Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Qariyb uch ming yillik tarixga ega eng qadimiy sanʼat turlaridan biri boʻlgan teatr asrlar osha ibrat maskani sifatida yashab kelmoqda. Uning insoniyat tarixida tutgan oʻrni beqiyos. Teatr koʻplab sanʼat turlari, jumladan, musiqa, raqs, tasviriy sanʼat, meʼmorchilik kabilarni oʻzida mujassam etgan sintetik sanʼat turi sanaladi.
Oʻzbek teatr sanʼati XX asr boshida vujudga kelgan, deya taʼkidlansa-da, aslida uning ildizlari uzoq oʻtmishga – xalq anʼanaviy teatrlariga borib taqalishi teatrshunos olimlarimiz tomonidan isbotlangan haqiqatdir. Qadim-qadimdan ajdodlarimiz sanʼatga oshufta boʻlgan va barcha marosimu tadbirlar xalq tomoshalarisiz oʻtmagan.
XX asr boshlarida jadidlarning saʼy-harakatlari bilan Yevropa tipidagi teatr oʻlkamiz hududida oʻz faoliyatini boshlagan. Jadidlar rus, tatar va ozarboyjon teatr truppalarining ijodiy faoliyatini kuzatib, oʻrganib va tahlil etib, oʻzbek teatr sanʼatining tamal toshini qoʻyishdi. Oʻz davrining ilgʻor shaxslari sifatida jadidlar teatr sanʼatining inson ongiga taʼsiri nihoyatda kuchli ekanligini, sahnadagi jonli ijro odamlar ongiga yashin tezligida yetib borishi va bu katta vizual kuch ekanligini juda yaxshi anglashgan. Teatr orqali xalq maʼnaviyatining yuksalishiga, ilmga boʻlgan qarashlar ijobiy tomonga oʻzgarishiga qattiq ishonishgan. Milliy dramaturgik asar yaratish zaruriyati tugʻilganini anglagan Behbudiy «Padarkush» nomli birinchi oʻzbek dramasini yozadi. Shu tariqa, oʻzbek dramaturgiyasi shakllanishi uchun ilk qadam tashlanadi. Abdulla Avloniy boshchiligidagi «Turon» teatr truppasining mamlakat boʻylab olib borgan faoliyati asta-sekin professional teatr sanʼati shakllanishiga asos boʻldi.
Jadidlar teatr sanʼati uchun qoʻllaridan kelgan barcha vazifani amalga oshirdi: dramaturg, rejissyor va aktyor sifatida ham oʻzlari faoliyat yuritib, teatr tomoshalaridan tushgan mablagʻni maktablar uchun sarflashdi. Shu tariqa, oʻzbek teatr sanʼatining yuzaga kelishi ezgu niyat bilan boshlandi va chin maʼnoda xalq ilmu maʼrifati uchun xizmat qildi.
Maʼrifatparvarlar teatr sanʼatini nazariy jihatdan tadqiq etish uchun ham ilk qadamlarni tashladi. Turon oʻlkasi jadidlarining otasi sanalmish Mahmudxoʻja Behbudiyning 1914 yil «Oyna» jurnalining 29-sonida nashr etilgan «Teyotr nadur?» maqolasida teatr sanʼatining inson maʼnaviyati va kamolotida tutgan oʻrni izchil yoritilgan. «Teyotr nimadur? Javobigʻa teyotr ibratnomadur, teyotr vaʼzxonadur, teyotr taʼzir adabidir. Teyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda koʻzliklar koʻrub kar-quloqsizlar eshitib, asarlanur. Xulosa: teyotr vaʼz va tanbih etguvchi hamda zararlik odat, urf va taomilni, qabih va zararini ayonan koʻrsatguvchidur. Hech kimni rioya qilmasdan toʻgʻri soʻylaguvchi va ochiq haqiqatni bildurguvchidir», – deya teatr sanʼatiga mukammal taʼrif beradi. Ushbu fikrlar bugun ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan.
Behbudiyning «Padarkush» dramasi sahna yuzini koʻrganida, tomosha zali toʻlib, tomoshabinlar chipta pulini toʻlab tik turib tomosha qilishga ham rozi boʻlganlari manbalarda qayd etilgan. Faqat mehnat bilan katta boʻlgan xalqni ilmli qilish uchun eng yaxshi yoʻl ularga hozirgi holatlari haqida koʻzgu tutish edi. Bu vazifani teatr sanʼati ado eta olardi. Matbuot nashrlarida «Padarkush»ga «kuldirguchi ham yigʻlatguchi nosih va nofeʼ asardur», deya taʼrif berilgan.
Teatrning hayotiy misollar, jonli ijro orqali kishi ongiga kirib borishi bugungi kunda ham oʻz tasdigʻini topmoqda. Mamlakat taraqqiyoti uchun unda yashovchi aholining ilmu maʼnaviyati yuksak darajada boʻlishi darkorligi hech kimga sir emas. Teatr sahnasi inson yashab turgan muhit, jamiyat va insonlardagi kamchiliklarni ochib berishda eng samarali vositadir. Bugungi kunda yurtimizda teatr sanʼatiga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Har yili 27 martda Xalqaro teatr kuni keng nishonlanib, shu munosabat bilan teatr haftaligi oʻtkazilmoqda. Soʻnggi yillarda haftalik doirasida namoyish etiladigan spektakllarga tashrif buyuruvchilar soni keskin ortgani quvonarli holat.
Bundan tashqari, barcha oliy oʻquv yurtlarida havaskorlik teatr jamoalari, oʻrta taʼlim maktablarida esa teatr toʻgaraklari faoliyat yuritayotganini alohida eʼtirof etish zarur. Ushbu taʼlim muassasalari bilan respublika teatrlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalari oʻrnatilib, yoshlarning teatrlarga tashrif buyurishlari taʼminlanayotgani tahsinga sazovor. Bu saʼy-harakatlarning bari yosh avlodning sanʼat mohiyatini tushunib va his qilib ulgʻayishiga, kamol topishiga xizmat qiladi.
Teatr bir maktab sanaladiki, unda insoniyat muammolariga yechim bor. Bugun oʻzbek teatrida yangidan-yangi yoʻnalishlar vujudga kelib, tobora taraqqiy etib bormoqda. Teatrlarimizda jahon klassik asarlaridan tortib, zamondosh dramaturglarning ijod namunalari ham sahnalashtirib borilmoqda. Tomoshabinlarning teatrda namoyish etilayotgan spektakllar haqidagi iliq fikrlari ortib borishda davom etyapti.
Teatrga deyarli hamma tomoshabin koʻngilochar maskan sifatida tashrif buyuradi. Spektakl namoyishi vaqtida esa oʻzi sezmagan holda voqealar rivojidan taʼsirlanadi, qahramonlarning xatolaridan xulosa chiqaradi va ijobiy qahramonlardan ibrat oladi. Teatrning asl kuchi tomoshabinni katarsis holatiga olib kelganida koʻrinadi.
Teatrga lugʻaviy maʼnosidan kelib chiqib, faqatgina tomoshagoh, deya baho bermaslik lozim. U Behbudiy aytganidek, ibratxonadir. Teatr sanʼati barcha yoshdagi tomoshabinlarning talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda faoliyat yuritadi. Masalan, kichik yoshdagi tomoshabinlar uchun qoʻgʻirchoq teatri, ular biroz ulgʻaygach, yosh tomoshabinlar teatri spektakllarini tomosha qilish maqsadga muvofiqdir. Sababi, har bir teatr oʻz vazifasi, tomoshabinlar yosh chegarasiga ega boʻlib, bu har birining oʻz maqsadidan ogʻishmay, vazifasini toʻla ado etishiga xizmat qiladi.
Yoshlar maʼnaviyatini rivojlantirish hozirda hukumatimizning eng muhim vazifalaridan biridir. Teatr sanʼatining bu boradagi beqiyos hissasini inobatga olgan holda, davlat tasarrufidagi, shuningdek, xususiy teatrlarning rivoji uchun sharoit yaratish, qolaversa, teatr ijodkorlarining mehnatini taqdirlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimizning «Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoniga koʻra, Madaniyat vazirligi tomonidan xarid qilingan, ommaviy ijroga moʻljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlarni 2020 yil 10 sentabrdan boshlab xususiy teatrlarda ham sahnalashtirish va ijro etishga ruxsat etildi. Bunda, xususiy teatrlarda sahnalashtirilgan hamda ijro etilgan asarlar uchun mualliflik haqi toʻlash Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasiga har yili Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar va ushbu jamgʻarmaning boshqa daromadlari doirasida amalga oshirilishi belgilandi. Bu xususiy teatrlar faoliyati rivojlanishi hamda sahna asarlarining yanada koʻproq yaratilishi va tomoshabinlarga taqdim etilishi uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Boy tarixi, oʻzbek milliy qoʻgʻirchoq teatri maktabining shakllanishi va rivojidagi beqiyos hissasini inobatga olgan holda, Respublika qoʻgʻirchoq teatriga Oʻzbek milliy qoʻgʻirchoq teatri nomi berilishida hamda Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qoʻgʻirchoq teatrlarini tashkil etish masalasi farmon loyihasiga kiritilishida ham katta maʼno bor. Yosh avlodning eng birinchi maʼnaviyat maskani bu, albatta, qoʻgʻirchoq teatridir. Ularning sonini oshirish orqali yosh tomoshabinlarning teatr sanʼatidan bahramand boʻlishlarini taʼmin etish mumkin.
Bugungi kunda respublika teatrlari repertuari nihoyatda boy boʻlib, har bir tomoshabin uchun mos sahna asari, albatta, topiladi. Teatr sanʼati ibrat maskani sifatidagi vazifasidan bir zum ham ogʻishmay, insoniyatning bor muammolari, ularning yuzaga kelish sabablariyu yechimini oʻz qamroviga olib ijod etmoqda. Teatrga tashrif buyurgan har bir tomoshabin, albatta, hayotda toʻgʻri yashash, notoʻgʻri yoʻldan qaytishda oʻzi uchun kerakli xulosa chiqaradi. Yoshlarning kichikligidan teatr sanʼatiga oshno boʻlib ulgʻayishi ularning barkamol, dunyoqarashi keng va ancha ilgʻor boʻlishlari uchun zamin hozirlaydi. Har birimiz teatrga tashrif buyurish orqali maʼnan yuksalishimizni unutmasligimiz lozim. Bu dargohda kechgan har bir lahza qalb va ong poklanishiga xizmat etadi. Zero, Behbudiy taʼkid etganidek, «teyotr bir navʼ maktab hukmindadur».
Mohinur AHMETJANOVA,
teatrshunos.
