Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda ham inson kapitaliga, taʼlimga qaratilayotgan eʼtibor ilk natijalarini koʻrsata boshladi. Birgina misol, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga oshdi. Oliy taʼlimda esa qamrov 9 foizdan qariyb 40 foizga yetyapti.
Mutaxassislarning fikricha, taʼlimga kiritilgan investitsiya birdaniga samara bermaydi. Kamida 5–10 yil kutish lozim. Bu borada tahliliy maʼlumotlarga tayanilsa, shubhasiz, maqsadga muvofiq boʻladi. Yaʼni bugun Oʻzbekistonning rivojlanganlik darajasiga qarab taʼlimning qaysi boʻgʻiniga sarmoya yoʻnaltirilishi lozimligi aniqlashtirilsa, mablagʻ samarali sarflanadi.
Maʼlumki, maktabgacha hamda maktab taʼlimi tizimini izchil rivojlantirish maqsadida, maʼmuriy islohotlar doirasida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tashkil etildi. Ayni damda tizimni tarkibiy maqbullashtirish, zamonaviy dasturlarni joriy qilish, xodimlarni ragʻbatlantirishni keskin oshirish choralari koʻrilmoqda. Jumladan, boshlangʻich sinflarda xorijiy tajriba asosida yangi oʻquv dasturi joriy qilinishi kutilmoqda. Yuqori sinflarda oʻqitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga kamaytirilib, dasturlarning fanlararo va sinflararo integratsiyasi taʼminlanadi. Yuqori sinfdagilarga fanlar borasida tanlov tatbiq etiladi. Yangi oʻquv yilidan informatika fani birinchi sinfdan oʻrgatiladi. Maktablardagi eng dolzarb muammolardan biri oʻtiladigan mavzularning 70 foizi kundalik hayot bilan bogʻlanmaganligi edi. Endi fanlarning amaliy mashgʻulotlar ulushi 40 foizdan 60 foizgacha oshiriladi.
Yana bir muhim faktga eʼtibor qaratsak, endilikda xususiy maktablarni tashkil qilishda qoʻyilgan talablar yengillashtirilishi kutilmoqda. Bunday qulay muhit paydo boʻlsa, tadbirkorlar pul tikib, kuchli mutaxassislarni yollab, xususiy maktablarni ochishiga imkoniyat kengayadi. Bundan biznesmenlar ham, Oʻzbekiston kelajagi boʻlmish yoshlar ham yutadi. Eng eʼtiborlisi, bu mamlakat rivoji, ertasi uchun juda ahamiyatlidir.
Bitiruvchilarning bilim samaradorligi oʻtgan yilga nisbatan yaxshilangan. Statistika ijobiy tomonga yaxshilanganidan sezish mumkinki, kiritilayotgan sarmoyalar, moliyaviy tomondan berilayotgan eʼtibor oz boʻlsa-da, sezilmoqda. Oʻsish bor. Tizimdagilar ishlashni eplolmayapti deb ham ayta olmaymiz. Biroq hali anchayin jiddiy ishlar qilinishi zarur.
Taʼlim-tarbiya tizimi haqida gapirganda, Abdulla Avloniy bobomizning dono fikrlarini takror va takror aytishga toʻgʻri keladi: taʼlim-tarbiya biz uchun hayot-mamot masalasidir. Biz yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib ijobiy oʻzgarishlarga, farovon hayotga erisha olmaymiz. Bunday kadrlarni, millatning sogʻlom genofondini tayyorlashda, avvalo, maktabgacha taʼlim tizimining oʻrni beqiyos. Shuning uchun ham ushbu tizimni qayta koʻrib chiqish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Sohani takomillashtirish sari ilk qadamlar tashlanmoqda. Xususan, bogʻchalarga malakali tarbiyachilarni jalb qilish uchun 2024-yil 1-iyundan ularning ish haqi stavkalari maktab oʻqituvchilarinikiga tenglashtiriladi hamda soha rivoji uchun yoʻnaltiriladigan sarmoya keskin oshiriladi.
Maʼlumot oʻrnida: bugungi kunda mamlakatimizda 30 mingga yaqin maktabgacha taʼlim tashkilotida 2 milliondan ziyod oʻgʻil-qiz tarbiyalanmoqda. Soʻnggi besh yilda 422 ta davlat bogʻchasi qurilishi hamda 21 mingdan ortiq nodavlat muassasa ochilishi hisobiga 1 million 200 ming oʻrin yaratilgan. Joylarda oʻtkazilgan ochiq muloqotlarda aholi bogʻchalarni yanada koʻpaytirish istagini bildirgan. Shunga asosan, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan maktabgacha taʼlim jarayonini yangi tartibda tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, joriy yilda shaxsan davlatimiz rahbarining oʻzi mutasaddilarga maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish boʻyicha besh yillik dastur ishlab chiqish vazifasini qoʻydi.
Xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar koʻlamini kengaytirish va boshqa budjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga oliy taʼlim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlari tashkil etilmoqda. Ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qiluvchi, prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqish jarayonlari ketmoqda.
Prezidentning 2022-yil 18-iyuldagi tegishli qaroriga koʻra, toʻlov-kontraktda oʻqiyotgan xotin-qizlarga foizsiz taʼlim krediti berish tizimi joriy etildi. Bu ham katta sarmoya, imkoniyat deyish mumkin. Shu orqali OTMlarga xotin-qizlarning koʻproq jalb qilinishiga erishiladi. Yaʼni, ular faqat uy-roʻzgʻor ishlari hamda bola tarbiyasigina oʻzlarining vazifasi deyishdan yiroqlashadi, kerak boʻlsa rahbar, yetakchi ayol boʻlishga intiladi. Shu orqali ziyoli insonlar koʻpayadi. Bundan butun mamlakat yutadi.
Unutmaylikki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Sohaga qancha koʻp investitsiyalar jalb qilinib, eʼtibor kuchaytirilaversa, bu, albatta, oʻz natijasini bermasdan qolmaydi.
Abror POYONOV,
oʻz muxbirimiz.
