«Urush» juda qaqshatqich, sovuq soʻz. Uning zamirida vayronkorlik, vahshiylik mujassam. Insoniyat yaralganidan buyon ne-ne urushlarga guvoh boʻlgan. Mislsiz yoʻqotishlar va ayriliq, xalq xotirasidan uzoq vaqtga oʻchmaydigan sovuq urushlardan biri 1941–1945-yillarda davom etib, unda 20 milliondan ortiq kishining yostigʻi quridi. 

Afsuski, Ikkinchi jahon urushida jafokash va fidoyi oʻzbek xalqi ham ne-ne qahramon, mard oʻgʻlonlaridan ayrildi. Urushga xalqimizning 1,5 milliondan ziyod oʻgʻlonlari safarbar etilgan boʻlsa, 263 000 dan ziyod askar halok boʻlgan, 

132 670 kishi bedarak ketdi. 60 452 nafari mayib-maj­ruh boʻldi. 10 mingdan ortiq oʻzbekis­tonlik jangchilar asirga tushgan. Bu – frontga safarbar qilingan yurtdosh­larimizning har uch nafaridan biri uyiga qaytmaganini bildiradi. 

Statistik maʼlumotlarga koʻra, Ikkinchi jahon urushi davrida mamlakatimiz mudofaaning moddiy ehtiyojini taʼminlashda bor kuchini ayamay sarflagan. Chunonchi, urush yillarida aholi tomonidan mudofaa jamgʻarmasiga 649,9 mln. soʻm naqd pul, 4 mlrd. 226 mln. soʻm zayom puli, 52,9 kilo oltin va kumush yigʻildi. 

Armiya uchun millionlab gimnastyorka, paxtali kombinezon, etik va qoʻnjli botinka yuborilgan. Yengil sanoat vazirligi korxonalari tomonidan frontga millionlab metr gazlama, tonnalab gʻalla, kartoshka va sabzavot, poliz mahsulotlari, quruq va hoʻl mevalar joʻnatishgan. Urush yillarida respublikada 280 ta yangi korxona barpo etilgan. 

Urush dahshatlari ogʻriqlari necha-necha xonadonlarga gʻam va alam olib kelganini oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik. Otasini yoʻqotgan farzandlar, bolasidan ayrilgan onalar, aka-ukasidan ayrilgan insonlarning qalb iztiroblari naqadar ogʻir boʻlganiga guvohmiz. Bugungi dorilamon kunlar ota-bobolarimizning mardonavor kurashlari, qonli janglarda aziz jonlari qurbon boʻlgani evaziga qoʻlga kiritilganini anglashimiz shart.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari safimizda juda oz qolyapti, ularga koʻrsatilayotgan ehtirom va hurmat koʻlami davlatimiz rahbari boshchiligida yildan-yilga kengayib borayotgani qalbimizni faxr-iftixor tuygʻusiga toʻldiradi. Inson xotirasi aziz, qadr-qimmati esa muqaddas ekani yoshlarimizga ibrat vazifasini oʻtaydi. Kelajak avlod esa ana shunday qadriyatlarimizni asrab-avaylashni bugundan oʻrganadi. Shuning uchun ham yoshlarimizni milliy va insoniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalayotganimiz koʻngilga taskin beradi.

Bugun insoniyat oldida oʻtmishdagi urushdan ham koʻra xavfliroq muammolar koʻndalang turganini his qilishimiz ham darkor. Axborot asrida siyosiy va mafkuraviy axborotlar urushi yoshlar ongini zaharlamoqda. Yot gʻoyalar taʼsiri, bir toʻda qora kuchlarning hokimiyat uchun kurashlari qurboni boʻlmasligimiz ham kerakki, buni yengish uchun ilm-maʼrifat bilan qurollanishimiz shart. Ana shundagina biz oʻz oldimizga qoʻygan maqsadlarimizga erisha olamiz. 

Ruzmat DADAJANOV, 

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti.