Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Oʻtgan asrlarda ishlab chiqarishning rivojlanishi, yangi yerlar oʻzlashtirilishi, zamonaviy qurollar yaratilishi bilan boshlangan ekologik muammo XXI asrda yanada avj oldi. Ona zamin oʻylamasdan va tartibga solinmagan texnogen taʼsirlardan juda qattiq aziyat chekyapti. Ekologik muammolarning achchiq oqibatlari haqida gapirganda, uzoqqa borish shart emas. Birgina Orol dengizining qurib qolishi qanchalik talafot va inqirozlarni keltirib chiqarganiga bugun har birimiz guvohmiz.
Odamzod tabiatan gʻalati mavjudot. Suv – obihayot deydi-yu, lekin tonna-tonna chiqindini dengiz-u daryolarga oqizib uni ifloslantiradi. Yashillikni, fusunkor tabiatni xush koʻradi-yu, ammo oʻylab ham oʻtirmay, yashnab turgan daraxtlarga qiron keltiradi. Atom urushidan qoʻrqishadi, biroq minglab gektar joyda sinov tariqasida bomba portlatib, ekologiyaga, oʻz tamadduniga jiddiy zarar yetkazadi. Aslida daryolarni quritgan, unumli yerlarni, oʻrmonlarni choʻllarga aylantirgan, portlatgan, zaharlagan, xullas, ona zaminni ogʻir asoratlar bilan jarohatlayotgan yagona tirik mavjudot insondir.
Aslida ekologik muammo, atrof-muhit muhofazasi masalasi birdaniga paydo boʻlib qolmagan. Yillar, asrlar davomida yetilib kelgan muammo ilk marotaba 1972-yilda Stokgolmda oʻtkazilgan BMT konferensiyasida muhokama qilingan. Mazkur konferensiyada «Inson farovon va yuqori qadr-qimmatga ega hayotni taqozo etadigan muhitda yashamogʻi lozim» gʻoyasi ilgari surilgan. BMT tomonidan 1992-yil Rio-de-Janeyroda oʻtkazilgan konferensiyada esa ekologiya muammosi yana jahon afkor ommasining diqqat markazida boʻlib, unda ikkita muhim hujjat: «Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiya» hamda «Bioxilma-xillik boʻyicha konvensiya» qabul qilingan. Davlatimiz mazkur xalqaro hujjatlarga qoʻshilgan boʻlib, ushbu yoʻnalishda qonunchilik bazasi yaratilgan.
Hech kimga sir emas, ekologik muammoga butkul barham berishning yagona yoʻli – ona tabiatni koʻz qorachigʻidek asrashdir. Lekin har bir odamda ekologik madaniyat boʻlmasa, bari befoyda. Mavjud resurslardan oqilona foydalanish koʻnikmasi shakllanmas ekan, ekologik xavf-xatarlar biz bilan yonma-yon boʻlaveradi. Suv toshqinlari, oʻrmon yongʻinlari, chang-boʻron va boshqa tabiiy ofatlar yuz beraveradi. Shuningdek, ekologiyani yaxshilash, yashil tabiatni asrab qolish uchun u qonunan qatʼiy himoya qilinishi, qonunbuzarliklarning oldini olish choralari koʻrilishi lozim.
Jazoning qatʼiyligi va hammaga birdek qoʻllanishi jinoyat sodir etish darajasining kamayishiga olib kelishi shubhasiz. Agar bu qoidalar ishlamasa, bunday jinoyatlar yana va yana sodir etilaveradi, ekologiyaga jiddiy zarar yetaveradi. Negaki, baʼzi jinoyatlar aynan jazo turining mukammal boʻlmaganligi, yengilligi va boshqa koʻrinishlari sabab tez va qayta sodir boʻlaveradi. Bunday vaziyat qasddan ushbu ishga qoʻl uruvchilarning jazodan koʻra, qilgan jinoyatlaridan koʻproq manfaatdorlik topishlari ortidan boʻlishi mumkin. Masalan, bir tadbirkor muayyan joydan koʻp qavatli uy qurishga ruxsat oldi, lekin oʻsha yerda yuzlab daraxtlar bor. Agar qonun mukammal boʻlmasa, tadbirkor oʻsha daraxtlarni osonlikcha kesib tashlab, uyini quraveradi. Chunki u bu yerdan oladigan daromadi daraxtlarni kesgani uchun toʻlaydigan jarimalardan ancha koʻpligini yaxshi biladi.
Shu oʻrinda ayrim xorijiy davlatlarda ekologiyaga zarar yetkazish qanchaga tushishiga bir qur nazar tashlasak. Eng qattiq ekologik qonunchilik Germaniyada amal qiladi. Qasddan sodir etilgan jinoyatlar – besh yilgacha, oʻta ogʻir qilmishlar uchun – oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Mabodo ehtiyotsizlik orqasidan ekologiyaga zarar yetkazib qoʻysangiz, uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishingiz mumkin. Belgiyada esa yerga tashlangan har qanday chiqindi uchun 50 yevro, axlatdon yoniga tashlangan chiqindi uchun esa 150 yevro toʻlashingiz kerak boʻladi. Buyuk Britaniyada bunday qonunbuzarlik uchun 100, ifloslanishni nazorat qilish qonunini buzganlik uchun esa 400 funt sterlinggacha jarima solinadi.
Fransiyada 2008-yilda atrof-muhitga zarar yetkazuvchi transport vositalari egalari uchun jarimalar tizimi joriy etilgan. Har bir kilometr harakatda atmosferaga 160 g dan ortiq karbonat angidrid chiqaradigan yangi avtomobil sotib olgan avtoulov egasi 2600 yevrogacha jarima toʻlashi kerak. Elektr transport vositalarining egalari «super bonus» – 5000 yevro olish huquqiga ega. AQShda suv, havo sifati va chiqindilar toʻgʻrisidagi qonunlarni qasddan buzish 25 ming dollargacha jarima yoki 1 yilgacha qamoq jazosiga olib kelishi mumkin. Agar qoidabuzarlik takror sodir etilsa, jarima miqdori 50 ming dollargacha, qamoq muddati esa 2 yilgacha koʻtariladi.
Yurtimizda esa tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlar «Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida»gi qonun, shuningdek, boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning qator moddalarida atrof-muhitga zarar yetkazish bilan bogʻliq gʻayriqonuniy huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik choralari belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, amaldagi Jinoyat kodeksining toʻrtinchi boʻlimi «Ekologiya sohasidagi jinoyatlar»ni, XIV bobi esa «Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi jinoyatlar»ni oʻziga jamlagan.
Qonun talabiga koʻra, atrof-tabiiy muhitga zarar yetkazgan korxona, tashkilot va muassasalar, shuningdek, shaxslar yetkazilgan zararni, shu jumladan, boy berilgan foyda oʻrnini qoplashi shart. Bu borada Ichki ishlar vazirligi tomonidan qilinayotgan ishlarni ham aytib oʻtish joiz. Joylarda tegishli mutasaddi idoralar vakillari bilan hamkorlikda ishlaydigan «ekologik politsiya» atamasi vujudga keldi. Profilaktika inspektorlariga oʻz hududida atrof-muhitga zarar yetkazish bilan bogʻliq holatlarga bayonnoma rasmiylashtirish vakolati berildi.
Xulosa qilib aytganda, muqaddas tuproq, toza havo, zilol suv, oʻz nurini saxiylik ila sochayotgan quyosh – barcha-barchasi tabiatning betakror moʻjizasi. Ularni oʻz holicha saqlab, kelajak avlodga yetkazish siz-u bizga bogʻliq. Buning uchun esa yuqorida taʼkidlanganidek, har birimiz ona yerimizni, tabiatni ardoqlashimiz, ekologik madaniyatli boʻlishimiz talab qilinadi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, «Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashlari uchun biz tabiatga mehr va eʼtibor berishimiz, u bilan uygʻun boʻlib yashashimiz kerak. Bu nima degani? Bu – tabiatni toza-ozoda tutish, yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash, daraxt ekib, bogʻ yaratish degani. Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur».
Foziljon MAMASHARIPOV,
«Postda» muxbiri.
