Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

 

Oʻzbek tili kambagʻal emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar.

Abdulla QODIRIY.

 

Oltin sandigʻim

Har bir millatning tili uning bebaho qadriyati hisoblanadi. Bu jihatdan qaraganda, muayyan tilda soʻzlashadigan millat vakillarining soni u qadar muhim ahamiyat kasb etmaydi. Asosiy mezon tilning asrlar davomida sayqallanib, shakllangani, muayyan hududda yashaydigan aholiga muomala, muloqot vositasi sifatida xizmat qilgani bilan belgilanadi.

Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. Muta­xassislarning fikricha, jahon ahli bugungi kunda yetti mingdan ziyod tilda gaplashar ekan. Buni qarangki, ularning faqatgina 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Biror-bir tilning yashab qolishini taʼminlash uchun undan kamida bir million kishi faol foydalanishi kerak, deydi soha mutaxassislari.

Koʻz tegmasin, bugungi kunda Yer yuzida 50 millionga yaqin inson oʻzbek tilida soʻzlashadi. Bundan koʻrinib turibdiki, bebaho tilimiz dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotir. Oʻz navbatida «Davlat tili haqida»gi qonun ona tili­mizning bor goʻzalligi va jozibasini toʻla namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.

 

Vatan – bu...

Vatan nima? Koʻpchilik bu savolga «Vatan – bu mustaqillik, kindik qoni toʻkilgan zamin», – deya javob berishadi. Men esa «Vatan – bu mening ona tilim», deyman. Chunki yurtimiz hurligi yoʻlidagi harakat mustaqillikdan oldinroq boshlangan. 1989-yil 21-oktabrda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Mustaqillikning muhim shartlaridan biri ham shu edi. Keyinchalik bu Kons­titutsiyamizda ham mustahkamlab qoʻyildi.

Tan olish joizki, mamlakatimizda barcha sohalardagidek, davlat tilining oʻrni va nufuzini oshirish borasida ham tub islohotlar amalga oshirildi. Prezidentimiz oʻz maʼruzalarida «Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimizning qoidasiga aylantirishimiz lozim», deya alohida taʼkidlaganlar. Zero, davlat tilining taraqqiyoti, uning nufuzini oshirish, unga teran muhabbat va ehtirom tarbiyasi borasida ham tamomila yangi bosqich boshlandi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda ona tilimizga boʻlgan eʼtibor kundan-kunga ortib bormoqda. Davlatimiz rahbarining BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilk bor oʻzbek tilida nutq soʻzla­gani barcha yurtdoshlarimiz qalbiga cheksiz gʻurur, faxr bagʻishladi.

«Davlat tili haqida»gi qonun oʻzbek tilini ilmiy asosda rivoj­lantirish borasida keng imkoniyatlar yaratdi, uning qoʻllani­lish doirasini kengaytirdi. Mazkur qonun mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili maqomiga ega ekanligini belgilash bilan birga, boshqa tillarning kamsitilmasligini ham eʼtiborga oladi. Ushbu hujjat ona tilimizning mavqei oshi­shi va ravnaq topishi, yanada takomillashuvi uchun huquqiy asos boʻldi.

 

Maʼrifatparvar bobomiz aytganidek...

YUNESKO tomonidan eʼlon qi­lingan «Yoʻqolish arafasida turgan dunyo tillarining atlasi»da taʼkidlanishicha, Yevropadagi 50 ta, Tinch okeani hududidagi 2000 ta, Afrika qitʼasidagi 250 ta til halokat arafasida turibdi. Asr oxirida Yer yuzida mavjud boʻlgan tillarning yarmi yoʻq boʻlib ketishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Albatta, butun boshli tilning yoʻqolib ketishiga muayyan omillar sabab boʻladi. Masalan, buni globallashuv jarayonlari va urbanizatsiya hodisasining kucha­yishi bilan bogʻlashmoqda. Ularning safiga ilm-fan, texnika rivojini ham qoʻshish mumkin.

Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy: «Milliy tilni yoʻqotmak – millatning ruhini yoʻqotmak», deb bejiz aytmagan. Shu maʼnoda, mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan soʻng davlat tili barcha sohalarda faol ishlatila boshlandi, jiddiy va salmoqli ishlar davlat tili­da amalga oshirilmoqda. Avvalo, qonunlar oʻzbek tilida yaratiladigan, idoraviy hujjatlar ona tilimizda yuri­tiladagan boʻldi. Bu, albatta, milliy tilimizga nisbatan hurmat, millatimiz ruhini yanada baland maqomlarga koʻtarishdir.

Binobarin, millatimizning bebaho boyligi, hurligimiz timsollaridan biri boʻlgan davlat tilini buzib qoʻllashga, undagi iboralar maʼnosini anglamasdan notoʻgʻri ishlatishga hech kimning haqqi yoʻq. Til millatimiz faxri, jamiyatimiz koʻzgusi hisob­lanadi. Ayni chogʻda, til qalbimiz oynasi hamdir. Shunday ekan, ona tilimizga doimo eʼtiborli boʻlib, uning jamiyatimizdagi mavqeini yuksal­tirishga har birimiz oʻz hissamizni qoʻshaylik. Zero, til bor ekan, millat barhayot. Til bor ekan, yurtning istiqboli nurli va charogʻon boʻladi.

 

Davlat tilida ish yuritish

Har bir vazirlik va idorada davlat tilida ish yuritish masalalariga birinchi rahbarlarning shaxsan javobgar ekanligi qonun hujjatlarida aniq belgilandi. Ammo shunga qaramasdan, baʼzi hollarda ish jarayonlari rus tilida olib borilayotganligi ham achi­narli holdir. Yaqin-yaqingacha ichki ishlar organlarida ayrim hollarda hujjatlar rus tilidan toʻgʻridan-toʻgʻri koʻchirish oqibatida sana va yilni koʻrsatishda juzʼiy xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan. Masalan, «18-sentabr 2021-yil» tarzida yozilgan. Vaholanki, ona tilimizda «2021-yil 18-sentabr» tartibida yozilishi kerak. Shuningdek, ichki ishlar organlari tizimida hamon boshliqni «shef» yoki «oʻrtoq nachalnik», YPX inspektorini «komandir», «xoʻp boʻladi»ni «yest» tarzida ishlatishimiz achinarli holdir.

Yana bir muammo, xodimlar tomonidan hujjatlarni avval kirill alifbosida yozib, soʻng lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga kompyuter dasturlari orqali oʻgirish holatlari kuzatilmoqda. Nashri­yotlarda chop etilayotgan sara adabiyotlarning, davriy nashrlar­ning haligacha kirill alifbosida chop etilayotganligi oʻquvchining yangi alifboni oʻrganishga boʻlgan istagini ragʻbatlantirmayapti. Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosidagi tinish belgilari va imlo qoidalarining kirill alifbosi asosidagi qoidalardan farq qilishi tufayli, xodimlarda yetarlicha koʻnikma boʻlmaganligi sababli yozishmalarda aksariyat hollarda imloviy xatoliklar kuzatilmoqda.

Xoʻsh, bu kabi muammolarni hal etish uchun nima qilish kerak?

Birinchidan, axborot-resurs markazlaridagi adabiyotlarni bosqichma-bosqich lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosidagi variantlari bilan almashtirish.

Ikkinchidan, mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish yuzasidan tizimdagi xodimlardan diktant olinishi. Bu barcha darajadagi xodimlarning til bilish darajasini hamda yozish salohiyatini yanada rivojlanishi uchun xizmat qiladi;

Uchinchidan, ommaviy axborot vositalarida davlat tiliga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishda oʻz samarasini beradi.

Oʻzbek tili jahondagi eng boy va chuqur tarixiy ildizlarga ega boʻlgan tillardan biridir. Ona tilimiz buloqdek toza va musaffo, isteʼmolga doim yaroqli boʻlishi shart. Demak, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Bu barchamizning muqaddas burchimizdir.

 

Xurshid ROʻZIYEV,

podpolkovnik.