer shari aholisining 40 foizi toza ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Har yili toza ichimlik suvi tanqisligi tufayli 1,2 million kishi turli xil xastaliklarga duchor boʻlmoqda. Har yili 5 million kishi ifloslangan va sifatsiz suvdan isteʼmol qilishga majbur boʻlmoqda.
Xolisanillo aytganda, toza ichimlik suvi muammosi mamlakatimizni ham chetlab oʻtgani yoʻq. Respublikamizning ayrim joylarida isteʼmolga yaroqli boʻlgan suvning tanqisligi sezilmoqda. Sir emaski, hozirgacha toza ichimlik suvi kirib bormagan qishloqlar mavjud. Kuzatishlar mobaynida togʻlardan quyi tomon oqib tushayotgan ariq va soylarning suvlari yildan-yilga kamayib borayotganiga ishonch hosil qilasiz.
Ehtimol, bu togʻ yonbagʻrida oʻsayotgan dov-daraxtlarning ayovsiz kesilayotgani tufaylidir. Balki bunga soʻnggi yillarda qir-adirlarda dehqonchilik qilish uchun minglab quduqlarning barpo etilayotgani sabab boʻlayotgandir. 50, 100, 200 metr va undan ham chuqurdan quvurlar orqali tortib olinayotgan suvning beayov ishlatilishi, bemaqsad sarflanishi natijasida ariqlar qurib qolayotgandir. Masalan, Jizzax viloyatining Gʻallaorol dashtlarida yashaydigan aholi oldin 10 metrdan suv olib ichishgan boʻlsa, hozir 20 metrdan ham bazoʻr suv chiqarishyapti.
Tahlilchilar 2050-yillarga borib, suvning jahondagi eng qimmatli tabiiy neʼmatlardan biriga aylanishini taxmin qilmoqda. Gap shundaki, BMT Jahon choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurashish tashkiloti 2050-yilga kelib qurgʻoqchilik dunyo aholisining toʻrtdan uch qismidan koʻprogʻiga taʼsir qilishi mumkinligini maʼlum qildi. Jahon tabiiy resurslar instituti va Britaniyaning «Economist Intelligence Unit» tashkiloti esa 2040-yilga borib suv tanqisligiga eng koʻp uchrashi taxmin qilinayotgan 33 davlat nomini eʼlon qildi. Afsuski, ular orasida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Oʻzbekiston ham bor.
Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida suv resurslari masalasida muammolar kelib chiqmoqda. Zero, mintaqamizning obi hayotga boʻlgan ehtiyojining deyarli 90 foizini bir necha mamlakat hududidan oqib oʻtuvchi Amudaryo va Sirdaryo taʼminlaydi. Sir emaski, ayni paytda boshqa davlatlarda boʻlgani kabi, mamlakatimizda ham suv yetishmasligi, suv manbalarining qurishi va ifloslanishi bilan bogʻliq koʻplab muammolarga duch kelmoqdamiz. Suvga oid muammolarning asosiy sababi suv qimmatbaho resurs ekanini tan olmaslikdir. Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq, deganlaridek, hali ham ichimlik suvini oqizib qoʻyib ekinlarni sugʻoraveramiz. Avtomobilini kunora ichimlik suvida yuvadiganlarga ham koʻzimiz tushadi. Koʻcha-koʻyda buzuq sugʻorish tizimlaridan yuzlab litr suvlar behudaga oqib yotaveradi. Lekin shu topda respublikamizning qaysidir hududida odamlar bir chelak suvga zorligini tasavvur ham qilmaymiz. Ekinlarni sugʻorishni-ku qoʻyaturaylik, hatto odamlar oʻz isteʼmoli uchun ham suv topishi kundan-kunga qiyinlashib borayotgani bor gap.
Shuning uchun hozirgi paytda dunyodagi aksariyat davlatlar, xususan, Oʻzbekistonda ham ekologik tabiiy muvozanatni tiklashdan tortib suvdan tejamkorlik bilan foydalanishgacha boʻlgan barcha yoʻnalishlarda tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buni bir necha yillardan buyon yurtimizda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida tabiatni yashillashtirish maqsadida barpo etilayotgan yangidan-yangi bogʻlar, suv yoʻqotilishining oldini olish uchun ariq va kanallarning betonlashtirilishi, qor va yomgʻir suvlaridan samarali foydalanish yoʻlida bunyod etilayotgan suv omborlari misolida koʻrish mumkin.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda keng joriy etilayotgan suv tejovchi texnologiyalarni olaylik. Mamlakatimiz agrar sektorida bunday texnologiyalarni qoʻllash nafaqat suvni sezilarli darajada tejashi, balki hosildorlikni oshirishi, sarf-xarajatlarni keskin kamaytirishi bilan ahamiyatlidir. Gap suv sarfini tejash, uning har tomchisidan samarali foydalanish toʻgʻrisida borarkan, bu borada Prezidentimizning 2022-yil 1-martdagi «Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga alohida toʻxtalib oʻtish joiz.
Ushbu qarorga asosan, 2022-yilda respublika boʻyicha 89,8 ming gektarda tomchilatib, 16,2 ming gektarda yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari joriy qilindi. Natijada suv sarfi tejaladigan maydonlar 1 million gektardan oshib, qishloq xoʻjaligi umumiy ekin maydonining 25 foizi qamrab olindi. Muhimi, shu yilda 1,6 milliard tonna suv iqtisod qilindi. Hosildorlik oʻrtacha 30–35 foizga oshishiga erishildi.
2023-yilda ham bu boradagi ishlar tizimli davom ettirilib, suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanilgan maydonlar hajmi va uning ijobiy samaralari koʻlamini yanada oshirish maqsad qilingan. Oʻzbekiston, shuningdek, qoʻshni davlatlar bilan daryolardan umumfoydalanish, suv muammolarini birgalikda hal etish choralarini koʻrib kelmoqda.
Xulosa qilib aytganda, suv faqat odamlar uchun emas, balki butun tirik jonzot uchun ham zarur boʻlgan bebaho neʼmatdir. Uni tejab ishlatib, kelajak avlodga ham boricha yetkazishimiz kerak.
Foziljon MAMASHARIPOV,
oʻz muxbirimiz.
