Aytishlaricha, moʻtabar bir odamning majlisida bir olim, fozil kishini koʻp taʼrif va tavsif qildilar, moʻtabar odam u olimni koʻrib suhbatidan foydalanishni orzu qilib, uni shu majlisga daʼvat qilish uchun oʻz qarindoshini yubordi. Olim majlisga kelgach, salom berib hamma bilan koʻrishdi. Keyin moʻtabar odamga taʼzim qilib:

- Majlisingizga daʼvat qilganingiz uchun tashakkur etaman, ming yil rohat va farogʻatda umr kechiring,— dedi.

Moʻtabar odam olimning soʻziga taajjub qilib aytdi:

- Majlisimizda hali oʻtirmay turib, mumkin boʻlmagan soʻzni ogʻzingizdan chiqardingiz, bir odamning ming yil umr koʻrishiga aql bovar qiladimi?! Bunday soʻzni aytish sizdek olim va fozil kishiga munosibmikan?

- Insonning tirikligi faqat jismning boqiyligi bilangina emas. Odam ming yil umr koʻrmasligini hamma biladi. Lekin oʻlgandan keyin qolgan yaxshi nom yana boʻlak umrdir. Sizning olijanob, marhamatli, shafqatli odam ekanligingizni xalq unutmay, nomingizni doimo hurmat bilan yod etib turadi. Vafotingizdan keyin ham qilgan yaxshiligingizni xalq unutmaydi, nomingizni koʻnglida abadiy saqlaydi, degan maʼnoda «ming yil umr koʻring», - dedim, - deb javob berdi olim.