Insonga tilidan keladigan balolar juda koʻp. Binobarin, tilga erk berish yomon oqibatlarni keltirib chiqaradi. Masalan, yolgʻon va xatolik, gʻiybat va chaqimchilik, riyo va nifoq, ozor va xusumat kabi ofatlarning koʻpayishiga sabab boʻladi. “Kimki jim boʻldi – najot topdi”, deyiladi. Lekin tilni saqlayman, deb butunlay jim turish ham yaramaydi. Gapirish shart boʻlgan joyda gapirmaslikning zarari jim boʻlish lozim boʻlganda soʻz aytganning zararidan koʻproqdir.  

Ahamiyatsiz soʻzlar bilan vaqt oʻtkazishning sabablari quyidagilar: kerak boʻlmaganda narsani tekshirish, biror kishiga doʻstlik izhor qilish niyatida soʻz topishga kirishish, vaqt oʻtkazish va shunga oʻxshash samarasiz narsalar. Koʻpincha turli ziyofatlar, gaplar shu uchinchi toifaga mansub boʻladi. Mana shu ofatlardan saqlanish uchun turli tuzsiz ziyofatlarga bormagan kishilarni “chaqirsa kelmaydi, odamlarni mensimaydi”, deb ayblash ham yaxshi emas, albatta. Tilni ofatdan saqlashning eng yaxshi yoʻli maʼnisiz odamlardan uzoqlashuv va mujmal kishilarga aralashmaslikdir. Ana shundagina tildan ofat koʻrilmaydi. 

Mirzoqul AHADOV tayyorladi.