Mahmud Qoshgʻariyning «Devonu lugʻotit turk» asarida «Erdam boshi tildir», yaʼni «Barcha fazilatlar, ezguliklar tildan boshlanadi» deyiladi. Buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy bobomiz esa «Koʻngil maxzanining qulfi til va ul maxzanning kalitin soʻz bil», deydilar. Yaʼni, inson qalbining xazinasi til, bu qalb xazinasining kaliti soʻzdir.

Suvsiz daryo, tilsiz millat boʻlmaydi

Oʻzbek tili dunyodagi qadimiy va boy tillar qatoriga kiradi. Chunki bu tilning soʻzlari shu qadar keng maʼnoliki, bitta maʼnoga ega boʻlgan tushunchani, bir necha soʻzlar orqali ifodalash mumkin. Masalan, birgina koʻz soʻzining bir necha maʼnolari bor. Bilamizki, bir tushunchaga tegishli soʻz, bir necha soʻzlar bilan ifodalansa, yaʼni sinonim soʻzlari qanchalik koʻp boʻlsa, ayni shu til boy til hisoblanadi.

Suvsiz daryo, tilsiz millat boʻlmaydi. Biror millatga mansub boʻlgan til, oʻsha millat bilan yashaydi va bardavom boʻladi. Ota-bobolarimiz qadimdan tilni asrab-avaylashgan, rivojlantirishgan. Shu sababli, ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyi­tishimiz va avlodlarga toʻliqligicha yetkazishimiz kerak. Darhaqiqat, tilsiz millat rivojlanmaydi, taraqqiy etmaydi.

Bu fikrlar tasdigʻini buyuk qirgʻiz adibi Chingiz Aytmatovning «Toki til mavjud ekan – xalqning umri boqiy­dir. Har bir til muayyan xalq uchun aziz hisoblanadi. Har birimiz bizni voyaga yetkazgan, bizga eng bebaho boyligini – tilini hadya etgan xalq oldida qarzdormiz: tilimiz­ning sofligi uchun, boyishi uchun jon kuydirsak, farzandlik burchini ado etgan boʻlamiz» fikrlarida koʻrish mumkin. 

Mana shunday ezgu maqsadlar roʻyobi uchun mamlakatimizda mustaqillikning ilk damlaridanoq «Davlat tili haqida»gi qonun, ke­yinchalik esa Prezidentimiz farmoni va qator qarorlar qabul qilindi. 

Bizga qonun nimaga kerak edi?

«Til haqidagi qonun bizga nima uchun kerak? Gʻururimizni namo­yish qilish uchunmi? Izzat-­nafsimizni qondirish uchunmi? Yoʻq. Bizga til haqidagi qonun oʻzligimizni saqlab qolish uchun, tilimizni yoʻqotib qoʻymaslik uchun, oʻzbek degan xalqning yoʻq boʻlib ketmasligi uchun kerak», deydi suyukli shoiri­miz Erkin Vohidov.  

Chunki til millatni dunyoga tani­tadigan maʼnaviy asos, uning muhim belgisi, uzviy va ajralmas bir boʻlagidir. Tillar – insoniyatning umumiy boyligi. Insonning tilini bilmasdan turib, u bilan fikrlashish imkonsiz. Boshqa bir xalqning madaniyatini anglash uchun ham oʻsha xalq tilini bilish talab etiladi. Xalqimiz buni loʻndagina qilib: «Til bilgan – el biladi», deb taʼriflaydi.  

Har bir millatni millat qilib tura­digan narsa bu til birligi. Buning uchun qachonki har bir oʻzbek, shu millatning barcha farzandi oʻz mulkini saqlagandek asrasagina kelajak avlod oʻzbek tilining merosxoʻri sifatida oʻzini namoyon qiladi. Shuning uchun qonun va qarorlar juda muhim ahamiyatga ega. Ular nafaqat huquqiy hujjat, balki eslatma, dastur, qoʻllanma vazifasini ham oʻtaydi.

Inson uchun uning Vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik 

qadrli boʻlsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas boʻladi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, «Bugungi kunda biz yangi Oʻzbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz».

Qudratimiz manbai qayerda?

Qudratimiz manbayi, avvalo adabiyotlarda, buyuk ajdodlarimiz yaratgan asarlarda yaqqol namo­yon, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Masalan, Navoiy bobomiz oʻz asarlarida «soʻz» istilohi rang-barangligi, mazmunan kengligi bilan alohida ajralib turadi. Bundan tashqari, Navoiy qayerda «soʻz» kalimasini ishlatarkan, u qaysi mazmunda kelishidan qatʼi nazar, adabiyot boʻladimi, oʻzaro muloqotlarda boʻlsin (nutq, notiqlik, til, soʻz va soʻzlash vositasi, axloq, kishilar orasidagi munosabat va boshq.) haqida ham fikr yuritadi. 

Kimki koʻngilni qattiq soʻz bilan jarohatlarkan, unga achchiq til zaharli nayzadek sanchiladi. Koʻngilda til nayzasining jarohati bitmas, u jarohatga hech narsa malhamlik qilmas. Agar bir koʻngilda til nayzasining jarohati bordir, faqat yaxshi soʻz va shirin til unga malham va rohatdir. Muloyim soʻz – vahshiylarni ulfatga aylantiradi, sehrgar – ohang bilan afsun oʻqib, ilonni inidan chiqaradi, deydi buyuk bobomiz.

Shuningdek, alloma shoir soʻzning ahamiyatiga va qoʻllani­lishiga alohida eʼtibor qaratishga undaydi. 

Boʻlmasa soʻz ajab 

balo boʻlgʻay,

Bulbuli nutq benavo boʻlgʻay.

Donai dur soʻzini afsona bil,

Soʻzni jahon bahrida 

durdona bil.

Ulugʻ mutafakkir oʻz zamondoshlarining har qanday badiiy asarini «soʻz» deb ataydi:

Soʻzingniki yaxshi 

koʻrarsan oʻzing,

Koʻrinmas yomon chun erur

 oʻz soʻzing.

Yoki:

Sen oʻzingni tonimas 

ermishsan,

Oʻz soʻzingni tonimas 

ermishsan.

Xalqimiz esa purmaʼno hikmatlar sohibi boʻlgan buyuk bobomizning sermaʼno soʻzlariga uyqash tarzda «Oʻzingga qarab kutarlar, soʻzingga qarab kuzatarlar» – degan maqolni aytishadi.

Xulosa oʻrnida aytmoqchi boʻlganimiz shuki, til masalasi mana shunday biz oʻylaganimizdan ham bir necha chandon dolzarb masaladir. Unga avar onalaridek yondashilmasa, odam emas, til oʻladi. Til oʻlsa, bilingki, millat yoʻqoladi.  

Shuhrat ROʻZIYEV, 

oʻz muxbirimiz.