Taraqqiyot strategiyasining birinchi yoʻnalishiga muvofiq, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar yangi pogʻonaga koʻtariladi. Jumladan, «Yangi Oʻzbekiston – xalqchil va insonparvar davlat» gʻoyasini amalga oshirish maqsadida mahalliy boshqaruv organlarining joylarda muammolarni hal etishdagi roli va masʼuliyati yanada kuchaytiriladi. Davlat funksiyalarining katta qismi markazdan bosqichma-bosqich hududlarga oʻtkaziladi. Mahalla tizimini hokimliklar bilan bogʻlash, ularning moliyaviy imkoniyatini kengaytirish, markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali fuqarolarga xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimi yaratiladi.

Oliy Majlis faoliyati yanada takomillashib, parlament tomonidan murojaatlar bilan ishlash holati nazoratga olinadi. Eng muhimi, fuqarolik jamiyati institutlari­ning erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun sharoitlar yaratiladi. Jamoatchilik nazorati, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etishda ularning ishtiroki kuchaytiriladi. Soʻz va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, oʻz fikrini erkin bildirish huquqini taʼminlash muhim vazifa hisoblanadi. Shuning uchun mansabdor shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim boʻladi.

Ikkinchi yoʻnalish adolat va qonun ustuvorligi xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini taʼminlashning eng asosiy va zarur sharti ekanligini nazarda tutadi. Bu esa, oʻz navbatida, odil sudlov tizimining chinakam mustaqilligi va ochiqligiga eri­shish, huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish, advokatura institutini kuchaytirishni taqozo etadi. Xususan, maʼmuriy sudlar faoliyatini xalqaro andozalar asosida takomillashtirish muhim vazifa sifatida qayd etilgan.

Uchinchi yoʻnalish milliy iqtisodiyotni zamon talablari darajasida rivojlantirishni koʻzda tutadi. Buning uchun mamlakatdagi mavjud resurs va imkoniyatlar safarbar etiladi. Pirovard natijada aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan YAIM hajmi ortadi. Xususiy sektor ragʻbatlantiriladi, toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etiladi. «Xomashyodan – tayyor mahsulotgacha» tamoyili asosida drayver sohalarda klaster tizimi rivojlantiriladi. Makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va inflyatsiya darajasini belgilangan 5 foizgacha pasaytirish, budjet va tashqi qarz barqarorligini taʼminlash, mahalliy budjetlar­ning imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Aholining bandligini taʼminlash, yoshlar va ishsiz fuqarolarni davlat hisobidan mala­kali kasb-hunarga oʻqitish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlanti­rish, ehtiyojmand aholini manzilli qoʻllab-quvvatlash orqali 2026-yilgacha kambagʻallikni ikki barobar qisqartirish ilgari surilgan hayotbaxsh gʻoyalardan yana biridir. Hududlarda 1 milliondan ortiq aholi uchun barcha qulaylik va ijtimoiy infratuzilmaga ega boʻlgan «Yangi Oʻzbekiston» massivlari barpo qilinadi. «Obod mahalla», «Obod qishloq» dasturlari izchil davom ettiriladi. Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, zamonaviy yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish, jamoat transporti hamda hududlararo muntazam avtomobil, temiryoʻl va havo qatnovini yaxshilash boʻyicha yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Korrupsiyaga qarshi muro­sasiz kurash davom ettirilib, aybdorlarni javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv choralarni koʻrishni ham oʻz ichi­ga oladi. Aholi­ning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qabul qilinayotgan qonun va qaror­larning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazib, fuqarolar oʻrtasida qonunga hurmat va amal qilish hissini shakllanti­rish ana shu choralar sirasiga kiradi.­

Toʻrtinchi yoʻnalishda sifatli taʼlim-tarbiya masalasi ado­latli ijtimoiy siyosat yuritish va inson kapitalini rivojlanti­rishning eng muhim omili sifatida belgilangan. Oʻqituvchilar mehnatini munosib ragʻbatlantirish, 2025-yilga borib, oliy toifali oʻqituvchilarning oylik maoshini ekvivalent hisobida 1 ming AQSH dollariga yetkazish ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratilayotganining yaqqol isbotidir. Shuningdek, bogʻcha tizimini maktab taʼlimi bilan uygʻunlashtirish orqali bolalarni maktabga tayyorlash sifati yanada yaxshilanadi. Hududlarda MTTlari barpo etiladi. Milliy taʼlim dasturi ishlab chiqilib, maktabgacha taʼlimdagi qamrov darajasi hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga, oliy taʼlim tizimida esa 50 foizga yetkaziladi.

Beshinchi yoʻnalish boʻyicha maʼnaviy va maʼrifiy sohalarda kechayotgan islohotlar sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtariladi. «Yangi Oʻzbekiston − maʼrifatli jamiyat» konsepsiyasi amalga oshiriladi. Milliy qadriyatlar yanada rivojlantiriladi. Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi oʻrni va nufuzi oshiriladi. Madaniyat va sanʼatni yuksaltirish choralari koʻriladi. Muqaddas islom dinining insonparvarlik gʻoyalari targʻib etilib, «Jaho­latga qarshi − maʼrifat» tamoyili asosida unib-oʻsib kelayotgan yoshlarni sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalash diqqat markazida boʻladi. Turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasidagi tinchlik va barqarorlik, oʻzaro hurmat va hamjihatlik yanada mustahkamlanadi. Davlat siyosatida barcha millat va elat vakillarining milliy oʻzli­gini, ona tili va madaniyatini, dini, urf-odat va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beriladi.

Mazkur yoʻnalishdan aholi salomatligini taʼminlash soha­sini yanada takomillashtirish, maqsadli jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror topti­rish, Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish uchun sport maktablarini koʻpaytirish va yangi sport obyektlarini barpo etish, Olimpiya oʻyinlariga kiritilgan har bir sport turini rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha kompleks dasturlarni amalga oshi­rish kabi koʻplab vazifalar oʻrin olgan. Keksa avlod vakillariga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, ularni har tomonlama eʼzozlash, mehnat faxriylarining hayotini mazmunli va fayzli qilish, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratish ham davlatning diqqat markazida boʻladi. Nogironligi boʻlgan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, jahon tajribasidan kelib chiqib, ularni kafolatli ish oʻrni va daromad manbai bilan taʼminlash uchun aniq kvotalar belgilash boʻyicha amaldagi qonunchilikka tegishli oʻzgarti­rishlar kiritiladi.

Ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularga taʼlim-tarbiya berish, kasb-hunarga oʻqitish va turar joy bilan taʼminlash choralari koʻriladi.

Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ayollar bandligini taʼminlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi oʻrni va nufuzini yanada oshirish, ularning oʻz salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Milliy dastur qabul qilinadi. Shuningdek, qizlarni sogʻlom va yetuk etib tarbiyalash, ularning qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqa­rish yanayam dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Oltinchi yoʻnalish iqlim oʻzgarishlari, ekologik muam­molar, radikalizm, ekstremizm va terrorizm, odam savdosi, narkotrafik kabi umumbashariy muammolarga yechim topish yuzasidan dolzarb vazifalarni oʻz ichiga olgan. Orol boʻyini ekologik innovatsiya­lar va texnologiyalar hududi sifatida eʼlon qilish boʻyicha BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasini hayotga tatbiq etishga doir tizimli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqishni jadallashtirish shular jumlasidandir. Shu­ningdek, «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi konferensiyada qabul qilingan qaror va hujjatlarning izchil bajarilishi uchun xalqaro hamkorlar bilan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish moʻljallanyapti.

Mamlakatimizda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashning 

ishonchli kafolati boʻlgan Qurolli Kuchlarimiz qudratini yanada oshirish yettinchi yoʻnalishning ustuvor maqsadi qilib belgilangan. Bu esa Vatan himoyachilarining jangovar shayligi, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini kuchaytirish, harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini, ular­ning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash, moddiy taʼminotini yanada yaxshilash, uy-joy bilan taʼminlash, farzandlarining zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻrishni nazarda tutadi.

Pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya borasidagi munosabatlar yanada rivojlantiriladi. Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari kuchaytiriladi. Yaqin qoʻshnimiz boʻlgan Afgʻonistonda tinch va osoyishta hayotni tiklashga koʻmaklashi­ladi. Bu mamlakatda iqtisodiy va gumanitar inqirozga yoʻl qoʻymaslik uchun afgʻon xalqiga yordam koʻrsatiladi. Afgʻoniston bilan birgalikda yirik transport-kommunikatsiya loyihalari amalga oshiriladi. Dunyoning barcha mintaqalaridagi sheriklar bilan oʻzaro manfaatli va koʻp­qirrali aloqalar kengaytiriladi. BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Parlamentlararo ittifoq, xalqaro moliyaviy institutlar va mintaqaviy tashkilotlar bilan koʻp tomonlama munosabatlar yangi, amaliy maʼno-mazmun bilan boyitiladi.